Jamiyat | 21:48 / 02.12.2017
10675
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda nogironligi bo‘lgan shaxslarga anjomlar topshirildi va ularga ehtirom ko‘rsatildi – foto

Foto: KUN.UZ

3 dekabr jismoniy imkoniyati chegaralangan insonlar xalqaro kuni. Bu sana yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-kuvvatlash kuni sifatida nishonlanadi. Ana shu sanaga bag‘ishlab, Samarqand shahar hokimligi tomonidan shahardagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga e'tibor qaratish, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirlar o‘tkazildi.

Shahardagi 3-son musiqa maktabi majlislar zalida tashkillashtirilgan tadbirga nogironligi bo‘lgan shaxslar, ularga qarovchilar taklif etildi. Shahar hokimi F.Rahimov tomonidan ularni tashvishlantirayotgan muammolar tinglandi. Ularning ayrimlariga shu yerning o‘zidayoq yordam berish, muammolarini hal qilish uchun mutasaddilarga topshiriq berildi.

Muloqotdan so‘ng shahar hokimi Prezidentimizning «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni haqida atroflicha ma'lumot berib, Prezident, viloyat hokimligi va shahar hokimligi nomidan 50 ta nogironlar aravachasi, 19 ta qo‘ltiqtayoq, 35 ta hassa, 20 ta eshitish moslamasini nogironligi bo‘lgan shaxslarga yoki ularning qarovchilariga shaxsan topshirdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati Samarqand viloyat va shahar kengashlarining 150 nafar a'zolari uchun Samarqand shahridagi «Alpomish» restoranida 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni va 8 dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan katta bayram tadbiri o‘tkazildi. Bayram ishtirokchilarini shahar hokimi F.Rahimov tabrikladi.

Tadbir ishtirokchilari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda Prezidentimizning 1 dekabr kuni qabul qilingan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni uchun minnatdorchilik bildirishdi.

Sh.Shokirjonov

Mavzuga oid