O‘zbekiston | 01:29 / 23.11.2017
9193
3 daqiqa o‘qiladi

Berlinda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida hartomonlama o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama etilmoqda

Shu kunlarda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi strategik va mintaqaviy tadqiqotlar Instituti (SMTI) , Xalqaro tadqiqotlar axborot tahlil markazi (XTATM), «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati vakillaridan iborat delegatsiya Berlin shahrida bo‘lib turibdi.

KUN.UZ’ga ma'lumot berishlaricha, safardan maqsad — o‘zbek-nemis o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirish, 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan harakatlar strategiyasini amalga oshirishning borishi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek, prezident Sh.Mirziyoyevning tashqi siyosiy tashabbuslarini GFRning siyosiy xulosalar hosil qiluvchi, ekspert va jamoatchilik doiralari e'tiboriga havola etishdan iborat.

Germaniya federal vazirliklari va idoralari, parlamenti, tadqiqot markazlarida uchrashuvlarni nazarda tutuvchi tashrifning sermazmun dasturiga ko‘ra, o‘zbek tomoni allaqachon federal kanslerning idorasi, tashqi ishlar, iqtisodiyot va energetika, iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik federal vazirliklarida, Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar, Germaniya tashqi siyosat fondida bir qator sermahsul muzokaralar va maslahatlashuvlar o‘tkazdi.

Nemis hamkorlar O‘zbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasini olqishlashdi va bu dasturiy hujjatda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy qilishda hartomonlama yordam berishga tayyor ekanliklarini izhor etishdi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning miqyosi, ularning maqsadi avvalo xalq manfaatlarini qondirish ekanligi ta'kidlandi. Shuningdek, davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, aholining davlat xizmatlaridan foydalanishini yengillashtirishga qaratilgan ma'muriy islohotlar Kontseptsiyasiga ham yuqori baho berildi.

Ma'muriy adliya tizimini joriy qilish, sud hokimiyatining mustaqilligi va erkinligini mustahkamlash, ichki ishlar organalarini jamoatchilikka mo‘ljallangan professional xizmatga aylantirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati qarorlari nemis auditoriyasining alohida qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Germaniyada xorijiy valyutalar bozorini erkinlashtirish, mulk huquqi himoyasini ta'minlash, raqobatbardosh muhit yaratish, davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan sa'y-harakatlarni olqishlashadi. Ushbu choralar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishi ta'kidlab o‘tildi.

O‘tkazilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra, SMTI va XTATM rahbariyatlari va Germaniyaning hukmron partiyasi «aql markazi» va nufuzli tadqiqot muassasalari — Konrad Adenauer fondi, F.Ebert fondi, Kavkaz va Kaspiy tadqiqotlari Yevropa instituti bilan memorandumlar imzolandi.

O‘zbekiston delegatsiyasining GFRga safari davom etmoqda. Kelgusi tadbirlar dasturida Konrad Adenauer fondida Harakatlar strategiyasiga bag‘ishlangan «davra suhbati», Bundestag va Germaniya Federal prezidenti idorasida muzokaralar olib borish, nemis OAVlari uchun brifing va boshqalar belgilangan.

Mavzuga oid