Jahon | 21:50 / 17.11.2017
9890
3 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev prezidentlikdagi ilk safarini Rossiyada boshlab, ketishi oldidan ham Rossiyada yakunlamoqda

Foto: RIA Novosti

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Almazbek Atamboyevni Sankt-Peterburgdagi Strelna qarorgohida qabul qildi.

Rossiya va Qirg‘iziston so‘nggi yillarda nafaqat xavfsizlik sohasida, shuningdek gumanitar sohada ham hamjihatlikni yangi pog‘onaga ko‘tarishdi, deya Rossiya prezidentining uchrashuvdagi so‘zlarini keltirmoqda RIA Novosti.

O‘z hamkasbini qutlar ekan, Putin Atamboyevning prezident sifatida ilk xorijiy safari Rossiyaga bo‘lgani, ushbu lavozimdagi so‘nggi tashrifi ham Rossiyaga bo‘lganiga urg‘u berdi.

Qirg‘izistonning saylangan yangi prezidenti — Sooranbay Jeenbekovga vakolatlarni topshirish marosimi Bishkekda 24 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Putin Atamboyev ishlagan davrda ikki davlat aloqalarining sifati juz'iy tarzda o‘zgarganini qayd etib o‘tdi.

«Biz ikki tomonlama hamkorlik sohasida munosabatlarimizni iqtisodiyot, xavfsizlik sohalarida ham, shuningdek, gumanitar sohalarda ham olg‘a siljitishga muvaffaq bo‘ldi», dedi Putin.

U Rossiya bundan keyin ham RF va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi.

Almazbek Atamboyev ham ikki mamlakat munosabatlarining ayni damdagi darajasi saqlanib qolishidan umidvor ekanligini aytib o‘tdi.

«Men ushbu uchrashuvimizdan juda xursandman, Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasida o‘rnatilgan munosabatlar toabad, asrlar bo‘yi saqlanib qolishini istardim. Chunki bu narsalarni vayron qilish, sindirish, boshqa tomonga burishga urinishlar bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz. O‘tgan olti yil bu borada men uchun o‘ta murakkab yillar bo‘ldi», — dedi Atamboyev.

«Biz Xudoning marhamati bilan tiklagan birodarlik munosabatlari bundan buyog‘ig‘a faqat mustahkamlanishi uchun iltijo qilaman», — dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Ikki davlat uzoq yillardan buyon intensiv siyosiy muloqot olib bormoqda. Putin va Atamboyev 20 martadan ortiq uchrashishgan. Ushbu uchrashuv joriy yilning o‘zidagi oltinchisidir.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid