Sport | 19:30 / 20.11.2017
12514
12 daqiqa o‘qiladi

Zlatanning qaytishi, Vengerni yana seva boshlashdi va APLda turning boshqa voqealari

«Tribuna» Angliya premer ligasining 12-turidagi asosiy voqealarni sarhisob qiladi.

Ushbu mavsumning 5-turida Top-6 jamoalarning barchasi raqiblari ustidan g‘alaba qozongandi. O‘sha tur bu borada hozircha yagona bo‘lib turibdi, zero aksariyat turlarda peshqadam jamoalarning o‘zaro o‘yinlari ham bo‘lib o‘tadi. 

12-turda Top-6 ning besh jamoasi g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. Bu g‘alabalarning uchtasi yirik hisobda qo‘lga kiritilganini ham ta'kidlash joiz. Faqatgina «Tottenhem» bu turda ochko ololmadi, uning raqibi Top-6 ning boshqa bir raqibi «Arsenal» edi, shu tufayli bu turni ham peshqadamlar maksimal ochko olgan turlar qatoriga qo‘sha olamiz. Demak, Premer Liganing eng kuchli olti klubi boshqalardan uzoqlashishda davom etmoqda. 

«Arsenal» «Siti»dagi o‘yin alamini «Tottenhem»dan oldi

«Arsenal» – «Tottenhem» – 2:0 (2:0)
Gollar: Mustafi, 36 (1:0). A.Sanches, 41 (2:0).
«Arsenal»: Chex, Koselni, Mustafi, Monreal, Bellerin, Remsi, Chaka, A.Sanches, O‘zil (Ivobi, 84), Kolashinats, Lyakazett (Koklen, 73).
«Tottenhem»: Lloris, D.Sanches, Dayyer, Fertongen, Tripper, Eriksen, Dembele (Uinks, 62), Sissoko, Alli (Son Xin Min, 75), Deyvis, Keyn (Lorente, 75).
Ogohlantirishlar: Chaka, 32. A.Sanches, 38. Mustafi, 48. Keyn, 50. Monreal, 73.
Hakam: Din.

Arsen Venger Shimoliy London derbisida g‘alaba qozonib, bu derbidagi olti uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyasiga yakun yasadi. Ammo o‘yindagi asosiy qahramon fransuz murabbiyi emas, Mustafi emas, O‘zil yoki Aleksis Sanches emasdi. O‘yinning asosiy qahramoni maydon tashqarisida, qanot chizig‘i bo‘ylab yugurayotgan hakam edi.

Mayk Dinga ushbu o‘yinda yordamchilik qilgan Ien Hassin, «Arsenal»ning ikki golidagi ofsaydni qayd etmadi. Avvaliga Mustafi.

Bu vaziyatda esa keyinroq Sanchesga pas bergan Lyakazettning qo‘li oldinga chiqib ketgan.

E'tiborli jihati, o‘yindan oldin «Arsenal» muxlislari Mayk Dinni sotqinga chiqarishgandi. U o‘tgan mavsumda «shporlar»ga qarshi o‘yinda «Arsenal» futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatgandi. Lekin bu o‘yinda Din Devison Aleksis Sanchesni yiqitdi deb hisoblab, nuqtani ko‘rsatgach, maydon egalari standartdan hisobni ochishdi.

Ikkinchi bo‘limda Pochettino ikkinchi planni ishga tushira olmadi. U kutilganidek Harri Keyn va Dele Alli o‘rniga Son Xin Min va Lorenteni maydonga tashladi, Venger esa himoyaga e'tiborni kuchaytirib, Lyakazett o‘rniga Koklenni tushirdi. Buni aytish dahshatli, ammo «Arsenal» nihoyat top-6 vakilini yenga oldi. Londonliklarning oxirgi uchrashuvlarida asosan duranglar qayd etilardi. Ammo bu safar Pochettino ojiz qoldi. «Biz bu o‘yinda autsayder emasmiz. Bu o‘yin orqali «Tottenhem»dan kuchli ekanimizni  isbotlaymiz» , – degandi o‘yindan avval Venger. U o‘z so‘zini isbotladi.

Hamisha hakamlarni tanqid qilib kelgan Venger bundan avvalgi turda, «Manchester Siti»ga qarshi o‘yindan keyin ham raqib hakamning ikki xatosi tufayli urilgan gollar bilan g‘alaba qozonganini iddao etgandi. Bu o‘yindan keyin esa Mustafi tan oldi: «Mening ofsayddan urilgan golimni hisoblashgani bizga yordam berdi».

Maurisio Pochettino ham hakamlarni aybladi: «Arsenal»ning birinchi goli o‘yindan tashqari holatda urildi. Menga ikkinchi gol urilgan vaqtda ham ofsayd bordek ko‘rindi».

