Iqtisodiyot | 15:00 / 06.12.2017
18950
5 daqiqa o‘qiladi

Konversion kartalardan foydalanish bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilindi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki chet el valyutasi oldi-sotdisi bo‘yicha bank xizmatlari ommabopligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentabrdagi PF-5177-sonli Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarga chet el valyutasini tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalariga erkin sotish va konversion bo‘limlaridan sotib olish va chet elda hech qanday cheklovlarsiz ishlatish huquqi berildi.

Milliy valyutaning yagona to‘lov vositasi sifatidagi mavqeini mustahkamlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi hududida tovar va xizmatlar (ishlar) uchun chet el valyutasida to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlandi.

Mamlakat hududidagi barcha to‘lovlar milliy valyutada amalga oshirilishi lozimligini inobatga olib hamda noqonuniy va spekulyativ operatsiyalarning oldini olish maqsadida ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan valyutani qonuniy ravishda erkin xarid qilish imkonini beruvchi chet el valyutasini sotib olish tartibi joriy etildi.

Jismoniy shaxslarning konversion kartalaridan chet elda foydalanish bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilindi, xususan:     

• bankomatlar orqali cheklanmagan miqdorda naqd chet el valyutasini yechish imkoniyati yaratilib, barcha mavjud kunlik va oylik cheklovlar bekor qilindi;      
• konversion kartalardan foydalanishda mamlakat va turli xil maqsadlar bo‘yicha o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilindi. Endilikda ushbu kartalar orqali dunyoning barcha mamlakatlarida istalgan do‘kon, mehmonxona va to‘lov qabul qilish imkoni mavjud bo‘lgan nuqtalarda to‘lovlarni amalga oshirish mumkin;   
• konversion kartalardagi mablag‘lardan O‘zbekistondagi banklar orqali tegishli  hujjatlar (invoys) taqdim etgan holda davolanish, o‘qish va boshqa maqsadlar uchun foydalanish mumkin. 

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini sotib olish imkoniyati berildi. Natijada iste'mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, banklardagi hisobvaraqlar orqali sotib olishga ruxsat berildi (xarid qilingan chet el valyutasi bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va mijozga xalqaro to‘lov kartasi taqdim etiladi).

Shu munosabat bilan, yakka tartibdagi tadbirkorlar chet el valyutasini cheklanmagan miqdorda xarid qilib, ushbu mablag‘larni o‘z xohishiga ko‘ra, joriy xalqaro operatsiyalar (tovar va xizmatlar importi) to‘lovlari uchun yo‘naltirishlari mumkin. Bunda chet el valyutasini xarid qilishda savdo tushumi va bankka kirim qilingan mablag‘lar hisobidan amalga oshirishlari mumkin.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar xarid qilingan chet el valyutasini cheklovlarsiz foydalanishlari mumkin:         

• mamlakat hududidan tashqarida – xalqaro to‘lov kartalari orqali, shu jumladan bankomat orqali naqd chet el valyutasini yechib olish yo‘li bilan;       
• mamlakat hududida – tasdiqlovchi hujjatlar (invoys yoki to‘lov uchun hisob, import shartnomasi va b.) asosida bank o‘tkazmasi yo‘li bilan.

Doimiy ravishda aholining chet el valyutasiga bo‘lgan talabini qondirish uchun yangi bank instrumentlari joriy qilinmoqda. Xususan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida:        

• konversion kartalar orqali mehmonxona, aviachiptalar, onlayn-do‘konlardagi xaridlar va boshqa maqsadlar uchun internet-to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.        
• chet elga pul o‘tkazmasi amalga oshirilayotganda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi naqd pul mablag‘larini, shu jumladan, ularning bank kartalaridagi mablag‘larini avtomatik tarzda konvertatsiya qilish tartibi joriy qilingan.

Bank xizmatlari narxini pasaytirish, tijorat banklari o‘rtasida raqobatni rivojlantirish sharoitini yaratish uchun bozor mexanizmlari joriy qilinmoqda.

Natijada, so‘nggi paytlarda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish bilan bog‘liq bank komissiyalarining pasayish tendensiyalari kuzatilmoqda. Hozirgi kunda yuqorida ko‘rsatilgan operatsiyalarni o‘tkazishda bank komissiyalari quyidagicha belgilangan:

• konversion karta orqali to‘lov uchun – 0,5-1,0%;
• jismoniy shaxslardan chet el valyutasini sotib olishda komissiya undirilmaydi;
• yuridik shaxslar mablag‘larining konvertatsiyasi uchun – asosan 0,2-0,5%.

Mavzuga oid