Jahon | 23:32 / 22.11.2017
9942
6 daqiqa o‘qiladi

Sochida Putin, Erdo‘g‘an va Ruhoniy Suriya masalasida muzokara olib borishdi

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya Federatsiyasining Sochi shahridagi Bocharov Ruchey qarorgohida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Suriyadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha uch tomonlama muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ikki soatdan ziyod davom etgan muzokaralardan so‘ng prezidentlar jurnalistlar oldida chiqish qilishdi, deyiladi RIA Novosti tomonidan tarqatilgan xabarlarda.

Rossiya va Eron yetakchilari bilan Sochida o‘zaro ishonch choralarini mustahkamlash haqida kelishib oldik, degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

«Bizning janob Putin bilan ham, janob Ruhoniy bilan ham maslahatlashuvlarimizda o‘zaro ishonchni mustahkamlash kerakligiga urg‘u berdik. Bu choralarni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun Suriyadagi odamlarga insonparvarlik yordamlari to‘siqsiz va uzluksiz yetib borishini ta'minlashimiz kerak», degan Erdo‘g‘an Ruhoniy va Putin bilan muzokaralari yakuni bo‘yicha.

«Biz boshqa sohalarda ham munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha yakdil fikrga keldik», — degan matbuot anjumanida Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidentining ta'kidlashicha, tomonlar Suriya xalqining keng miqyosli, erkin, adolatli siyosiy jarayonlarni amalga oshirishi uchun qo‘llash zarurligi haqida yakdil fikrga kelishgan.

Uchrashuv avvalida Vladimir Putin Suriya bo‘yicha Ostona jarayonlarida Turkiya va Eron prezidentlarining sa'y-harakatlarini alohida ta'kidlab o‘tdi: «Ularsiz jangovar harakatlar hanuzgacha to‘xtamagan bo‘lar edi».

Shuningdek, Putin Rossiya, Eron va Turkiyaning sa'y-harakatlari bilan Suriyaning parchalanib ketishi, uning xalqaro terrorchilar tomonidan egallab olinishi va gumanitar halokat yuz berishining oldi olinganini qayd etib o‘tdi. Sochidagi uchtomonlama uchrashuv Suriyadagi ijobiy o‘zgarishlarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun xizmat qiladi, dedi Putin.

Erdo‘g‘an va Ruhoniy bilan uchrashuvi haqida gapirar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu muzokaralar juda mufassal bo‘lgani, mintaqada barqarorlikni tartibga solishning barcha jihatlari ikir-chikirigacha muhokama etilganini ta'kidlab o‘tdi.

Uch davlat yetakchilari Sochi uchrashuvida Suriya suvereniteti, birligi va hududiy yaxlitligini saqlab qolish muhim ekanligini tasdiqlashdi, dedi RF prezidenti Vladimir Putin.

«Ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi, uning suvereniteti, birligi va hududiy yaxlitligi saqlanishi uchun bundan keyin ham faol harakat qilish borasida kelishib oldik», — degan V.Putin.

Prezidentlar IShID terrorchilik guruhini batamom yakson qilish uchun hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishgan. Bu haqda Sochi uchrashuv yakunlariga bag‘ishlangan yakuniy bayonotda ta'kidlangan.

«Kafillik beruvchi davlatlar sifatida Rossiya, Eron va Turkiya jangovar harakatlarni tugatish, qaynoq nuqtalarni ozaytirish, ixtiloflashayotgan tomonlar o‘rtasida ishonchni yuksaltirish ustida jips ish olib borishlari kerak», — dedi Putin.

«Mamnuniyat bilan qayd etishim lozimki, Eron va Turkiya prezidentlari Suriyada milliy muloqot bo‘yicha umumsuriya forum-kongressini chaqirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdi. Bu muhim tadbirni yuqori darajada, Suriyadagi jamoatchilikning keng qatlamini jalb etgan holda o‘tkazishga kelishib olindi», — deya qo‘shimcha qildi Putin.

- Suriya taqdirini faqatgina shu mamlakat vakillari, jumladan, joriy hukumat tarafdorlari va muxolifatdagilar hal qilishi kerak, – dedi RF prezidenti Vladimir Putin.

Uning aytishicha, milliy muloqot Kongressi turli siyosiy partiyalar, ichki va tashqi muxolifat, etnik va konfessional guruhlardan delegatlar yig‘ishi va Suriya uchun umummilliy kun tartibidagi asosiy masalalarni ko‘rib chiqishi kerak.

Rossiya, Eron va Turkiya tomonidan qabul qilingan qarorlar Suriyadagi vaziyatni muvozanatga keltirish uchun xizmat qiladi, – dedi Eron prezidenti Hasan Ruhoniy.

«Bu uchrashuvning muhimligi shundaki, biz qabul qilgan qarorlar Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirishga va Ostona jarayonlariga yordam berishga xizmat qiladi», – dedi Ruhoniy.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Suriya va Iroqdagi IShID bazalari batamom yo‘q qilinganini ta'kidlab o‘tdi.

«Suriya va Iroqdagi IShID bazalarining katta qismi yo‘q qilindi, mintaqada terrorizmga qarshi kurashish uchun kelishuv shakllantirilgan. Terrorizm hech bir mamlakat uchun qurol bo‘lmasligi kerak, har qanday sharoitda terrorizm mamlakat uchun tahdidligicha qolaveradi, hozir ko‘rib turibmizki, o‘z vaqtida IShIDga yordam bergan mamlakatlarning o‘zi endilikda IShIDning nishoni bo‘lib turibdi», – dedi Ruhoniy.

«Mintaqaning xalqalari va mamlakatlari Suriyada sun'iy paydo qilingan inqirozdan saboq chiqarmoqlari kerak. Bu saboq shundan iboratki, xalq hokimiyati va inson huquqlariga da'vo qilayotgan ba'zi bir barqudrat davlatlar o‘zlarining mintaqada uzoqni ko‘ra olmay qo‘l urilgan maqsadlari uchun terrorizmdan keng foydalanishdan ham tap tortishmadi», – dedi Eron yetakchisi.

Tuzilajak milliy muloqot Kongressi haqida gapirar ekan, Ruhoniy bu Suriya Arab Respublikasida barqarorlikka erishish va Suriyada konstitutsiya asosida erkin saylovlar o‘tkazish uchun yangi qadam bo‘lajagini ta'kidlab o‘tdi.

«Biz o‘z pozitsiyamizni bildirib o‘tdik, barcha uch davlat milliy muloqot Kongressini shu yerda — Sochida o‘tkazish kerak, degan qarorga kelishdi», – dedi Ruhoniy.

Mavzuga oid