Pochettinoning asosiy muammosi

«Tottenhem» ushbu mavsumda asosiy raqiblariga qarshi o‘tkazgan 4 o‘yindan uchtasini boy berdi. Avvaliga «Uembli»da «Chelsi»dan 1:2, keyin «Old Trafford»da 0:1, so‘nggi turda esa, shimoliy London derbisida «Arsenal»ning qo‘li baland keldi – 0:2.

Shundan so‘ng, Pochettinoning aynan top klublar bilan o‘yinlardagi muammosi haqida gapira boshlashdi. Ma'lum bo‘lishicha, argentinalik murabbiy qo‘l ostida «Tottenhem» safardagi katta o‘yinlarda juda muvaffaqiyatsiz o‘ynar ekan. 

Zlatan va Pogbaning qaytishi

«Manchester Yunayted» – «Nyukasl» – 4:1 (2:1)
Gollar: Geyl, 14 (0:1). Marsiyal, 37 (1:1). Smolling, 45+1 (2:1). Pogba, 54 (3:1). Lukaku, 70 (4:1).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Valensiya, Smolling, Lindelef, Yang, Mata (Errera, 83), Pogba (Fellaini, 70), Matich, Lukaku, Marsiyal (Ibrahimovich, 77), Reshford.
«Nyukasl»: Elliot, Klark, Lejyen, Mankilo, Yyedlin, Ritchi (Arons, 66), Shelvi, Xeyden, Xoselu (Mitrovich, 72), Geyl (Diame, 78), Merfi.
Ogohlantirishlar: Heyden, 12. Smolling, 68.
Hakam: Pouson.

U axir va'da bergandi! «Ishonchim komilki, endi men yanada kuchliroq bo‘lib qaytdim. Bu mening maqsadim. Boshqa variant yo‘q», dedi o‘yindan keyin Ibrahimovich.

Shvetsiyalik futbolchining «MYu» bilan shartnomasi yozdayoq yakuniga yetgandi. Ammo klub jarohati tufayli uzoq vaqtga safdan chiqqaniga qaramasdan, u bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi.

Oradan yetti oy o‘tib, shanba kuni u «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushirildi.

O‘tgan 216 kun davomida ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Ibrahimovichning jarohatdan tuzalib, formasini tiklashi jarayonini kuzatib borishdi.

U shanba oqshomida kechgan o‘yinda gol urmadi. Jamoasining biror goliga hissa qo‘shmadi. Umuman, u o‘yinga tushganida, barchasi hal bo‘lib ulgurgandi. Zlatan hech qanday qahramonlik ko‘rsatmadi. Lekin u o‘zining akrobatik harakatlarini namoyish etishga ulgurdi.

O‘yindan keyin Zlatandan jarohat olganida futboldan ketish haqida o‘ylagani haqida so‘rashdi. Shved o‘z uslubida javob qaytardi: «Sherlarning tiklanish jarayoni odamlarnikidan farq qiladi». Bu o‘yinda klubning yana bir yetakchisi 2,5 oylik tanaffusdan keyin ilk marta maydonga tushdi. Pogba qaytishini gol bilan nishonladi, qolaversa u Marsiyalni golli pas bilan ta'minladi.

Gabriyel Jyesus - yangi Ronaldomi?

«Lester» - «Manchester Siti» - 0:2 (0:1)
Gollar: Gabriel Jyezus, 45 (0:1). De Bryuyne, 49 (0:2).
«Lester»: Shmayxel, Fuks, Simpson, Morgan, Maguayr, Iborra (Okadzaki, 83), Olbrayton (Ixeanacho, 68), Ndidi, Vardi, Maxrez (Slimani, 83), Grey.
«Manchester Siti»: Ederson, Kompani, Uoker, Stouns (Mangala, 31), Silva, Fernandinyu, Delf, De Breyne (Gyundogan, 89), Sterling (Bernardu Silva, 84), Sane, Gabriel Jyezus.
Ogohlantirishlar: Kompani, 3. Maguayr, 83.
Hakam: Skott (Angliya).

«Manchester Siti» «Lester»ga qarshi qatorasiga o‘ninchi uchrashuvda ham g‘alaba qildi. «Tulkilar» bu o‘yinda atigi ikki gol o‘tkazishdi. Klubning azaliy muxlisi Gari Lineker bu faktni shunday e'tirof etdi: «Lester» uchun bu yutuq».

O‘yindagi gollar De Breyne va Gabriel Jyezus tomonidan urildi. Belgiyalik futbolchi o‘ziga xos rekord ham o‘rnatdi: U premer-ligada gol+pas tizimi bo‘yicha eng qisqa vaqtda, 76 o‘yinda 50 (16+34) ochko olgan birinchi futbolchi bo‘ldi. Braziliyalik yosh hujumchini esa Pep Gvardiolaning o‘zi maqtadi. «U menga Eto’Oni eslatmoqda. Agar u o‘rganishda davom etsa, Ronaldoga aylanadi».

Saloh – «Liverpul» qahramoni

«Liverpul» - «Sauthempton» - 3:0 (2:0)
Gollar: Saloh, 31 (1:0). Saloh, 41 (2:0). Filippe Koutinyu, 68 (3:0). 
«Liverpul»: Minole, Klavan, Lovren, Moreno, Aleksandr-Arnold, Vaynaldum, Henderson, Filippe Koutinyu (Emre Jan, 69), Robertu Firmino, Saloh (Milner, 80), Mane (Oksleyd-Chemberlen, 74).
«Sauthempton»: Forster, Bertrand, Sedrik Suarish, van Deyk, Xudt, Deyvis, Romeu, Bufal (Uord-Prouz, 69), Long (Gabbyadini, 79), Tadich (Ostin, 55), Redmond.
Ogohlantirishlar: Lovren, 43. Romeu, 61. 
Hakam: Jons.

Angliyada «Sauthempton»ni «Liverpul»ning farm klubi deb atashadi. Keyingi yillarda Angliya janubidan Liverpulga Lallana, Lambert, Klayn, Lovren va Mane kabi futbolchilar ko‘chib borishgan, qishda van Deyk ham shimolga ko‘chishi kutilmoqda. Ammo «qizillar» qatorasiga 5 uchrashuvdan buyon o‘z «farm-klubi»ni yenga olmay kelayotgandi. Oltinchi urinish esa a'lo darajada chiqdi: Saloh dubl qayd etdi, uchinchi gol Koutino nomiga yozildi. «Liverpul»ning sobiq futbolchisi Yon-Arne Riise shunday munosabat bildirdi: «Mister Saloh, siz nimadan tayyorlangansiz?».

«Liverpul»ning bu yangi futbolchisi joriy mavsumda 14 gol urib qo‘ydi. Bu esa  «Liverpul»ning o‘tgan mavsum bo‘yicha eng yaxshi to‘purari Koutinoning natijasiga teng.

Soqoli o‘sib ketgan Konte Toni Pulisni ishdan ketkazdi

«Vest Bromvich» – «Chelsi» – 0:4 (0:3)
Gollar: Morata, 17 (0:1). Azar, 23 (0:2). Alonso, 38 (0:3). Azar, 62 (0:4).
«Vest Bromvich»: Foster, Evans, Gibbs, Makoli, Xegazi, Berri, Kryxovyak (Yakob, 46), Livermor, Rodriges (Berk, 70), Rondon, Fillips (Makklin, 84).
«Chelsi»: Kurtua, Keyxill, Aspilikueta, Alonso, Kristensen, Dzappakosta, Fabregas (Drinkuoter, 67), Bakayoko, Kante (Villian, 77), Azar (Pedro, 70), Morata.
Ogohlantirishlar: Azar, 19. Fabregas, 51. Rondon, 54. Yakob, 88. Morata, 90.
Hakam: Moss.

Antonio Konte qasd qilmoqda. «Chelsi» bu turda yirik g‘alabaga erishdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Italiyalik murabbiy «Vest Bromvich»ga qarshi o‘yindan oldin jurnalistlarga qarata, «Chelsi» g‘alaba qozonishda davom etar ekan, soqolini oldirmasligini ma'lum qilib hazillashgandi.

Azarning dubli «Chelsi»ga yirik g‘alabani ta'minladi, Konte endi jamoa bilan keyingi turda «Liverpul» mehmoni bo‘ladi. Yirik mag‘lubiyatdan keyin «Vest Bromvich» ko‘p yillik murabbiy Toni Pulisni iste'foga chiqarib yubordi.

«Bornmut» - «Haddersfild» - 4:0 (2:0)
Gollar: Uilson, 26 (1:0). Uilson, 31 (2:0). Arter, 70 (3:0). Uilson, 84 (4:0).

«Kristal Pelas» - «Everton» - 2:2 (2:2)
Gollar: Makartur, 1 (1:0). Beyns, 6 - penaltidan (1:1). Zaa, 35 (2:1). Nyass, 45+1 (2:2).

«Byornli» - «Suonsi» - 2:0 (2:0)
Gollar: Kork, 29 (1:0). Barns, 40 (2:0).

«Uotford» - «Vest Hem» - 2:0 (1:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 11 Hyuz, 2:0 – 64 Risharlison.

«Brayton» - «Stok Siti» o‘yini endi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid