Sport | 09:39 / 17.11.2017
4096
2 daqiqa o‘qiladi

Tennischi Vinus Uilyams musobaqada bo‘lganda uning uyi tunab ketilgan

Amerikalik taniqli opa-singil tennischilar Uilyamslarning kattasi Vinusning uyidan 400 ming dollarlik pullar va zeb-ziynat o‘g‘irlab ketilgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi 37 yoshli sportchining uyi joylashgan Palm-Bich-Gardens (Florida shtati) politsiyasiga iqtibos keltirgan holda xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, o‘g‘irlik Vinus Nyu-Yorkda tennis bo‘yicha AQSh ochiq chempionatida ishtirok etayotganda 1 sentabrdan 5 sentabrgacha oraliqda sodir etilgan. Tennischi bu musobaqaning yarim finaligacha chiqa olgandi. 

Tennischining umumiy maydoni 1 ming kvadrat metrni tashkil qiluvchi uyi nufuzli va yaxshi qo‘riqlanuvchi Palm-Bich-Gardens tumanida joylashgan bo‘lib, qiymati 2,3 mln dollarni tashkil qiladi. Politsiya nimalar o‘g‘irlangani va ushbu ish bo‘yicha biror odam qo‘lga olingan-olinmagani bo‘yicha ma'lumot bermagan.

Vinus Uilyams “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi musobaqalarning 7 karra chempioni hisoblanadi. Jumladan bu chempionliklardan 5 tasi Uimbldonda qo‘lga kiritilgan. Vinus, shuningdek, juftlikda 6 marta Uimbldon,4 marta Avstraliya ochiq chempionati, ikki martadan Fransiya va AQSh ochiq chempionatlari g‘olibi bo‘lgan.

Vinus, shuningdek, singlisi Serena bilan juftlikda uch marta (2000, 2008, 2012) Olimpiya o‘yinlarini yutgan. Opa-singillar zamonaviy tennis tarixida ham yakka holda, ham juftlikda dunyoning birinchi raqamli tennischilari bo‘lgan yagona tennischilar hisoblanadilar. Serena yakka holda 179 hafta, Vinus esa 11 hafta, juftlikda esa 8 hafta dunyoning eng yaxshi tennischilari maqomini ushlab turganlar. Umuman olganda Vinus yakka holda Ayollar tennis uyushmasi (WTA)ning 49 ta musobaqasida zafar quchgan, singlisi bilan juftlikda esa WTA turnirlarining 22 karra chempioni hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid