Sport | 10:19 / 18.11.2017
3657
2 daqiqa o‘qiladi

«Borussiya»da inqiroz. Jamoa bundesligada qatorasiga uchinchi marta mag‘lub bo‘ldi

Dortmundning «Borussiya» Bundesliganing 12-turida «Shtutgart»ga yutqazdi - 1:2.

Bu mag‘lubiyat dortmundliklar uchun Germaniya chempionatidagi qatorasiga uchinchi mag‘lubiyat bo‘ldi.

«Borussiya» bundesligada 30 sentabrdan buyon 5 o‘yin o‘tkazdi va biron uchrashuvda g‘alaba qozona olmadi. Bu o‘yinlarda 14 gol o‘tkazdi. Bunday yomon natija jamoa tarixida 1991 yildan buyon kuzatilmagandi.

Chempionatda dortmundliklar «Bavariya»dan 6 ochko ortda qolgan holda uchinchi o‘rinda bormoqda. Myunxenliklar 12-tur uchrashuvini hali o‘tkazmadi.

«Borussiya»ning Chempionlar ligasida guruhdan chiqish imkoniyatlari ham juda past. Klub 4 turdan keyin ikkinchi o‘rindagi «Real»dan 5 ochko ortda qolib ketgan. Birinchi o‘rindagi «Tottenhem» esa guruh masalasini hal qilgan.

Eslatib o‘tamiz, yozda Tomas Tuxel ishdan ketgan, uning o‘rnini «Ayaks» ustozi Peter Bos egallagandi.

Barcha turnirlar doirasidagi oxirgi 11 uchrashuvida «Borussiya» faqat 3 g‘alabaga erishgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid