O‘zbekiston | 18:20 / 10.12.2017
17643
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi o‘tkazish punktlarida yanada keng imkoniyatlar yaratiladi

Foto: bojxona.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan dunyodagi barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan samarali aloqalar yanada mustahkamlanib bormoqda.

Ma'lumki, joriy yilning sentabrida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti N.Nazarboyevning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat chegaralariga tutash hududlarni tartibga solish va o‘tkazish punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiyasiga oid “Yo‘l xaritasi" imzolangan edi.

Ushbu hujjatda belgilab berilgan chora-tadbirlar ijrosini ta'minlash maqsadida “Yallama” chegara o‘tkazish punktida O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalarining bojxona, chegara va boshqa ma'sul tashkilot mutasaddilaridan iborat ishchi guruhlarning ushbu davlatlar chegara-bojxona postlari infrastrukturasiini mustahkamlashga qaratilgan masalalarda uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu “Yo‘l xaritasi"ning hayotga tadbiq etilishi O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasi bilan chegarada joylashgan o‘tkazish punktlarida jismoniy shaxslarning piyoda yoki shaxsiy avtomobillaridagi harakati, shuningdek, ikki qo‘shni davlat hududlaridan o‘tuvchi yuk tashuvchi, jumladan, tranzit harakatlanayotgan transportlar uchun ham tez va qulay harakatlanishida yanada keng imkoniyatlar yaratadi.

Foto: bojxona.uz

Tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga asosan, o‘zbek-qozoq chegaralarida joylashgan "xalqaro" maqomidagi hamda ish hajmi keng bo‘lgan o‘tkazish punktlarida, 2018-2019 yillar davomida rekonstruksiya ishlari, katta hajmdagi rentgen-skaner apparatlari, radiatsion-nazorat tizimlari bilan jihozlash, videokuzatuv tizimini yanada yaxshilash, avtotransport vositalarining davlat raqamlarini aniqlash va yuk tashuvchi transportlarning og‘irligini aniqlaydigan jihozlarni o‘rnatish nazarda tutilgan.

Tashrif davomida ikki davlatning ishchi guruhlari a'zolari «Yallama», «G‘isht-ko‘prik», «Zangiota» va «Toshkent» kabi o‘tkazish punktlarida bo‘lib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan, xususan, mazkur postlarning infrastrukturasi, maxsus uskunalar va yordamchi texnik vositalar bilan jihozlangani hamda bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazish tartibotlari bilan yaqindan tanishib, ularni baholadilar.

Tadbir yakuniga ko‘ra, tomonlar kelishuvi tegishliligicha bayonlashtirildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid