O‘zbekiston | 21:19 / 29.11.2017
27893
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyo minbarlarini zabt etayotgan o‘zbek yoshlari

Foto: oybekostanov.com

Bugun yurtimizda yoshlar o‘zlariga berilayotgan e'tibor, ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib, yuksak aql-idrok va intellektual salohiyatlarini namoyon qilgan holda yurt ravnaqi hamda vatan taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda.

Bu borada samarqandlik yoshlar ham ortda qolishayotgani yo‘q. Taniqli jurnalist, yozuvchi hamda shoir Nurulla Ostonovning o‘g‘li Oybek Ostonov ana shunday iqtidorli yoshlardan biri hisoblanadi. Yoshligidan ilmga chanqoq Oybek maktabni a'lo baholarga tamomlagandan so‘ng Samarqand Davlat universitetining iqtisodiyot fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga kiradi. Oliygohni bitirgan Oybek nemis tilini o‘zi mustaqil tarzda o‘qib-o‘rganib, Germaniya davlatiga o‘qishga ketadi. U yerda ikki yillik ta'limdan so‘ng, ingliz tilini ham puxta o‘zlashtirib, Angliyaning nufuzli ta'lim dargohiga hujjatlarini topshiradi va o‘qishga kiradi.

Yurt kezgan, bilim va dunyoqarashlarini keng boyitgan yosh iqtidor sohibi 2008 yilda o‘z yurtiga qaytgach, nemis tilidan gid-tarjimonlik qila boshlaydi. Undagi salohiyat va iqtidor esa faoliyati davomida yanada shakllanib boradi.

Ijodkor insonning farzandi bo‘lganligi bois Oybekning adabiyotga qiziqishi yuqori edi. Uning uyida ko‘plab o‘zbek hamda xorij adabiyoti durdonalari jamlangan kitob javoni bor. Ishdan bo‘sh paytlarida kitoblarni mutoalaa qilarkan Oybekda badiiy adabiyot tarjimasiga qo‘l urish g‘oyasi uyg‘onadi. Shu tariqa u kitob tarjima qilishga kirishib ketadi.

Uning dastlabki tarjimasi Germaniyada katta hurmat qozongan hajvchi-yumorist Haynts Erhardning «Noch’n gedicht» («Yana she'riyat») deb nomlangan kitobi bo‘ldi. Kitob o‘zbek va nemis kitobsevarlari tomonidan iliq kutib olindi va yosh tarjimon badiiy adabiyot tarjima qilishda davom etdi. O‘tgan yillar davomida Oybek o‘zbek xalqining atoqli namoyondalari G‘afur G‘ulomning «Shum bola» («Der schelm»), O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» («Kein himmel auf erden»), Abdulla Qahhorning «Anor» («Der granatapfel») kabi asarlarini, shuningdek, «Buyuk ipak yo‘li rivoyatlari» (ushbu kitob 2017 yilda fransuz tiliga ham tarjima qilindi — «Contes de la grande route de la soie») deb nomlangan rivoyat va afsonalar jamlanmasini to‘plab ularni o‘zbek tilidan nemis tiliga tarjima qildi.

Ushbu kitoblar nafaqat o‘zbek, balki nemis adabiyotchilari va kitobsevarlari tomonidan iliq kutib olindi. Ayniqsa, germaniyaliklar yosh tarjimonning mahoratini yuksak e'tirof etishdi.

Tinib-tinchimas ijodkor bu ishlar bilan cheklanib qolmadi. U 2015 yilda o‘zini tadbirkorlik faoliyatida ham sinab ko‘rish istagida sayyohlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «DOCA Tours» (Discover Oriental Central Asia) MChJ ni tashkil etdi. Hozirda ushbu sayyohlik firmasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarining turistik tashkilotlari bilan shartnomalar imzolab Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, AQSh, Fransiya, Ispaniya, Italiya va boshqa ko‘plab davlatlardan xorijlik sayyohlarning O‘zbekistonga sayyohlik tashrifini yo‘lga qo‘yib kelmoqda.

Shuningdek, Oybek Ostonov 2014 yildan buyon (yilda ikki marotaba — bahor va kuz fasllarida) Yevropaning qator davlatlari, xususan, Germaniya va Shveytsariyada O‘zbekistonning madaniy-ma'rifiy hamda adabiy kechalarini o‘tkazib kelmoqda. Bunday adabiy kechalarda yurtimizning boy o‘tmishi, shonli tarixi, urf-odati va an'analari, o‘zbek adabiyoti va san'ati shuhratini xorijliklarga keng targ‘ib qilib kelayapti. Bu tadbirlarni Oybek Ostonovning shaxsan o‘zi tashkil etib kelayotganligini alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman. Tadbirlarda Mustaqil O‘zbekistonimiz madhini tarannum etuvchi foto albomlar, broshyura va bukletlar, videoslaydlar tayyorlanib yig‘ilganlarga namoyish etiladi. Bu esa O‘zbekiston haqida yanada ko‘proq ma'lumot olish imkonini beradi.

Oybek Ostonov yuqoridagi an'anaga sodiq qolgan holda joriy yilning mart oyida ham Germaniyaning bir nechta shaharlarida shunday adabiy kechalarni o‘tkazib kelgan edi.

Yaqinda, aniqrog‘i 2017 yilning 2 noyabr kuni yosh ijodkor yana bir bor Germaniyaga uchib ketdi. 11 dekabrga qadar davom etayotgan safar mobaynida Oybek Ostonov Germaniyaning 27 ta shaharlarida «O‘zbekiston — Buyuk ipak yo‘lining marvaridi» deb nomlangan taqdimot marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

Unda nafaqat o‘sha shaharlarning fuqarolari, balki o‘zbek adabiyotiga e'tibori hamda qiziqishi yuqori bo‘lgan nemis adabiyotshunos olimlari va kitobsevarlari, hatto shahar Merlari ham bevosita ishtirok etib kelishayotganliklari barchamizni birdek quvontirishi shubhasiz. Shuningdek, tashkil etilayotgan uchrashuvlar Germaniyaning nufuzli gazeta va jurnallarida chop etilmoqda. Qolaversa, bu haqda radio va televideniye orqali eshittirish va ko‘rsatuvlar ham efirga uzatilayapti.

Hozirga qadar 17 ta shaharda o‘tkazilgan tadbirlarda o‘zbek xalqining boy ma'naviy merosi, adabiyoti va san'atiga ixlosmand 600 nafardan ortiq germaniyaliklar ishtirok etishgani haqiqatdan ham quvonarli. Yana 10 kunlik tadbirlar ham shunday uyushqoqlik bilan o‘tishi kutilmoqda. Ularda jami 1000 nafardan ortiq germaniyalik fuqarolar ishtirok etishi kutilayapti.

Mazkur uchrashuvlarda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamda konsullik idora vakillari ham ishtirok etishmoqda. Har bir shaharlarda o‘tkazilayotgan taqdimot marosimlari haqidagi ma'lumotlarni Oybek Ostonov o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi o‘zining veb-sahifasida ham muntazam e'lon qilib kelayapti. O‘z navbatida ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchilar tomonidan ham Oybek Ostonovning yutuqlari, uning yurtimiz shuhratini o‘zga yurtlarda munosib tarzda ko‘klarga ko‘tarayotganligi e'tirof etilmoqda.

Shuni ham alohida ta'kidlash joiz, 17 kun mobaynida o‘tkazilgan adabiy kechalarda O‘zbekiston haqida ko‘plab ma'lumotlarga ega bo‘lgan 150 yaqin germaniyaliklar jannatmonand o‘lkamizga tashrif buyurish istagini bildirishgan.

Yurtimizda Oybek Ostonov singari yuksak intellektual salohiyatga ega yoshlar bor ekan O‘zbekiston dovrug‘i yetti iqlimga taralaveradi. 

Davronbek Jamolov

Mavzuga oid