Jahon | 18:40 / 12.12.2017
8338
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya AQShdan Olimpiada vaqtida harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazmaslikni so‘radi

Foto: Reuters

Seul Shimoliy Koreya tomonidan ig‘vogar harakatlar amalga oshirilishi mumkinligi uchun AQShga 2018 yilgi Olimpiada va Paralimpiada o‘tkazilishi vaqtida birgalikdagi harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazmasliklik iltimosi bilan murojaat qildi. Bu haqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda Financial Times nashri xabar bermoqda.   

Manbalarning ma'lum qilishicha, Seul AQSh bilan o‘tkaziladigan an'anaviy bahordagi mashg‘ulotlarni Paralimpiada tugashi – 18 mart kunigacha o‘tkazmaslikni istamoqda. Ikkita manbaning ta'kidlashicha, AQSh bunga rozilik beradi.  

Seul Pxenyan tomonidan ig‘vogar harakatlar amalga oshirilishi mumkinligidan tashqari, Koreya yarimorolidagi vaziyatning keskinlashishi Olimpiada va Paralimpiada chiptalari talabiga salbiy ta'sir ko‘rsatishidan xavotirlanmoqda.

Janubiy Koreya mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar bo‘yicha hali qaror qabul qilinmaganini ma'lum qilgan. Pentagon va AQSh milliy xavfsizlik xizmati ushbu vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi. AQSh qurolli kuchlarining Tinch okeanidagi qo‘mondonligi vakili Deyv Benxamning aytishicha, AQSh va Janubiy Koreya “Key Resolve va Foal Eagle mashg‘ulotlari o‘tkazilishi istiqbollarini muhokama qilishni” davom ettirishadi. 

Nashrning ta'kidlashicha, Janubiy Koreya bu taklifni mamlakat prezidenti Mun Chje Inning Xitoyga tashrifi arafasida bildirdi. Olimpiada chiptalariga talabning pastligi sabablaridan biri Janubiy Koreyaga xitoylik sayyohlar guruhlari tashrif buyurishiga taqiqlov hisoblanadi. Ushbu taqiqlov Seul o‘z hududida joylashtirishga ruxsat bergan, AQShning raketalar hujumiga qarshi mudofaa tizimlari borasidagi bahslar sababli mart oyidan beri amal qiladi.  

Shu sababli, mashg‘ulotlarning ko‘chirilishi tashabbusi bildirilishining ehtimoliy sabablaridan biri Pekin bilan aloqalarni yaxshilash va sayyohlar uchun taqiqlovlarning olinishiga erishib ko‘rish istagi hisoblanadi.

2017 yilda AQSh va Janubiy Koreyaning an'anaviy Foal Eagle va Key Resolve mashg‘ulotlari mart oyi boshida boshlanib, 2 oy davom etgan.

2018 yilgi qishki Olimpiada Janubiy Koreyaning Pyongchangida 9-25 fevral, Paralimpiada esa 9-18 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid