Jahon | 10:40 / 07.12.2017
11319
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh elchixonasini Al-Qudsga ko‘chirishni formal jihatdan kechiktirish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi

AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Al-Qudsni Isroilning poytaxti deb tan olinishini va Amerika diplomatik missiyasini bu shaharga ko‘chirishga tayyorgarlik boshlash haqida rasman e'lon qilgach, AQSh kongressiga elchixonani ko‘chirishni formal jihatdan 6 oyga to‘xtatib turish haqida bildirishnoma yo‘llagan, deb yozadi TASS.

Seshanba kuni Oq uy vakillarining tushuntirishlaricha, AQSh elchixonasini Al-Qudsga ko‘chirish haqidagi 1995 yilgi qonunda belgilab qo‘yilgan bu tadbir Isroildagi diplomatik missiyaning ishlashi uchun zarur bo‘lgan mablag‘lardan tashqi siyosat idorasini mahrum qilmaslik uchun qo‘llanilgan. Prezident ma'muriyati vakillarining ta'kidlashlaricha, Al-Qudsda yangi diplomatik vakolatxona ochilgunga qadar navbatdagi keyinga surish zarur bo‘lib turadi. Shu munosabat bilan, davlat rahbari ushbu hujjatni yana bir necha bor imzolashiga to‘g‘ri keladi.

Al-Qudsning statusi — falastin-isroil mojarolarida eng asosiy muammolardan biri. Isroilliklar shaharning sharqiy qismini 1967 yilgi urush natijasida bosib olishgan. Ular Al-Qudsni Isroilning yagona va bo‘linmas poytaxti deb iddao qilib kelishadi. Falastinliklar esa shaharning sharqiy qismini o‘z poytaxti qilish istagida.

Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan qadamlardan qochib, AQShning o‘sha paytdagi prezidenti demokrat Bill Klinton o‘z vakolatlaridan foydalanib qonunning ishga tushishini ortga surib kelgan. Klinton o‘rnini egallagan respublikachi kichik Jorj Bush ham bu ishni davom ettirib, hattoki 2000 yilgi saylovoldi chiqishlarida elchixonani Al-Qudsga ko‘chirish borasida saylovchilarga bergan va'dasini ham bajarmagan edi. Barak Obama ham har olti oyda ushbu qonunning kuchga kirishini ortga surib turgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid