O‘zbekiston | 12:30 / 01.12.2017
32830
6 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘yicha yangi qaror chiqardi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mehnat munosabatlarini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 3 fevraldagi PF-4944-son Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mehnat munosabatlarini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki hafta muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta'lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mehnat munosabatlarini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlari («Mahalla posboni» jamoat tuzilmasi rahbari, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, mas'ul kotib va boshqalar) o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradilar.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlarining mehnat majburiyatlari va huquqlari, shuningdek, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat masalalari mehnat munosabatlarini tartibga soladigan normativ hujjatlarni hisobga olgan holda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan qabul qilinadigan va fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tasdiqlaydigan ichki hujjatlarda aniqlashtiriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yig‘ini vakolatlarini amalga oshirish maqsadida Fuqarolar yig‘ini kengashining qaroriga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini aholisini xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ayrim ishlarni bajarishga jalb qilish huquqiga ega.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) mahallalar hududida yashaydigan ishsiz shaxslarni jamoat ishlariga jalb qilish uchun ular bilan mehnat shartnomalari tuzish huquqiga ega va ularning mehnatiga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadi.

Fuqarolar yig‘ini shtatiga kiradigan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlari mehnatiga mehnatga haq to‘lash bo‘yicha Yagona tarif setkasi asosida lavozim maoshi shaklida haq to‘lanadi. Ushbu toifadagi xodimlar mehnatiga haq to‘lash razryadlari Vazirlar Mahkamasining «Fuqarolar yig‘inlari xodimlari mehnatiga Yagona tarif setkasi bo‘yicha haq to‘lashning razryadlarini belgilash to‘g‘risida» 2017 yil 17 iyuldagi 500-son qarori bilan belgilanadi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlariga qo‘shimcha haq va ustamalar mehnat shartnomalari, shuningdek, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakolatli organi bilan kelishgan holda qabul qilinadigan boshqa mahalliy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.

Byudjyetdan tashqari manbalar hisobidan mukofotlar va qo‘shimcha haq:

fuqarolar yig‘ini raislariga (oqsoqollariga) — tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari — Tuman (shahar) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash raisi qarori bilan;

fuqarolar yig‘inining boshqa xodimlariga — fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqoli) taqdimnomasi asosida tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari qarori bilan to‘lanadi. 

Fuqarolar yig‘ini xodimlari hisoblanmagan fuqarolar mehnatiga haq to‘lash shartlari va miqdori Fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan belgilanadi.

Fuqarolar yig‘ini vakolatlarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan fuqarolarga pul mukofoti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan byudjyetdan tashqari manbalar hisobidan to‘lanadi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlarining ish tartibi qirq soatlik va olti kunlik ish haftasidan kelib chiqqan holda Fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan tasdiqlanadigan ichki tartib qoidalariga ko‘ra belgilanadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organida qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarni amalga oshirish bo‘yicha fuqarolar yig‘ini faoliyatini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinib, ish vaqtining jamlangan hisobi yuritiladi va ish kuni soat 7-00 dan 22-00 gacha taqsimlanadi.

Fuqarolar yig‘ini xodimlarining moslashtirilgan ish vaqti sharoitidagi ish jadvali xodimlarning lavozim majburiyatlarini bajarishini optimallashtirishni hisobga olgan holda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan, fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqoli) ish vaqti jadvali — Fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan belgilanadi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlarining ish jadvali ularning bevosita fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lish vaqti ko‘rsatilgan holda umumiy ko‘rinadigan joyda osib qo‘yiladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlariga har yili 24 kunlik haq to‘lanadigan mehnat ta'tili beriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlarining vakolatlari «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonun va fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) hamda xodimlarining mehnat munosabatlarini tartibga soladigan normativ hujjatlarda nazarda tutilgan tartibda tugatiladi.

Fuqarolar yigini raisi (oqsoqoli) va xodimlarining mehnat munosabatlarini tartibga solish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda hal etiladi.

 

Mavzuga oid