Jahon | 11:55
1490
3 daqiqa o‘qiladi

Bild: Gelzenkirxendagi bankdan 100 mln yevrodan ortiq pul o‘marilgan

Germaniya tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik davomida Gelzenkirxendagi Sparkasse bankida jinoyatchilar 100 million yevrodan ortiq mablag‘ni o‘margan, deb yozmoqda Bild. Avvalroq zarar miqdori 10 milliondan 90 million yevrogacha deb baholangan edi.

Foto: AP

Germaniya tarixidagi eng yirik o‘g‘riliklardan biri hisoblangan Gelzenkirxendagi Sparkasse banki filialidagi holat paytida jinoyatchilar 100 million yevrodan ortiq mablag‘ni qo‘lga kiritgan. Bu haqda nemis tabloidi Bild juma kuni, 2 yanvarda yozdi. Avvalroq zarar miqdori 10 milliondan 90 million yevrogacha deb baholangan edi.

Bild qayd etishicha, bankdagi 3250 ta yacheykaning 90 foizi buzib ochilgan. Har bir yacheyka 10 300 yevrogacha miqdorda sug‘urtalangan.

Germaniyaning g‘arbida joylashgan Gelzenkirxen shahrida 29 dekabr kuni Sparkasse bankining bo‘limi o‘marilgan qilingan. Jinoyatchilar bank yacheykalari joylashgan xona bilan unga tutash avtoturargoh orasidagi beton devorni teshib, omborxonaga kirgan.

Bild gazetasiga ko‘ra, avval zarar taxminan 30 million yevro deb baholangan. Tergovchilarga tayangan dpa agentligi ham shunga yaqin raqamni keltirgan. Associated Press esa Gelzenkirxen politsiyasiga tayanilgan holda zarar 10 milliondan 90 million yevrogacha bo‘lishi mumkinligini yozgan. Biroq aniq hisoblash qiyin, chunki yacheykalarda saqlangan narsalar ko‘pincha sir bo‘ladi.

29 va 30 dekabr kunlari bank binosi oldiga norozi mijozlar to‘plangan. Ko‘pchiligi o‘z yo‘qotishlari sug‘urta qoplaydigan miqdordan ancha yuqori ekanini aytgan. Hozircha huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyatchilarni topa olmagan. 1 yanvarda dpa politsiya vakiliga tayanilgan holda tergovda “jiddiy birorta ham iz yo‘q”ligini xabar qilgan.

Germaniya g‘arbida, Bilefeld yaqinida joylashgan Galle shaharchasida ham Sparkasse bo‘limidagi to‘rtta bank seyfi buzib ochilgan. Qayd etilishicha, bu 30 dekabr kuni kunduzi — bank ochiq paytda sodir bo‘lgan. Politsiya gumonlanuvchi yoki gumonlanuvchilar seyflar joylashgan xonaga kuch ishlatmasdan kirgan, deb hisoblamoqda.

Bonnning markazidagi Sparkasse bo‘limidan esa 17 dekabr kuni, General-Anzeiger gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, qiymati taxminan 2,2 million yevro bo‘lgan 20 kilogramm oltin o‘g‘irlangan. Chorshanba, 31 dekabr kuni politsiya voqea yuzasidan tergov olib borayotganini tasdiqlagan, ammo tafsilotlarni keltirmagan. Ushbu barcha hodisalar ro‘y bergan Shimoliy Reyn – Vestfaliya yeri hokimiyati ham tergov jarayoni bo‘yicha ma’lumot bermagan.

Mavzuga oid