7 iyun kuni Madridning «Real» klubida navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Nomzodlar ikki nafar: klubning amaldagi rahbari Florentino Peres, shuningdek, yirik tadbirkor Enrike Rikelme. Quyida Peresga kurash taklif etayotgan nomzod haqida hikoya qilinadi.

Rikelme – uchinchi avloddagi tadbirkor. Uning otasining oilasi meva eksporti bilan, onasining oilasi esa beton va qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullangan. Enrikening o‘zi boshqa yo‘nalishda ketishga qaror qiladi. 21 yoshida u Panamaga borib, beton ishlab chiqariladigan kichik zavod faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Yakunda uning kompaniyasi katta natijalarga erishadi: shu darajadaki, Panama kanalini kengaytirish uchun qum va shag‘alni aynan shu kompaniya yetkazib beradi.

Rikelme ishlab topilgan mablag‘ni «yashil» energetikaga investitsiya qiladi. Uning ilk katta loyihasi – Gvatemaladagi Rainbow 50 quyosh elektr stansiyasi 100 mln dollarga baholanadi. Keyin u Cox Energy nomli quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha kompaniyaga asos soladi. Hozirda u Lotin Amerikasi bozori yetakchilaridan biri bo‘lib, Yevropa, AQSh va Yaqin Sharqda filiallari mavjud. Sohada Rikelmeni «quyosh qiroli» deb atashadi. Tadbirkorning boyligi haqida aniq ma’lumot yo‘q, ammo mish-mishlarga ko‘ra, bu miqdor 460 mln dollarni tashkil etadi.

Foto: Oscar J. Barroso/Europa Press via Getty Images

Enrikening hayotining katta qismi «Real» bilan bog‘liq. U 20 yildan oshiq vaqtdan buyon – madridliklar sosiosi (klub rasmiy a’zosi) hisoblanadi. E’tiborli jihati, uning otasi Ramon Kalderon prezidentligi davrida (2006-2009) «Real» direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan. Kichik Rikelme esa klub rahbarligi uchun ilk bor 2021 yilda urinib ko‘rgandi. U o‘shanda «Real» prezidentligi uchun nomzodini qo‘ymoqchi ekanini aytib, bir necha intervyu bergan va klub rahbariyatida o‘zgarishlar zarur ekanini ta’kidlagandi. Masalan, klub boshqaruvida demokratiya joriy etish, Krishtianu Ronalduni qaytarish va o‘sha vaqtdagi bosh murabbiy Zinedin Zidanni iste’foga chiqarishni taklif qilgandi. Ammo yakunda Rikelme saylovda nomzod sifatida qatnasha olmaydi: u belgilangan muddatda kerakli hujjatlarni to‘plash va saylovoldi kampaniyasini tashkillashtirishga ulgurmaydi.

Hozir esa Enrike vaziyatdan foydalanib qolmoqda. May oyi o‘rtalarida Florentino Peres navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini e’lon qilgandi va 37 yoshli biznesmen «Real»ning amaldagi xo‘jayiniga chaqiriq tashladi. Rikelme nomzod uchun talablarga mos keladi: nomzod Ispaniya fuqarosi bo‘lishi, kamida 20 yil klub rasmiy a’zosi hisoblanishi va madridliklar klubi yillik budjetining (2025-2026 yillar uchun 1,25 mlrd dollar) 15 foizi miqdoridagi bank kafolatini taqdim etishi lozim.