Jamiyat | 10:40 / 28.11.2017
16906
6 daqiqa o‘qiladi

Qahvaxonadagi mojaro 

Spirtli ichimliklarga ruju qo‘yishning oqibati ayanchli bo‘lishi tabiiy. Turli darajada tan jarohati yetkazishdan tortib birovning umriga zomin bo‘lishgacha, aksariyat jinoiy qilmishlar aynan mastlik holatlarida sodir etilyapti.

“Huquq” gazetasining yozishicha, Turg‘unboyning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qo‘l telefoniga kechki payt o‘rtog‘i Abdumajid qo‘ng‘iroq qildi. Ular Marg‘ilon shahrining “Dehqon bozori” yonida ko‘rishishdi. Maslahatlashib, Farg‘ona shahridagi “Grand” qahvaxonasiga yo‘l olishdi. Turg‘unboy tanish qiz bilan telefonda gaplashdi. Sojidaxon va dugonasi Masturaxon qahvaxonaga kirib kelishdi. Turg‘unboy telefonda o‘rtoqlari Sayfullo va Isomiddinni ham chaqirib oldi. “Konyak” ichib, chaqchaqlashib o‘tirishdi. Mashinasini minib kelgan Isomiddin ichmadi.

-  Bu qizlar kim, - deb so‘radi.

-  Tanishlarim, men taklif qildim, - dedi Turg‘unboy.

Abdumajid musiqa buyurib, qizlarni raqsga tortdi. Turg‘unboy ham o‘yinga qo‘shildi. Chetroqdagi stolda o‘tirgan uch og‘aynilardan biri oraga suqildi. Aftidan kayfi taroq yigit qizlardan biriga gap otdi. Qizlar Turg‘unboy bilan hovliga chiqishdi. “Haddingizdan oshmang aka”, Abdumajid notanish yigitga hezlandi. Sayfullo uning yengidan tortib o‘tqazib qo‘ydi. “Bizni shaharda yayraylik, debsizlarda”, deya notanish yigit joyiga qaytdi. Isomiddinning ko‘ngli g‘ash tortib, shartta o‘rnidan turdi.

-  Bo‘ldi, zarur ishim bor, mashinani yurg‘izib turaman, - deya tashqariga yurdi.

Ortidan Turg‘unboy chiqib, “Matiz”ning old o‘rindig‘iga o‘tirdi.

-  Bitta gapdan qolsa, asakasi ketarmidi, - dedi mashinasini o‘t oldirgan Isomiddin. – San-manga borib...

-  To‘g‘ri qildi, davramizga suqilgan surbetni siltab tashladi, - Turg‘unboyning ham kayfi taroq edi.

Birdaniga janjal-to‘polon ko‘tarildi. “Urishishyapti-yu”, deya Turg‘unboy ichkariga chopdi. Isomiddin ortidan yugurib bordi. Qahvaxona hovlisida Abdumajidning bo‘ynidan qon oqayotgandi. Uni “Matiz”ga o‘tqazishdi. Isomiddin Abdumajidni shifoxonaga eltib qo‘ydi. “Yaqinlariga xabar bering”, deyishdi unga. Isomiddin uyini topa olmay, shifoxonaga qaytib keldi. “Ishqilib, omon qolsin-da”, deya yuragini hovuchladi.

***

Farhodjon uylanayotgan edi. Raimjon, Ahliddin va Topivoldi uning xonadonida, to‘yda bitta shishani bo‘shatishdi.

-  Yuringlar, men eriyman, - dedi Raimjon.

To‘yxonadan chiqib, do‘kondan pivo olib ichishdi. Buyam kamlik qildi. Kechqurun soat to‘qqizlarda shu yaqindagi “Grand” qahvaxonasiga kirib borishdi. Raimjon ofitsiant qizga buyurtma berdi. Tag‘in “yuzta-yuzta”dan aroq ichib o‘tirishdi.

Kayfi oshib qolgan Raimjon to‘rt nafar yigitlar davrasida o‘tirgan qizlarga suqlanib qaradi. 

-  Qizil jyemperligi xushro‘ygina ekan. 

-  Birovning xasmi, ko‘z olaytirma, - dedi rulda bo‘lgani uchun faqat pivo ichgan, es-hushi joyida Ahliddin.

-  Erkin qushga o‘xshaydi, yo‘qsa, kechasi yurarmidi?

-  Opa-singillaridir, o‘zingcha fol ochma.

-  Ana, aytmadimmi, o‘yinga tushishlarini ko‘r, - Raimjon o‘rtaga chiqib surbetlarcha notanishlarning davrasiga qo‘shildi.

Yigitlardan biri bilan gap talashib qoldi. Musiqa tingach, joyiga qaytib o‘tirdi. Narigi davrada o‘tirgan yigit-qizlar birin-ketin tashqariga chiqib ketishayotgandi. “Ketayapsanlarmi, damingni ol”, deya Raimjon haqoratomuz gap otdi. “Muomalangni to‘g‘ri qil”, degan yigitlarning ortidan chiqib, tasir-tusur mushtlab yiqitdi. Abdumajid o‘zini o‘nglab, qo‘liga tushgan bo‘sh shisha bilan mushtumzo‘rning boshiga urdi. Boshi qonagan Raimjon kabob qo‘rasi ustidagi pichoq bilan unga tashlandi, bo‘ynini tilib yubordi. Bo‘ynini changallagan Abdumajidni mashinaga o‘tqazishdi. Uning sheriklaridan biri Sayfullo pichoqni tashla, dedi. Raimjon “yaqinlashma, seniyam tilib tashlayman”, deya unga ham tig‘ o‘qtaldi. Sayfullo qo‘raning yonidagi ko‘sov bilan qo‘liga urdi. Pichoq yerga tushdi. Mushtlashish boshlanganida qochgan, so‘ngra ortlariga qaytgan hamtovoqlari Raimjonni Ahliddinning mashinasiga mindirib ketishdi. Shifoxonada uning boshini bog‘lab qo‘yishdi. Shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib borishni tayinlashdi. Biroq, uchovlon surishtiruv bo‘lishini tusmollab, uy-uylariga tarqalishdi. Birovning joniga qasd qilgan Raimjon Ahmadaliyevni IIB xodimlari uyidan olib ketishdi.

Shoshilinch tez-tibbiy yordam markazining shifokorlari og‘ir tan jarohati yetkazilgan Abdumajid Ilyosovning hayotini asrab qolishdi. Sud majlisida R.Ahmadaliyev qilmishiga qisman iqror bo‘ldi. Uning aybi jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari, dalillar bilan tasdiqlandi. R.Ahmadaliyevga besh yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. 

To‘yda boshlangan ichkilikbozlik oqibatida bir yosh yigitning umri xazon bo‘lishiga bir baxya qoldi. Avvalo yoshlarni ichkilikka berilishdan asrash, to‘y-marosimlarni spirtli ichimliksiz o‘tkazish urfga aylansa, ayni muddao bo‘ladi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid