Sport | 19:56 / 12.06.2023
31785
22 daqiqa o‘qiladi

Vengerga yo‘q degan, Mourinoni otasidek ko‘rgan, Gvardioladan nafratlangan. Ibrahimovich faoliyatidagi eng yorqin lahzalar

Zlatan butsalarini mixga ildi.

Foto: Global Look Press

Zlatan Ibrahimovich futbolchilik faoliyatini yakunladi. 41 yoshli shved bu haqda A Seriyaning so‘nggi turida «Milan» «Verona»ni mag‘lub etgan (3:1) o‘yindan keyin rasman e’lon qildi. Bungacha OAVda ushbu forvard faoliyatini «Monsa»da davom ettirishi haqida gaplar yurgandi, ammo u baribir butsalarini mixga ilishi haqida ma’lum qildi. Zlatan 41 yoshda, yakunlangan mavsumda atigi to‘rt o‘yinda maydonga tushib, bir gol urdi, jamoadoshlari uchun ko‘proq ustoz rolini bajardi.

Ibraning ketishi — futbol olamidagi jiddiy voqealardan biri bo‘ldi, uning futboldagi o‘rni beqiyos. Quyidagi materialda Zlatanning voqealarga boy sarguzashtlaridan eng muhimlari eslab o‘tiladi.

Bolaligida jamoadoshlari bilan mushtlashgan va barcha ota-onalar uni yomon ko‘rishgan

Zlatan mahalliy futbol maktabiga 6 yoshidan qatnay boshlagan. O‘zining tan olishicha, o‘sha vaqtda u g‘alabalarga unchalik ahamiyat qaratmagan — uni raqibni masxara qilish va fintlari bilan uni kamsitish imkoniyati ko‘proq qiziqtirgan. Murabbiylarning haddan tashqari konservativligi va ularning Zlatanning takabbur o‘yinidan noroziligi Ibrani muhojirlar o‘ynovchi «Bolqon» klubiga ketishga majbur qiladi.

«Malmyo B» klubida shved otalar turar va qichqirardi: «Qani, bolalar! Ajoyib ish!» «Bolqon»da esa biroz oshirib yuborishardi. Bu yugoslavlar aqldan ozgan, ular ko‘p chekishardi va oyoq kiyimlarini har tomonga uloqtirishardi. Bunday pallalarda men o‘ylardim: «Ajoyib, xuddi uydagidek. Mening joyi shu yerda!» — deya hikoya qilgan Zlatan avtobiografiyasida.

Qaysidir pallada Ibrani darvozabon pozitsiyasida ham o‘ynatishgan, ammo u juda kichikligidayoq hujumchi pozitsiyasida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata boshlagan. Bir safar mahalliy jamoaga qarshi muhim o‘yinda uni zaxira o‘rindig‘ida qoldirishadi. Zlatan ham, jamoadoshlari ham shok holatida edi. Birinchi bo‘limdan keyin uning jamoasi 0:4 hisobida ortda borardi. Ikkinchi bo‘limda murabbiy Ibrahimovichni tushiradi va u raqib darvozasiga sakkizta javobsiz gol yo‘llaydi.

Kunlardan birida Ibraning otasi keladi va unga deydi: «Qaysidir katta klubda o‘ynash vaqti keldi. Menga masalan «Malmyo» yoqadi. Zlatanning o‘zi bu jamoa haqida eshitmagan bo‘lsa-da, u otasiga quloq soladi va ko‘rikka boradi, bir kundan keyin klub tizimiga qabul qilinadi.

Ammo shunday katta klubda o‘ynab ham, Zlatan o‘zgarmaydi. U hamon jamoaviy ko‘rsatmalarga tupurib qo‘ygan, driblinglari bilan raqiblarning boshini aylantirar va muntazam ravishda jamoadoshlariga baqirardi. Bir safar hissiyotlarini haddan tashqari ochiq ifoda etgani tufayli hakam Ibraga sariq kartochka ko‘rsatadi. Bunga javoban u hakamni so‘kadi va qizil oladi.

Jamoadoshlarining ota-onalari ham Zlatanni unchalik yoqtirishmasdi. Ular qandaydir bosniyalik muhojirning o‘g‘li haddan tashqari g‘ayritabiiy bo‘lib, o‘zini qolganlardan ustun qo‘yishidan norozi edi. Ibra futbolchilardan birini maydonda kaltaklashi so‘nggi tomchi bo‘ladi. Albatta, keyingi kuni Zlatan odamga o‘xshab uyg‘onadi va jabrlanuvchining oldiga borib, undan uzr ham so‘raydi. Ammo ota-onalar allaqachon ushbu surbet yigitchani jamoadan chetlatish to‘g‘risidagi petitsiyani imzolashga kirishgandi. Ibra bu haqda xabar topadi va taekvondoga o‘tib ketishni rejalashtiradi, ammo «Malmyo» murabbiyi uni tinchlantiradi — petitsiya kelib tushganida u shunchaki kuladi va qog‘ozni bo‘laklab tashlaydi.

Vaqt o‘tib Zlatan jamoada do‘stlar ham orttiradi, ammo kiyim almashtirish xonasidagi muhit hamon asabiy bo‘lib qolaveradi. Forvard hali ham to‘pni jamoadoshlaridan qizg‘onar va barchani uyoqdan buyoqqa olib borib, olib kelardi. Ko‘pchilik Ibra «Malmyo»dan ketishini istar va qaysidir pallada uning o‘zi ham shunday qaror qabul qilishga yaqin keladi.

O‘smirlar jamoasi murabbiyi Zlatanni ketishdan qaytaradi. U o‘smir futbolchini qo‘llab-quvvatlaydi va rahbariyatni iste’dodli forvard bilan shartnoma imzolash zarurligiga ishontiradi. Bu Ibraning katta futboldagi faoliyatining boshlang‘ich nuqtasiga aylanadi: 1999 yilda u asosiy jamoada debyut qiladi va darhol gol urishga kirishadi.

«Arsenal»da ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortgan

2000 yilda vunderkindga Arsen Venger qiziqib qoladi: u 18 yoshli Zlatanni ko‘rikdan o‘tish uchun Londonga chaqiradi. O‘sha vaqtda internet va skautlik bo‘limlari hozirgidek rivojlanmagandi, shuning uchun yangilarni shunday topishardi.

Zlatan bu vaqtga kelib «Malmyo» yulduziga aylanib ulgurgan va klubni Shvetsiya yuqori divizioniga qaytargandi. O‘shandayoq u o‘z qadrini bilgan. Venger forvardga uning familiyasi va raqami tushirilgan qizil-oq rangdagi futbolkani yuborgandi, ammo shartnoma imzolanishidan avval Zlatan ko‘rikdan o‘tishi kerak edi.

Shved xushmuomalalik bilan rad javobini beradi va «Arsenal» bazasini tark etadi. Bir necha yil o‘tib bu voqeani shunday ibora bilan eslaydi: «Zlatan tinglash uchun bormaydi». Shvetsiyalik hujumchi agar Venger chindan ham uni qo‘lga kiritishni istagan bo‘lsa, unga darhol shartnoma taklif etishi kerak bo‘lgan deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Ibra fransuz mutaxassis haqida doimo hurmat bilan gapirgan.

Venger Zlatanni yo‘qotganiga ortiqcha asabiylashib o‘tirmaydi. «Men undan birinchi jamoa bilan ozroq mashg‘ulot o‘tkazishni so‘radim, u esa rad etdi. Men buning uchun afsuslanmayman. Qachondir kimdir uning kuchli tomonlari haqida gapirganda, tabiiyki buni o‘z ko‘zing bilan ko‘rishni xohlaysan, aks holda bu jiddiy ish bo‘lmay qoladi», — degandi Arsen.

Van der Vartning oyoqlarini sindirib, boshini kesish bilan tahdid qilgan

2001 yilda Ibrahimovich «Ayaks»ga o‘tadi, bu jamoada niderland futbolining eng iste’dodli vakillaridan biri Rafael van der Vart bilan uchrashadi. Ular bir necha yil mobaynida muammosiz birga o‘ynashadi - 2004 yilda terma jamoalarning o‘rtoqlik uchrashuvigacha.

Shvetsiya jamoasining hujumlaridan birida Zlatan uch raqib qurshovida qoladi. U dovdirab qolmaydi: nafislik bilan ortga burilib, raqib jarima maydoni ichida to‘pni saqlab qoladi va golli uzatma beradi. Shvedlar golni nishonlayotgan chog‘da, niderlandiyaliklar Van der Vart atrofida to‘planishgandi, u to‘pni Ibradan olib qo‘yishga uringanida jarohatlangandi. Bir necha daqiqa o‘tib u to‘pig‘idan qattiq jarohat olgani tufayli maydonni zambilda tark etadi.

Matbuot uchun bergan intervyularida Van der Vart Zlatan unga ataylab jarohat yetkazgani haqida aytadi — shved esa jamoadoshining so‘zlarini inkor qiladi. Ziddiyat butun «Ayaks»ga ta’sir qiladi: niderlandlar Rafaelni, legionerlar esa — Ibrahimovichni qo‘llashadi. Ronald Kuman va Lui van Gaal futbolchilarni yarashtirishga urinadi, ammo behuda. Suhbatlardan biri vaqtida Zlatan o‘zini tiyib tura olmaydi va Rafaelga qarata shunday deydi: «Agar sen yana matbuotga yuzlansang, men ikki oyog‘ingni sindirib, boshingni uzib olaman». Bu nizo Zlatanning Italiyaga ketishi bilangina tinchiydi.

Yillar o‘tib Van der Vart sobiq jamoadoshi haqida iliq so‘zlar aytadi: «O‘rtamizda ba’zida bahslar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, u samimiy inson. Ammo ishonchim komil: agar biz u bilan hozir uchrashsak, muammo bo‘lmaydi».

Bir javob bilan Mino Rayolani boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan

O‘sha 2004 yilda Ibrahimovich afsonaviy agent Mino Rayola bilan tanishadi. Shved «Ayaks»dan top-klubga o‘tish haqida o‘ylayotgan va buning uchun mos keladigan agentni qidirayotgandi — unga tanish jurnalist maslahat bergan, Rayolani ta’riflashda «mafioz» so‘zini qo‘llagan. Bu esa Zlatanni ilhomlantirgan.

Ammo futbolchini agent bilan ilk uchrashuvi yanada ilhomlantiradi. Restoranga kelgan Ibrahimovich galstuk taqqan va kostyum kiygan amakini uchratishini kutgandi, amalda esa mashhur serialdagi Toni Sapranoni eslatuvchi, Nike futbolkasidagi basavlat yigit bilan ko‘rishadi. Rayola to‘rtta A4 list chiqaradi, unda top-forvardlar o‘z statistikasi bo‘yicha joylashgandi. Ko‘rsatkichlar pasayib boruvchi ro‘yxatda Zlatan eng oxirida joylashgandi.

«Nima deb o‘ylaysan, men seni  bunday statistika bilan qanday qilib sotaman?» — deya savol qo‘yadi Rayola. Zlatan qo‘rslik bilan berilgan bu savolga dadil javob qaytaradi: «Agar men har mavsumda 20 gol urganimda, onam ham meni sota olgan bo‘lardi». Minoda shu zahoti yosh hujumchiga hurmat paydo bo‘ladi, ammo u o‘z aytganidan qolmaydi — u Zlatanni hashamat, urfdagi liboslar va sportkarlardan voz kechib, mashg‘ulotlarda ter to‘kish lozimligiga ishontiradi. Bir necha oy o‘tib Ibra Turinga keladi va «Yuventus» bilan shartnoma imzolaydi.

Zlatan va Rayola shunday qilib sportchi va agent ittifoqining namunasiga aylanadi. Ikkisi o‘zaro munosabatlarni saqlagan holda bir-biriga top darajaga chiqishda yordam beradi, keyinroq bu munosabat haqiqiy do‘stlikka aylanadi.

Bir safar jurnalist Minodan o‘zi Ibraga bergan eng yaxshi maslahat haqida so‘raydi. «Menga quloq sol», — deya javob qaytargandi agent. Rayola — Zlatan qarshisida turib buni ayta olishi mumkin bo‘lgan yagona odam edi.

Gvardiola bilan ziddiyatga borgan va hozirga qadar uni tinch qo‘ymaydi

2009 yilda hujumchi Chempionlar ligasida g‘olib chiqish uchun «Barselona»ga yo‘l oladi: o‘shanda kataloniyaliklarda jahonning eng kuchli yarimhimoyasi va Leo Messi bor edi. Ibra bu yerda jahonning barcha rekordlarini qaytadan yozib, uzoq kutilgan sovrinni qo‘lga kiritishi kutilgandi. U yaxshi boshlaydi (14 o‘yinda 11 gol), ammo keyin Pep aqllilik qila boshlaydi: Messiga ko‘proq erkinlik berish uchun shvedni zaxiraga o‘tqazadi (yoki qanotda o‘ynata boshlaydi). Albatta, bu Zlatanning g‘azabini keltiradi.

«Siz meni sotib olganingizda, Ferrari sotib olgandingiz. Agar siz Ferrari haydamoqchi bo‘lsangiz, premium-klassdagi benzin quyib, avtomagistralga chiqing va gazni bosing. Gvardiola dizel yonilg‘isi quymoqda va qishloqni aylanmoqda. U buning uchun Fiat sotib olishi kerak edi», — deya g‘azabini ifoda qiladi forvard.

Zlatan Pepdan juda jahli chiqqandi va mavsumning ikkinchi qismida ular deyarli gaplashishmaydi. Chempionlar ligasi yarimfinalida Joze Mourinoning «Inter»idan mag‘lub bo‘lingach, barchasi yanada yomonlashadi. Kiyim almashtirish xonasida Zlatan Gvardiolani qo‘rqoq deb ataydi, murabbiy esa unga hech narsa deb javob qaytarmaydi — bundan shved yanada g‘azab otiga minadi. Yakunda uning sobiq jamoasi «Inter» usiz YeChL g‘olibi bo‘ladi, forvardning o‘zi Kataloniyaga omadsiz safardan keyin «Milan»ga o‘tadi.

Yillar o‘tib ham tomonlar yarashib olishmadi. Ibrahimovich Pepning murabbiylik qobiliyatini tan oladi, ammo uning insoniy xususiyatlarini qoralaydi. O‘tgan yil u Erling Holandning «Manchester Siti»ga transferini muhokama qilish chog‘ida o‘tmishdagi xafagarchiliklarni eslagandi: Zlatan Gvardiolaning egosi va hasadi norvegiyalikni tamom qiladi deb hisoblagandi. Pep Ibraning so‘zlariga kinoya bilan munosabatda bo‘ladi: «Men unga shunday hasad qilaman! Men unga aytaman: «Erling, iltimos, boshqa gol urma, yo‘qsa gazetalar faqat men haqda yozmay qo‘yadi!»

Mourino uchun o‘lishga tayyorligini aytgan

Gvardiolani shunchalik yomon ko‘rgan Zlatan uning antipodi - Mourinoni yoqtirishi ajablanarli emas. «Inter»da u bilan ishlagan forvard portugaliyalikning hayot tarzi va ishini his qiladi va unga bog‘lanib qoladi. Keyinroq Ibra Joze uchun o‘limga tayyorligini tan olgandi.

«Bu yigit nimani xohlasa, shuni aytadi. U menga yoqadi. U armiya yetakchisi. Mourino xonani charog‘on qladi, Gvardiola esa pardalarni tushiradi. Mourino men u uchun o‘lishga tayyor yigit edi», — deya hikoya qiladi Zlatan.

Ammo ularning birgalikdagi hamkorligi yoqimli kechmaydi. Joze boshqa futbolchilar qatori Ibrahimovichning ham xarakterini sinab ko‘rardi. Bir safar «Inter» va Zlatan o‘yinning birinchi bo‘limini juda yomon o‘tkazadi, portugaliyalik esa tanaffusda bir necha kundan keyin Italiyaning eng yaxshi futbolchisi uchun atalgan sovrinni qo‘lga kiritadigan forvardini hammaning qarshisida ayab o‘tirmaydi.

«Sen sahnaga chiqib, o‘z mukofotingni olganingda, uyalishing kerak. Agar sen shunday o‘ynasang, unga munosib emassan», — deya qichqirgandi Joze.

Kimdir bunday so‘zlardan keyin sinib qolishi mumkin edi, Zlatan esa bu so‘zlarni chaqiriq sifatida qabul qiladi. 2009 yilda hamkorlik to‘xtaganidan keyin ham ular yaxshi aloqalarni saqlab qolishadi. Quyidagi videoda ham buni yaqqol ko‘rish mumkin: 2013/14 yilgi YeChL chorakfinalidagi o‘zaro to‘qnashuvdan keyin Ibra sobiq ustozini shunday qo‘rqitgandi:

2016 yilda Ibrahimovich — Mourino dueti «Manchester Yunayted»da yana topishadi. Joze sovrinlar yutish va klubni o‘tmishdagi buyukligiga qaytarishda yordam beradigan tajribali safdoshga ehtiyoj sezgandi. Portugaliyalik tufayli Zlatan Angliya Superkubogi, Angliya ligasi kubogi va Yevropa Ligasi g‘olibiga aylanadi.

Inglizlar darvozasiga urilgan afsonaviy gol

Shvetsiya termasida Zlatan nafaqat jamoadoshlari bilan mojarolar tufayli yodda qolgan — balki sariq futbolkada chinakamiga afsonaviy gollarni ham urgan. 2012 yil noyabrida hujumchi aql bovar qilmas harakatni amalga oshiradi va 30 metr masofadan turib Angliya terma jamoasi darvozasiga qaychi uslubida gol uradi. «Inglizlar doim mening jig‘imga tegishardi, ularga hech qachon gol ura olmaganimni aytishardi», — deya eslaydi Zlatan.

FIFA Ibrani yilning eng yaxshi goli uchun Pushkash sovrini bilan taqdirlaydi. Angliyaliklardan boshqa barcha xursandchilik qilishadi. O‘sha o‘yinda «uch sherlar» safida debyut qilgan Rayan Shoukross jamoaga qaytib chaqirilmaydi. «Men oilamda hazillar nishoniga aylandim, chunki xalqaro faoliyatimdagi 10 daqiqa bir kishi tomonidan barbod qilingandi», — deya shikoyat qilgandi Rayan.

Darvoqe, Zlatan o‘sha o‘yinda umuman poker amalga oshirgandi. Uning yorqin o‘yini tufayli shvedlar 4:2 hisobida g‘olib bo‘lishgandi.

MLSga sayohat: heyterlarining og‘zini yopgan va bolalar sportini tanqid qilgan

2016/17 yillar mavsumi oxirida baxtsizlik yuz beradi: 36 yoshli shvedning xochsimon paylari yirtilib ketadi va u yarim yil muddatga safdan chiqadi. Safga qaytganidan keyin ham Joze uni asosiy tarkibga qaytarishga shoshilmaydi. Yana bir necha oy zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan Zlatan Amerika chempionatiga qo‘yib yuborishni so‘raydi, bu ligada uni «Los-Anjyeles Gelaksi» chaqirayotgandi. Jurnalistlar va fanatlar darhol u oldingidek emasligini, AQShga esa faoliyati yakunida dam olish uchun kelganini aytishadi.

Ular adashgandi: Los-Anjyelesdagi derbida debyut qilgan Ibrahimovich dubl rasmiylashtiradi. Zlatanning ikkinchi goli jamoasiga g‘alaba keltiradi — «Gelaksi» 4:3 hisobida ustun keladi. Ibra davrida klub liga pley-offiga qaytadi, forvardning o‘zi 56 o‘yinda 52 gol va 17 pas muallifi bo‘ladi.

Shu bilan birga, u Amerika madaniyatini o‘rganishga harakat qiladi va intervyularidan birida o‘z taassurotlarini ochiqchasiga bildiradi. Zlatan AQShda kredit kartalari kultidan, barlar soni kamligidan, qo‘shnilarning sovuq munosabatidan yozg‘iradi, shuningdek Amerika sportidagi muammolarni ko‘rsatib beradi. Hujumchining so‘zlariga ko‘ra, ikki o‘g‘li futbol bilan shug‘ullanishi uchun yetti ming dollar sarflashiga to‘g‘ri kelgan. Agar millioner Zlatan bundan norozi bo‘lgan bo‘lsa, oddiy fuqarolarga oson bo‘lmasligi aniq.

«Bu menga umuman yoqmadi, chunki barchada ham zarur mablag‘ topilmaydi. Sport esa barcha uchun ochiq bo‘lishi kerak, chunki u mansubligidan qat’i nazar barcha odamlarni birlashtiradi. Hech narsasi yo‘q bo‘lgan Pele chempion bo‘lgan, u lattalardan qilingan to‘pda o‘ynagan. Futbol — dunyodagi eng yaxshi sport turi», — degandi Ibra.

«Milan»ga chiroyli qaytish

MLS chempionatida bir yildan oshiqroq o‘ynagan Zlatan Yevropaga qaytishni xohlab qoladi. 2020 yil yanvarida u cho‘kayotgan «Milan» bilan shartnoma imzolaydi, o‘shanda jamoa 11-o‘rinda borayotgandi. Ibrahimovich rossonerini yana yuqoriga ko‘tarishini aytadi.

Zlatanning qaytishidan oldin boshqa voqealar ham bo‘lib o‘tgan. Avvaliga u «Napoli»ga o‘tishni istagandi — unda jamoa haqidagi hujjatli filmdan katta taassurot hosil bo‘lgandi — va skudettoni Diyego Maradona uslubida qo‘lga kiritmoqchi edi. O‘sha vaqtda Neapolda bo‘lgan Karlo Anchelotti ham Zlatanni jamoasida ko‘rishni istayotgandi, ammo kutilmaganda klub prezidenti De Laurentis murabbiyni iste’foga chiqaradi va transfer amalga oshmay qoladi.

Ibra tushkunlikka tushmaydi va Rayolaga yuzlanadi: «Yomon holatda bo‘lgan va mening yordamim tegadigan jamoa bormi?» Mino yaqinda «Atalanta»dan 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan «Milan» nomini aytadi.

«Milan» rahbariyati Zlatanni quchoq ochib kutib oladi va u ham uyaltirmaydi: u bilan klub «Yuventus», «Latsio», «Roma» klublarini yengadi va Yevropa Ligasiga yo‘llanma oladi, shuningdek Italiya Kubogi finaliga chiqishiga bir baxya qoladi.

Zlatan jamoaga yulduzli futbolchi sifatida kelgan bo‘lsa-da, amalda o‘zini o‘ynovchi murabbiy sifatida tutadi va Stefano Pioli bilan ajoyib tandem hosil qiladi. Shved futbolchilarni chog‘lantirishga va kiyim almashtirish xonasidagi muhitga, Pioli esa — taktikaga javob berardi.

«O‘ylaymanki, uning intellekti juda yuqori. Zlatan kelganida «Milan» chempionatni yutishi mumkin bo‘lgan jamoa emasdi. U jarayonga qanday va qachon aralashish kerakligini tushunadigan darajada aqlli. Zlatan bizga faqat ijobiy kayfiyat ulashadi. U hech qachon g‘alabalarga to‘yib qolmagan, uning kuchi ham shunda», — degandi Pioli. Ibrahimovich bilan xayrlashuv marosimida esa Stefano faxriy futbolchida murabbiy bo‘lish uchun barcha xislatlar borligini e’tirof etdi.

Zlatan esa xayrlashuv marosimida ham o‘ziga xiyonat qilmadi. O‘ziga hushtakbozlik qilayotgan «Verona» muxlislarining og‘zini yumdi va shunday dedi: «Bu tongda uyg‘onganimda, yomg‘ir quyayotgandi. O‘zimga dedim: bugun hatto osmon ham g‘amgin».

Mavzuga oid

E`lonlar