Jamiyat | 10:25 / 05.12.2017
25505
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada bolalar rizqiga chang solgan bog‘cha mudiralari jazoga tortildi

Foto: KUN.UZ

Mamlakatda o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan va ma'nan sog‘lom etib tarbiyalashda maktabgacha ta'lim tizimining ahamiyati juda katta. Shu bois davlat tomonidan bu tizimni yanada rivojlantirish uchun keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, maktabgacha ta'lim sohasida davlat siyosatini to‘liq amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan qonunbuzarlik holatlari, kamchilik va nuqsonlar uchrab turibdi. Farg‘ona viloyatidagi bir qator maktabgacha ta'lim muassasalarida sodir etilgan qonunbuzarlik va jinoyatlarning fosh etilgani tizimda malakali kadrlar bilan ta'minlash masalasi dolzarb ekanligini ko‘rsatmoqda, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Xalqimizda birovning haqiga xiyonat qilish qoralanadi.

Beshariq tumanidagi 37-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida mudira lavozimini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlayotgan R.Yaxshiyeva buni yaxshi bilardi. Biroq, bilish boshqa, unga amal qilish boshqa. Buning uchun insonda insof-diyonat, haromdan hazar qilish xislati shakllangan bo‘lishi kerak. Mudirada ana shunday ezgu xislat yetishmagan chog‘i, muassasa xo‘jalik ishlari mudiri M.Boboyev, ta'minotchilar M.To‘rayev va B.Usmonov bilan til biriktirdi. Shu tariqa bolalar bog‘chasiga aslida olib kelinmagan un, sariyog‘, go‘sht, grechixa kabi mahsulotlar taomnomaga qo‘shib yoziladi. Rasmiy hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritish orqali 26 mln. 580 ming so‘mdan ziyod byudjyet mablag‘i nafs bandalari tomonidan talon-toroj qilinadi.

Bu kabi insofini yeb qo‘ygan kimsalar shu tumandagi 33-sonli maktabgacha ta'lim muassasasiga ham in qo‘yib olishgan ekan. MTM mudirasi Iqboloy Mirzayeva hamshira Zulfiya Hayitova va bosh oshpaz Nafisa Jiyanboyevani ham g‘arazli niyat birlashtirdi. Ular bolalar rizqiga chang solishning boshqacha g‘ayriqonuniy usullarini qo‘llashdi. Ta'minotchi korxonalar tomonidan yetkazib berilgan 15.902,5 ming so‘mlik go‘sht mahsulotlari bolalarga buyurmagan, aksincha, tergovda aniqlash imkoni bo‘lmagan shaxslarga naqd pulga sotib yuborilgan ekan. Mudira jinoiy harakatlariga qonuniy tus berish maqsadida shaxsan o‘zi soxta taomnomalar tuzdi. U shu tarzda jinoyatni yashirishga urinsa-da, qing‘ir ishning qiyig‘i baribir chiqdi.

Afsuski, qonunbuzarlik holatlariga O‘zbekiston tumanidagi 21-maktabgacha ta'lim muassasasida, 30-sonli davlat maxsus maktabgacha ta'lim muassasasida ham yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Yuqorida nomlari tilga olingan shaxslar sud hukmi bilan tegishli jazoga tortildi.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida yuqoridagi kabi qonunni nazar-pisand qilmaydigan kimsalarga o‘rin bo‘lmasligi kerak. Chunki farzandlar tarbiyasi yurtning kelajagini belgilovchi mezonlardan biridir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid