Jamiyat | 09:25 / 29.11.2017
12252
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda narxlarni barqarorlashtirish: mahsulotlar ko‘proq bo‘ladi va fermerlar bozorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiradi

Vazirlar Mahkamasining  21.11.2017 yildagi 927-son “Toshkent shahar aholisini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Hujjat bilan «Toshkent agro zaxira xizmat» davlat unitar korxonasini tashkil etish ma'qullandi. Toshkent shahar hokimligi uning muassisi bo‘ladi.
 
Korxonaning vazifalari orasida – Toshkent aholisiga, jumladan aholi yashash mavzelariga asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazib berish va sotish,  ichki iste'mol bozorida mahsulotlar narxlarini barqarorlashtirish, shuningdek qish va bahor mavsumida ularning sun'iy ravishda oshib ketishini oldini olish.
 
Yetarli darajada mahsulotlar zaxirasini yetishtirish uchun korxonaga Toshkent viloyati Ohangaron tumanida («Birlik», «Shodmalik», «G‘allaquduq» va «Do‘stlik»  massivlari) yer uchastkalari ajratiladi:

•  qishloq xo‘jaligi faoliyati uchun 10 ming gektardan kam bo‘lmagan yer uchastkalari;
•  chorvachilik faoliyatini amalga oshirish uchun 20 ming gektardan kam bo‘lmagan yer uchastkalari.
 
Ushbu yer uchastkalaridagi ishlarda fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik sub'yektlari mahalliy tuman hokimligi,  «Toshkent agro zaxira xizmat» DUK va tadbirkorlik sub'yektlari (fermer xo‘jaliklari) o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnoma asosida ishtirok etishlari mumkin.
 
Bundan tashqari, Toshkent shahrining yashash mavzelarida namunaviy loyihadagi kichik yengil tipdagi savdo do‘konlarini (dala do‘konlarini)  o‘rnatishga ruxsat berildi. Ularda dehqon va fermer xo‘jaliklari o‘zi yetishtirgan mahsulotlarni sotadi.
 
Hujjat 25.11.2017 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid