Isroilda Uber’ning faoliyat yuritishi taqiqlandi
Tel-Aviv sudi UberDAY va UberNIGHT taksi xizmatlariga Isroil hududida ishlashni taqiqladi. Jerusalem Post nashri ma'lumotlariga ko‘ra, taqiqlov 28 noyabrdan, Haaretz nashri ma'lumotlariga ko‘ra esa 29 noyabrdan kuchga kiradi.
Uber’ga qarshi sudga da'vo arizasini Isroil transport vazirligi bergan. Vazirlik vakillari Uber’ning bir qism xizmatlari litsenziyasi va sug‘urtasi bo‘lmagan haydovchilar tomondan taqdim qilinishidan achchiqlanishgan.
Isroil Uber‘ning asosiy raqobatchilaridan biri Gett’ning asosiy bozori hisoblanadi. Gett bosh qarorgohi Tel-Avivda joylashgan. Haaretz ma'lumotlariga ko‘ra, Gett hisobiga Isroildagi barcha taksiga buyurtmalarning 28 foizi, ya'ni yiliga 20 mln chaqiruv to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Uber xizmati Fransiyada noqonuniy va nohalol raqobat, Italiyada haydovchilarda litsenziya, Londonda esa korporativ mas'uliyat yo‘qligi sababli taqiqlangandi.