O‘zbekiston | 00:01 / 06.12.2017
9613
5 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekistonda tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: skkynet.com

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tarqatilgan press-relizga ko‘ra, 2000–2015 yillarda O‘zbekistonda elektr energiyasi iste'moli 46,8 mlrd. kVt-soatdan  57,5 mlrd. kVt-soatgacha ko‘tarilgan. Baholashlarga ko‘ra, 2020 yilga borib mamlakat 25 foizga ko‘proq yoki 71,8 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi iste'mol qiladi.

Mamlakat elektrostansiyalarining joriy holatda o‘rnatilgan quvvati 12994 MVtga teng, jumladan «O‘zbekenergo» DAKning 29 ta issiqlik va gidroelektrstansiyalarining o‘rnatilgan quvvati 12514 MVtni tashkil etmoqda. Bir vaqtning o‘zida, O‘zbekistondagi quyosh, shamol va gidroenergetikaning taqribiy salohiyati mos ravishda yiliga o‘rnatilgan quvvat miqdorida 530 mlrd. kVt-soat, 520 mlrd. kVt-soat va 1800 mlrd. kVt-soatga teng. Jahon banki guruhi tiklanuvchi enegiya manbalari sohasida ishlab chiqayotgan siyosati va mamlakat iqtisodiyotini o‘sishida muhim omil bo‘luvchi ushbu sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar uchun O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu yilning 5–6 dekabr sanalarida Toshkentda tiklanuvchi energiya manbalari (TEM) sohasida ishlab chiqiluvchi siyosatga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tmoqda. Seminar O‘zbekiston hukumati va Jahon banki guruhi bilan birgalikda, Tiklanuvchi energiya manbalari xalqaro agentligi (IRENA) bilan hamkorlik tashkil etilgan. Tadbirda vazirliklar va davlat idoralari, energetika kompaniyalari, ekspertlik va akademik doiralarning 80 ga yaqin vakillari ishtirok etishdi.

Seminar hukumatning O‘zbekistonda TEMni joriy etish bo‘yicha sa'y-harakatlariga ko‘mak ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Tadbir doirasida strategiya, siyosat, normativ baza, institutsional mexanizmlar, zamonaviy texnologiyalarga oid ilg‘or tajribalar, shuningdek, TEM sohasida loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish muhokama qilinmoqda. Xususan, Lotin Amerikasi, Afrika va Janubiy Osiyo tajribalari ko‘rib chiqiladi. Ushbu tadbir TEM masalalarida yo‘l xaritasi ishlab chiqishga katta hissa qo‘shishi, 2017–2021 yillarda tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirishning chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirishda mamlakat hukumatiga yordam berish, shuningdek, TEMning rivojlanishida xususiy sektor tomonidan investitsiya oqimini rag‘batlantirishga mo‘ljallangan.

«O‘zbekistonda TEMni rivojlantirish nega bu qadar muhim?

Birinchidan, bu mamlakatning energetik xavfsizligini ta'minlab, energetika tuzilmasini diversifikatsiya qilib, energiya yetkazib berishning uzoq muddatli ishonchliligini oshiradi.

Ikkinchidan, TEMdan foydalanish iqtisodiy samarali, chunki u bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalanilayotgan va muqobil bahosi baland bo‘lgan uglevodorod xom ashyosi (ko‘mir va tabiiy gaz) iste'molini qisqartiradi.

Uchinchidan, TEMni joriy etish yangi ish o‘rinlariga ega soha yaratilishiga xizmat qiladi.

To‘rtinchidan, TEMdan foydalanish yoqilayotgan uglevodorod xom ashyosining va atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar qisqarishi hisobiga ekologiya va inson salomatligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Nihoyat, TEMning joriy etilishi sayyoramizda iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan issiqxona gazlarini qisqartirish borasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishda mamlakatga yordam beradi» — degan Jahon bankining energetika sohasidagi global amaliyoti rahbari Samir Shukla.

Hukumat 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan besh ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlar Strategiyasi doirasida amalga oshirilishi mo‘ljallangan ustuvor vazifalar qatorida TEMni joriy etishni ham belgilab olgan. Jahon banki guruhi hukumatning mamlakat energetika tuzilmasida TEM ulushini 2016 yildagi 12,7 foizdan 2025 yilda 19,7 foizgacha oshirish borasidagi sa'y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, 2015 yilda Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalardan biri doirasida Shamollar Atlasi — kompyuter modellashtirilishi usuli bilan ishlab chiqilgan O‘zbekiston shamol energetikasi salohiyatiga doir interaktiv axborot-tahliliy tizimi yaratilgan. Ushbu Atlas O‘zbekistonning alohida hududlarida yirik shamol elektr stansiyalari yaratish uchun yetarli bo‘lgan ulkan shamol resurslariga ega ekanligini namoyish etadi.

Bundan tashqari, Jahon banki guruhi vakillari TEM sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida Bank tuzilmalari O‘zbekiston hukumati va xususiy sektorga ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan moliyaviy, maslahatga doir va sug‘urta yordamlari haqida so‘zlab berishadi.

Ayni paytda Jahon banki O‘zbekistonda qiymati 2 mlrd. AQSh dollari bo‘lgan 16 ta loyihani qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu loyihalar qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta'lim, shahar taraqqiyoti, suv ta'minoti va sanitariya kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan.

Mavzuga oid