Sport | 16:10 / 04.12.2017
15555
14 daqiqa o‘qiladi

Grandlar uchun omadsiz hafta. «Real», «Barsa» va «Valensiya»da yo‘qotish

«Tribuna» Ispaniya chempionatining 14-turi yakunlarini sarhisob qiladi. Ushbu tur turnir jadvali yetakchilari uchun omadsiz keldi, avvaliga «Barselona», ko‘p o‘tmay «Real» ochko yo‘qotdi, keyingi kuni esa «Valensiya» mavsumdagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Kuchli to‘rtlikdan faqat «Atletiko» g‘alabaga erishdi.

«Selta» bilan durang va Umtitining 2 oyga yo‘qotilishi

BARSeLONA – SeLTA 2:2
Gollar: 0:1 – 20 Aspas, 1:1 – 22 Messi, 2:1 – 62 Suares, 2:2 – 70 Maksi Gomes.
Barselona – ter Stegen, Serdji Roberto, Pike, Umtiti (Vermalen, 72), Alba, Buskets, Rakitich (Pako Alkaser, 79), Inesta (Denis Suares, 53), Paulino, Messi, Suares.
Selta – Blanko, Vass, Gomes (Kabral, 4), Fontas, Malo, Brais Mendes (Ronkalya, 63), Lobotka, Xosabed (Ernandes, 84), Sisto, Aspas, Maksi Gomes.
Ogohlantirishlar: Suares (1), Ronkalya (74), Xosabed (81), Vermalen (83), Blanko (86), Vass (87), Sisto (88), Malo (90), Pike (90).

Murabbiy vazifasi

«Barselona»da Luis Enrikega yordamchilik qilgan Xuan Karlos Unsue u ketgach, jamoa bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod bo‘lgandi. Ammo Neymar bilan nizo tufayli uning katalonlar jamoasi murabbiyligi bo‘yicha istiqboliga to‘siq bo‘ldi. «Barselona» rahbariyati tavakkal qilishni istamadi va Ernesto Valverde nomzodida to‘xtaldi. Yakunda «Kamp Nou» ham Neymarsiz, ham Unsuesiz qoldi, birinchisi Parijga yo‘l oldi, ikkinchisi «Selta»ni boshqara boshladi. Vigoda uning ishlari yurishdi, deyish qiyin, ammo jamoa o‘rtamiyonalar qatorida muqim o‘rin egallagan. Shanba kungi «Barselona»ga qarshi o‘yin uning Kataloniya poytaxtidagi stadionga ilk qaytishi bo‘ldi. U jamoasining omadsiz seriyasini yakunlashi talab etilardi, «Kamp Nou»dagi oxirgi o‘yinlarda «Selta» 1:6 va 0:5 hisoblarida yutqazgandi.

Valverdedan alohida ish talab etilmasdi, u Ispaniyadagi murabbiylik faoliyati davomida «Selta»ga qarshi 13 uchrashuv o‘tkazgan va biron marta yutqazmagan (10 g‘alaba va 3 durang). Ko‘k-anorranglilar jamoasi bosh murabbiyi «Valensiya»ga qarshi o‘yindagi omadsizlikdan keyin (Messining goli hisobga olinmagani tufayli ochko yo‘qotilgandi - 1:1) futbolchilarni g‘alabaga tayyorlash talab etilardi. Bu tur arafasida «Valensiya» bilan oradagi farq 4 ochko, «Atletiko» va «Real» bilan farq 8 ochkoni tashkil etayotgandi.

Yo‘qotishsiz bir yil

Bir yildan buyon «Barsa» «Kamp Nou»da ochko yo‘qotmay kelayotgandi. Oxirgi marta 2016 yilning 3 dekabrida Serxio Ramos oxirgi daqiqada gol urib, «Real»ni mag‘lubiyatdan saqlab qolgandi (1:1). Shundan keyin uy uchrashuvlarida «Barsa» 18 g‘alaba qayd etdi. Lekin «Selta» «Barselona» uchun noqulay raqiblardan hisoblanadi, bu jamoa oxirgi 4 mavsumda kataloniyaliklardan 9 ochko olgan. Bu borada eng yaxshi ko‘rsatkich «Malaga»da (10 ochko), keyingi o‘rinlarda «Real» (8) va «Atletiko» (7).

O‘yin boshidagi mudroqlik

«Barselona» o‘yinni hujumkor boshlay olmadi. Dastlabki 20 daqiqa davomida bu jamoa futbolchilari uyqusirayotgandek harakat qilishdi. Faqat Leo Messi harakat qilardi, u «Mestalya»da hisobga olinmagan haqiqiy golini qaytarish uchun ham tinmasdi. Qolaversa, bu o‘yinda ham gol ura olmasa, uning golsiz seriyasi 2 oyga cho‘zilgan bo‘lardi, u 6 o‘yindan buyon (terma jamoa va boshqa turnirlar qo‘shib hisoblanganda) raqiblar darvozalariga yo‘l topa olmay kelayotgandi. Messi oxirgi marta 28 oktabr kuni «Atletik» darvozasini ishg‘ol etgandi.

Shu tufayli ilk daqiqalardan oldinga intilgan Messi 5-daqiqada yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi, u 50-60 metr masofani bir o‘zi bosib o‘tib, himoyachilarni dog‘da qoldirdi, ammo oxirgi himoyachi uning zarbasini to‘sib qoldi. 

Bu orada «Selta» o‘z imkoniyatidan foydalandi. Himoyadagi muammolar «Barselona»ga pand berdi, qanot himoyachilari hujumga o‘tib ketganida mehmonlar qarshi hujum uyushtirishdi va Vass Aspasni to‘p bilan ta'minladi, Aspas o‘zidan ham qulayroq vaziyatda bo‘lgan Maksi Lopesga to‘p oshirdi, uning zarbasini ter Shtegen qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib kelgan Aspas darvozani ishg‘ol qildi.

O‘tkazilgan goldan keyin o‘ziga kelgan «Barselona» hujumga o‘tdi va ikki daqiqadan keyin to‘p Messining zarbasidan keyin Ruben Blanko oyoqlari orasidan o‘tdi. Ko‘k-anorranglilar bosimni oshirishda davom etdi, agar Blankoning seyvlari bo‘lmaganda hisob tanaffusga qadar yirik ko‘rinishga kelishi mumkin edi. Ko‘p qulay vaziyatlarni odatdagidek Suares yo‘qqa chiqardi.

Umtiti Klasikodan tashqarida

Ikkinchi bo‘lim birinchi bo‘limning ikkinchisi kabi boshlandi. Mezbonlar tinimsiz hujum uyushtirar, Blanko goh u burchakka, goh bu burchakka otilib, jamoasini qutqarishda davom etardi. Ammo u ham bir safar ojiz qoldi, Alba Suaresni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi, urugvaylik hujumchi bu safar o‘z imkoniyatidan foydalandi. Ammo quvonch ko‘pga cho‘zilmadi, 70-daqiqada maydon egalari birdaniga ikkita muammoga duch kelishdi. Aspas yana Umtitidan qochib ketdi va va Gomesni qulay vaziyatga chiqardi, to‘pni o‘ziga o‘nglab olish uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘lgan yosh urugvaylik hujumchi bu safar aniq harakat qildi - 2:2.

Ammo ko‘k-anorranglilar uchun bu oxirgisimasdi. Golli vaziyatda Aspasni ta'qib qilgan Umtiti belini jarohatlab oldi va o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi. O‘yindan keyin ushbu fransiyalik futbolchining holati haqida rasman ma'lum qilindi, u ikki oyga safdan chiqqan va 23 dekabr kuni «Real»ga qarshi klasikoda maydonga tusha olmaydi. Umtitining safdan chiqishi, Maskeranoning jarohati kataloniyaliklarni yil o‘yinidan oldin qiyin ahvolda qoldirdi.

O‘yinning qolgan vaqtida «Barsa» gol ura olmadi va tablodagi hisob ham o‘zgarmadi. Kataloniyaliklar qatorasiga ikkinchi turda ochko yo‘qotishmoqda. Valverda «Selta»ga yutqazmaslik an'anasini davom ettirdi, ammo «Barsa» bu o‘yinda bir yildan beri ilk marta o‘z maydonida g‘alaba qozona olmasdan, ikki ochko yo‘qotdi. Endi «Selta» oxirgi 4 mavsumda «Barselona»dan ochko tortib olish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga (11 ochko) ega jamoaga aylandi. Qolaversa, bu vaqt ichida Vigo jamoasi «Barselona» darvozasini 12 marta ishg‘ol qilgan va bu har qanday ispan jamoasining natijasidan ustunroqdir.

Shanba kungiga o‘xshash muvaffaqiyatsiz o‘yinlar bo‘lgan yillarda kataloniyaliklar «oltin»ni qo‘ldan boy berishgan. Jamoa hozircha ochko yo‘qotmasdan davom etmoqda, ammo bunday yo‘qotish jamoaning ruhiy holatiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Valverde va kompaniya hushyor tortishi kerak bo‘ladi.

«ReAL» «BARSA»NING YO‘QOTIShIDAN FOYDALANA OLMADI

ATLeTIK - ReAL - 0:0  
Atletik: Arrisabalaga, De Markos (Lekue, 72), Echeyta, Nunes, Balensiaga, Inyaki Uilyams (Kordoba, 83), Mikel Riko, Iturraspe (San-Xose, 39), Raul Garsiya, Susaeta, Aduris. 
Real: Navas, Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Marselu, Modrich, Kazemiru, Kroos, Isko (Kovachich, 82), Benzema (Mayoral, 82), Krishtianu Ronaldu. 
Ogohlantirishlar: Serxio Ramos, 11. De Markos, 45. Echeyta, 57. Karvaxal, 73. Karvaxal, 90+1. Krishtianu Ronaldu, 90+3.  
Chetlatish: Serxio Ramos, 86

«Real» muxlislari 222 kundan buyon ilk marta klub triosini, Ronaldu, Benzema va Beylni birga ko‘rishdan umid qilishgandi. Bu futbolchilar aprel oyidan buyon birga o‘ynamayotgan, goh biri diskvalifikatsiyaga uchrar, goh jarohat olar yoki murabbiyning rotatsiyalari ro‘y berardi. Ammo primerada bu uchlikni yana birga ko‘rish ortga surildi. Seshanba kuni Ispaniya Kubogi doirasida «Fuenlabrada»ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushgan Beyl cho‘loqlanib maydondan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Uning tarkibga qachon qo‘shilishi noma'lum, «Real» esa u siz «San Mames»da ochko yo‘qotdi (0:0).

«Real»ning «Atletik»ka qarshi o‘yinidan keyin yo‘qotishlar yanada ko‘paydi, Karvaxal va Kazemiro sariq kartochkalari ortib ketgani tufayli keyingi turda «Sevilya»ga qarshi o‘yinda qatnashmaydi. O‘yindagi yana bir yo‘qotish Serxio Ramosning qizil kartochka olib maydonni tark etishi bo‘ldi. Bu uning faoliyatida Ispaniya chempionatida 19-marta chetlatilish bo‘ldi. La Ligada u kabi ko‘p qizil kartochkani hech kim olmagan.

«VALeNSIYa»NING QOQILIShI

XeTAFe – VALeNSIYa 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 66 Bergara.
Ogohlantirishlar: Molinero (13), Arambarri (21), Kondogbia (23), Dakonam (52), Parexo (69), Dediu (71), Anxel (73), Montoyya (83), Molina (88), Suares (90), Santi Mina (90).
Chetlatish: Arambarri (25).

Ispaniya chempionati uchligidagi mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazayotgan 3 jamoa qolgandi– «Barsa», «Atletiko», «Valensiya», – «ko‘rshapalaklar» taslim bo‘ldi. Marselino shogirdlari ham «Real» kabi «Barselona»ning qoqilishidan foydalana olmadi – oradagi farq qisqarish o‘rniga oshdi, agar «Xetafe»ga qarshi o‘yinda valensiyaliklar katalonlar bilan oradagi farqni 2taga qisqartirishi mumkin edi, ammo kutilmagandagi mag‘lubiyat farqni 5taga yetkazdi.

O‘yinning birinchi bo‘limidagi asosiy shaxs mezbonlar yarim himoyachisi Mauro Arambarri bo‘ldi: avvaliga u urgan golni hakam inobatga olmadi – u bergan zarba yo‘l-yo‘lakay ofsaydda turgan jamoadoshiga tekkandi. 5 daqiqa o‘tib u qo‘pollik uchun maydondan haydaldi va «Xetafe» o‘yinning qolgan qismini kamchilikda o‘tkazdi. Lekin bu maydon egalarini yanada ruhlantirib yubordi va ketma-ket hujumlar uyushtirilishi davom etdi. Ikkinchi bo‘limda Bergara «Xetafe»ni oldinga olib chiqdi. U urgan gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi, o‘yinning qolgan qismida «Valensiya» uyushtirgan hujumlar samarasiz ketdi va 0:1. Mavsumdagi ilk mag‘lubiyat.

«MATRASChILAR»NING DIVIDeNDLARI

ATLeTIKO – ReAL SOSeDAD 2:1 (0:1, 2:0)
Gollar: 0:1 – 29, penalti Villian Joze, 1:1 – 63 Filipe Luis, 2:1 – 88 Grizmann.
Ogohlantirishlar: Godin (40), Priyeto (50), Ruli (73).

Raqiblarning xatolaridan «Atletiko» foydalanib qoldi, jamoa ikki oy ichida ilk marta o‘z uyida kechgan uchrashuvda g‘alabaga erishdi. «Matraschilar» oxirgi marta 23 sentabr kuni «Sevilya»ga qarshi kechgan uy uchrashuvida g‘alaba qozongandi (2:0). Shundan so‘ng, Diyego Simeone shogirdlari duranglar girdobiga tushib qoldi va turnir jadvali peshqadamidan 8 ochko ortda qolib ketdi. Endi inqiroz davri o‘tib ketgan ko‘rinadi – barcha turnirlar doirasidagi oxirgi 3 uchrashuvda g‘alaba qayd etilgandi, to‘plar nisbati - 10:0, shanba kuni «Vanda Metropolitano»da «Real Sosedad»ga qarshi kechgan uchrashuv 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlandi.

Bu g‘alaba irodali g‘alabaga aylandi – «atletlar» Villian Joze penaltidan urgan golga ikki gol bilan javob qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi bo‘limda Filipe Luis hisobni tenglashtirdi, Antuan Grizmann esa yana qutqaruvchi rolini bajarib, oxirgi daqiqalarda g‘alaba golini urdi. San-Sebastyan jamoasining sobiq futbolchisi sifatida ushbu fransuz bu golni nishonlamadi. «Atletiko» endi ochkolari sonini 30taga yetkazib, «Valensiya»ga deyarli yetib oldi (31), shuningdek, «Barsa» (36) bilan oradagi farq qisqardi 28tadan ochko to‘plagan «Real» va «Sevilya» ortda qoldirilmoqda.

15-tur uchrashuvlari

«Jirona» - «Alaves» uchrashuvi bugun, 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Turnir jadvali

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid