"O‘ztransgaz" gazdan xavfsiz foydalanishga bag‘ishlangan III respublika seminarini o‘tkazdi
28 noyabr kuni poytaxtdagi Wyndham Tashkent mehmonxonasi anjumanlar zalida "O‘ztransgaz" tashabbusi bilan "Turmushda gazdan xavfsiz foydalanish" mavzuidagi III respublika seminari o‘tkazildi. Unda "O‘ztransgaz" rahbariyati, kompaniya tizimidagi mas'ul xodimlar, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, shuningdek qator manfaatdor idoralar vakillaridan iborat 300dan ziyod kishi ishtirok etdi. Seminarni tashkil etishdan maqsad - joylarda gazdan xavfsiz foydalanish yuzasidan aholi o‘rtasida keng targ‘ibot ishlarini o‘tkazish va bugungi kunda ko‘p uchrayotgan is gazidan zaharlanishdek salbiy holatlarning oldini olish. Seminarda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.
Anjumanda ta'kidlanishicha, qish faslida tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham yuqori bo‘ladi. Bunday paytlarda avvalo tabiiy gazdan xavfsiz va oqilona foydalanishga e'tiborni kuchaytirish talab etiladi. Aholi tomonidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola, nostandart gaz jihozlaridan foydalanish, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, nosoz holatdagi dudburonlardan foydalanish hamda xonadon ichida ochiq olovdan isitish maqsadida foydalanish holatlarining uchrab turishi fuqarolarning is gazidan zaharlanishiga, shuningdek havo va gaz aralashmasini chaqnashi natijasida jabrlanishi va hattoki halok bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Is gazi - xonadonlarda foydalaniladigan tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, ko‘mir va organik moddalarning chala yonishidan hosil bo‘ladigan gaz. U inson organizmining nafas yo‘llari va a'zolariga kuchli ta'sir qiladi - is gazi nafas yo‘llari orqali organizmni, xususan, markaziy asab tizimiga ziyon yetkazadi.
Is gazidan qator organik moddalar sintez qiluvchi korxonalarda, garajlarda, ventilyatsiya yomon bo‘lganda, yangi bo‘yalgan, shamollatilmaydigan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz yonib turganda va pechka bilan isitiladigan uylarda pechka qopqog‘i o‘z vaqtida yopilmaganda zaharlanib qolish mumkin.
Shuni e'tiborga olish lozimki, bunday holatlarni paydo qiluvchi, ishtirokchi va jabrlanuvchi ham insonlarning o‘zi bo‘lmoqda. Ayniqsa, yuzaga kelayotgan talofatlarda yosh bolalarning jabr ko‘rayotgani va hatto ular o‘limining qayd etilayotgani o‘ta achinarli holdir. Bunday mudhish voqealarga aholining ko‘p hollarda turmushda xavfsizlik talablarini bilmasligi yoki ularga beparvolik bilan qarashi sabab bo‘lmoqda.
Anjumanda favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan taqdirda ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar, turmushda yong‘in xavfsizligini ta'minlash, jabrlanuvchilarga birinchi yordam ko‘rsatish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan fojialarning oldini olishga oid ma'ruzalar o‘qilib, muhokama qilindi va shunga doir videoroliklar namoyish etildi. Bundan tashqari, soha mutaxassislari mavzuga doir takliflar bildirishdi.
Mavzuga oid
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
19:00 / 19.08.2024
Gazlidagi kompressor stansiyasini kuz-qishga tayyorlash doirasida gaz turbinali dvigatellar o‘rnatildi
17:00 / 13.07.2024
Toshkent kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda: "Toshkent-1" gaz taqsimlash stansiyasida ishlar avjida
20:37 / 28.05.2024