Jamiyat | 12:55 / 25.11.2017
11537
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy universitet talabasi 28 mln. so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irladi

Sarvar Feruzning yaqin do‘sti edi. Yozgi ta'tilda Sarvar do‘stining uyiga tez-tez kelib turar edi. Do‘stini oila a'zosidek qabul qilgan Feruz uning ushbu jinoyatga qo‘l urishini xayoliga ham keltirmagan, deb yozmoqda O‘zA.

Joriy yil avgust oyining oxirlarida Sarvar Feruzning uyida  ota-onasi yo‘qligidan foydalanib, uning onasi Nasiba Burhonovaga tegishli 28 million 200 ming so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlaydi. Keyingi kun esa ushbu tilla taqinchoqlarni boshqa shaxslarga 4 million 600 ming so‘mga sotib, pullarni o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

Jabrlanuvchi N.Burhonova 2 sentabr kuni xizmat safaridan qaytadi. Yotoqxonasidagi javon ustida turgan qutida tilla taqinchoqlar yo‘qligini bilgach, oila a'zolaridan bu haqda so‘raydi. Yo‘qolgan taqinchoqlarni topishning imkoni bo‘lmagach, u ushbu holat bo‘yicha ichki ishlar idoralariga xabar beradi. Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida mazkur jinoyatni o‘g‘lining do‘sti Sarvar Soliyev sodir etgani aniqlandi.

Toshkent moliya-iqtisod kasb-hunar kollejida Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqdi. Hozirda N.Burhonovaga yetkazilgan zarar umuman qoplanmaganligi ma'lum bo‘ldi.

Sarvar Soliyev 1992 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti to‘rtinchi kurs talabasi. Sayyor sud jarayonida ayblanuvchi qilgan jinoyatiga iqror bo‘ldi. Xatti-harakatlarini tushunib yetganligini, boshqa bunday ishga qo‘l urmasligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘radi.

Sudlanuvchi S.Soliyevning aybi uning o‘z aybiga to‘liq iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatmasidan tashqari, dastlabki tushuntirish xatlari, ko‘zdan kechirish, so‘roq qilish, yuzlashtirish bayonnomalari, fotojadval hamda ishda to‘plangan boshqa dalillar yig‘indisi bilan to‘liq o‘z isbotini topdi.

Sud jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi, ayblanuvchining yoshini, aybiga to‘liq iqrorligini, muqaddam sudlanmaganligini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanishini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholab, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi tegishli bandi bilan Sarvarga 3 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

S.Soliyev zimmasiga jazoni o‘tash davrida yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyati yuklatildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid