Jahon | 16:30 / 07.12.2017
15183
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh Isroildagi elchixonasini nega Al-Quds shahriga o‘zgartirmoqchi va uning qiymati qancha?

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat elchixonasini Tel-Avivdan Al-Quds shahriga o‘tkazishi bilan yana bir bor jahon siyosati muhokama markazida qolmoqda. Gap shundaki, Falastin avtonomiyasi va Isroil hukumati o‘rtasidagi nizoli hudud sifatida tan olingan shahar shu kungacha yirik siyosiy kuchlar tomonidan Isroil poytaxti, deb e'tirof etilmagan.

Aslida mamlakat markazi maqomini anglatuvchi bir nechta omillar mavjud bo‘lib, ulardan ma'muriy boshqaruv binolari, xorijiy elchixonalar va shaharning rivojlanganlik darajasi shunday sifatlarni o‘zida mujassam etadi.

Ayni paytda jahon hamjamiyati tomonidan Isroil poytaxti sifatida ko‘rilayotgan Tel-Aviv shahrida 86 ta xorijiy elchixonalar faoliyat yuritmoqda. Hattoki, elchixonasini Al-Quds shahrida ochgan Kosta-Rika va Salvador davlatlari ham 2006 yil avgust oyida qarorgohini Tel-Avivga o‘zgartirgan.

Endilikda AQSh Al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida ko‘rib, o‘z elchixonasini aynan shu shaharga ko‘chirishni maqsad qilmoqda. Bunday holatga nafaqat mamlakat ichida, balki NATO bo‘yicha ittifoqchi Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya ham salbiy munosabat bildirmoqda.

Turkiya esa ikkitomonlama iqtisodiy munosabatlar rivoji uchun qabul qilingan davlat dasturini to‘xtatish, Isroil hukumati bilan rasmiy aloqalarini uzish bilan javob qaytarishini ma'lum qildi.

Arab Ligasi davlatlari tezkor navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu holat BMT Xavfsizlik Kengashida ham muhokama etilishi mumkin. Tabiiy savol paydo bo‘ladi: shuncha g‘alva amerikaliklarga nega kerak va uning bahosi qancha?

Ikkinchi Jahon urushi yakunlangach, ya'ni 1947 yil BMT tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyaga ko‘ra, Isroil va Falastin davlatlari paydo bo‘lishi, shuningdek, Al-Quds shahri qadimiy madaniyat va dinlararo markaz bo‘lgani tufayli xalqaro jamoatchilik nazoratiga topshirilishi belgilangandi. Ammo arablar bu shartga ko‘nmay, ushbu rezolyutsiya nohaqlikni madh etishda ko‘mak berishini ta'kidlaydi.

Arab-Isroil to‘qnashuvlari turli sabab va bahonalar bilan rivojlanib borgan, 1967 yili yuz bergan «Olti kunlik urush»da esa Isroil hukumati Sharqiy Al-Quds (yoki Quddus)ni egallab oladi. Jahon hamjamiyati ushbu harakatni o‘zganing yerini bosib olish, deb bilib, tezkorlik bilan shahardan harbiylarni olib chiqilishi talab qilinadi. Shu davrdan buyon, YeI, AQSh, Rossiya va BMT ishtirokidagi to‘rtlik kontakt guruhi insoniyat tarixida eng uzoq cho‘zilib kelayotgan maslahatlashuvni olib bormoqda.

Isroil va AQSh munosabatlarini yaxshi anglash uchun tarixiy bir nechta hodisalarga e'tibor qaratish lozim.

Isroil davlati tuzilgan chog‘da, AQShda uning mustaqilligini tan olish masalasida ikki xil fikrlovchilar paydo bo‘ldi. Birinchi guruhga Davlat kotibi Jorj Marshall yetakchiligidagi mamlakat tashqi siyosati haqida qayg‘urayotganlar to‘plangandi. Ularning fikricha, Isroil mustaqilligini tan olish AQShning Yaqin Sharq mintaqasida arab strategik sheriklari bilan aloqalarni yomonlashib qolishiga olib keladi. Qolaversa, ular neft zaxirasi va geosiyosiy kuchga ega edi. Ikkinchi guruhga Davlat maslahatchisi, siyosiy texnolog Klark Klifford boshchilik qilardi. Bu kishilarni tashqi siyosat, umuman xalqaro munosabatlardagi ahvol qiziqtirmay, asosiy masala prezident Harri Trumenni ikkinchi muddatga saylanishiga erishish bo‘lgan.

Saylovoldi kampaniyasida shunisi ma'lum bo‘ldiki, aholisining asosiy qismi yahudiylardan tashkil topgan Nyu-York okrugida qo‘lga kiritilgan natija hammasini hal qilishi mumkin. Aynan shu paytda, ishbilarmon Eddi Jyekobson maslahatchi Klifford bilan uchrashib, Isroil mustaqilligi tan olinsa, Trumenning g‘alabasi Nyu-York okrugida ham kafolatlanishini ma'lum qiladi.

Siyosiy texnolog so‘zlariga quloq tutgan prezident Harri Trumen ikkinchi muddatga saylangach, Davlat kotibi tuzgan reja bo‘yicha ish tutdi: maxsus qaror orqali mintaqada ikki xalqning mustaqil davlati tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladi. Shuning bilan AQSh Yaqin Sharq mintaqasidagi eng kerakli ittifoqchilarni ham atrofidan qochirib yubormadi.

So‘nggi 30 yil ichida AQShda istiqomat qiluvchi yahudiy jamoalarning moliyaviy qudrati ancha miqdorga oshgan. Oxirgi o‘tkazilgan prezidentlik saylovida ham yahudiy millatiga mansub ishbilarmonlar, jumladan Sheldon Adelson, Pol Singer, Norman Braman, Stiven Koen va Mark Epshteyn respublikachilar nomzodini to‘liq qo‘llab turdi. Kongress va prezidentlik uchun o‘tgan saylovoldi kampaniyasi uchun yahudiylarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari hisobidan 350 million AQSh dollari sarflangan.

Moliyaviy va siyosiy qo‘llab-quvvatlash natijasida kuchli yahudiy lobbistlar guruhi shakllangan bo‘lib, bu ayni kunlarda Respublikachilar partiyasi siyosatida o‘zining ta'sirini bildirmoqda.

Ta'kidlash joizki, sobiq prezident Barak Obama uzoq muddatda Eron vakillari bilan erishgan yadro dasturi bo‘yicha kelishuvni bekor qilish hamda AQSh elchixonasini Al-Qudsga ko‘chirish Donald Tramp oldida turgan katta majburiyat hisoblanadi. Birinchi vazifani uddalashning imkoniyati deyarli yo‘qqa chiqqan. Negaki, Demokratlar, prezident ma'muriyatidagi ko‘pchilik va ishbilarmonlar doirasi ushbu kelishuvni bekor bo‘lishi ortida AQSh kutilmagan siyosat ko‘chasiga kirib qolishi yaxshi biladi. Prezident oldida yagona tanlov qolmoqda: Al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olish kerak.

Bu qaror yana bir qiziqarli hodisa davom etayotgan paytda qabul qilindi. Ya'ni, AQSh Senati yopiq eshiklar ortida prezident sobiq maslahatchisi Maykl Flinnning ko‘rsatmasini eshitishga tayyorgarlik ko‘rish chog‘i va Myuller komissiyasi tergovi avjiga chiqqanda AQSh Isroilga yon bosmoqda. Go‘yoki, Rossiya siyosiy kuchlarining AQShda o‘tkazilgan prezidentlik sayloviga ta'sir o‘tkazilgani bir yil davomida muhokama markazida bo‘lib kelgan. Savollarga javob topilmasdan, Tramp antiqa harakatlarni namoyish qilmoqda.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid