Jamiyat | 17:10 / 13.12.2017
31060
10 daqiqa o‘qiladi

Chirkin ko‘cha oxiridagi fojia: Qashqadaryoda yana bir mudhish qotillik yuz berdi

Hayotdan zavq olib yashashning yo‘llari ko‘p. Tabiiyki, es-hushi joyida, aqli teran kishilar bu yo‘llarni allaqachon topib olganlar va shu bois huzur-halovatda yashamoqdalar. Biroq, bu yo‘llarni topa olmaganlarchi? Hayotni o‘yin deb bilguvchi, yoshlikning o‘tkinchiligi bahonasida turli axloqsizlik, ichkilikbozlik, qing‘ir ishlarga qo‘l urib yo‘ldan adashganlar qismatiga hech kim havas qilmasa kerak. Biz ichkilikni barcha illatlarning doyasi, deya juda ko‘p ta'kidlaymiz. Bu gapning qanchalar haqiqat ekanligini esa hayotning o‘zi bir necha marta isbotlagan.

Hazrat Alisher Navoiyning “Mahbub-ul qulub” asarida “May ichmoq – jigar qonin ichmoqdir; may ichish bilan zahar yutma; jonning naqdinasini sochish bilan nasling tuxmini quritma”, deb tanbeh berganlar. Ha, afsuski, ichkilik sabab sodir bo‘lgan va bo‘layotgan jinoyatlar, fojialar oz emas. Bugun yanada tashvish uyg‘otayotgani esa, ba'zi yoshlarimizning bu illatga ergashayotganligidir. 

“Huquq” gazetasining yozishicha, joriy yilning 24 yanvar kuni navbatchilikda qolgan Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani tibbiyot birlashmasi orastaboni Muazzam Mirzayeva hamkasbi Diyoraxon bilan kechki soat 21:00 larda suv olib qaytarkan, ko‘chadagi g‘ala-g‘ovurni eshitib qoladi. Nima gapligini bilish maqsadida ikkovi ko‘chaga chiqishganida devor yonida ikki yigit turganini va ulardan biri yerda ag‘anab yotgan kishini tepkilayotganining guvohi bo‘lishadi. Yigitlardan birining “bo‘ldi urma, o‘ldirib qo‘yasan”, degan gapini eshitgach, Diyoraxon ham jon holatda, “o‘ldirib qo‘yasizlar”, deb baqirib yuboradi. Ayollarning ovozini eshitgach, yigitlar qochib ketishadi. Atrof qorong‘i bo‘lgani bois, ular yigitlarni taniy olishmaydi. Diyoraxon tezda bo‘limga qaytib, navbatchi shifokorga bo‘lgan hodisani ma'lum qiladi. Shifokor bu haqda tuman IIBni ogohlantiradi. Hodisa joyiga yetib kelgan IIB xodimlari jabrlanuvchini shifoxonaga olib borishadi. Ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmaydi. Tergov jarayonida marhum – Qamashi tumanidagi temir yo‘l vokzalida yuk qabul qiluvchi vazifasida ishlovchi Abror Mo‘minov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ekanligi aniqlanib, tezkor qidiruv davomida aybdorlarning qilmishlari fosh etiladi...

***

Endigina yigirma yoshdan oshgan Sarvar va Og‘abekni jinoyatga boshlagan, panjara ortiga yetaklagan ichkilik bo‘ldi. Tengdoshlari hayotda o‘z o‘rnini topish, oliygohlarga o‘qishga kirish taraddudida yurgan bir paytda bu ikki do‘st pana-pastqamda yurishni, aroqxo‘rlikni odat qilishdi. Oqibatda esa qotillikdek mudhish jinoyatga qo‘l urishdi.

Ushbu fojia tafsilotini davom ettirishdan avval e'tiboringizni taniqli adib Tohir Malikning mana bu fikrlariga qaratishni joiz deb bildik: “Bizning farzandlarimiz – bizning qariligimizdir. To‘g‘ri tarbiya – xayrli oqibat, ya'ni saodatli qarilik. Yomon tarbiya – g‘am-alamga, xorlikka qorishgan qarilikdir. Faqat bugina emas, el-yurt oldidagi burchimizni bajara olmaganimiz oqibatida bo‘ynimizga tushadigan gunohdir. Ayrim ota-onalar uchun esa, tavqi la'natdir”.

Darhaqiqat, hayotni o‘yin, kayf-safodan iborat deb bilgan bu yigitlar tanlagan yo‘lining oxiri yo‘qligini, betayin yurishlarning oqibati jinoyat bilan tugashi mumkinligini juda kech tushunib yetishdi. Bu jarayonda ota-onalari ham mo‘ylovi sabza urib, “ulg‘ayib” qolgan bolalarining tarbiyasiga, ichkilik ichishiga ortiqcha e'tibor bermay qo‘yishgani ularga qo‘l kelgan bo‘lsa, ajab emas.

Sarvar Abror bilan tasodifan tanishib qolgandi. O‘shanda Shahriyor ismli qo‘shnisi unga temir yo‘l vokzalida ishlovchi Abror degan tanishi kabutar go‘shti qovurib berishini aytib, uni birga borishga undagandi. Sarvar vaqti yo‘q, deya bahona qilganida Shahriyor davrada jononlar ham bo‘lishini aytib, uni qiziqtiradi. Bu gapni eshitib, Sarvar ortiqcha qarshilik ko‘rsatmay, unga ergashadi. 

Mehmonlarni ko‘rib, Abror dasturxon tuzashga kirishadi. Shunda Sarvar Abror degani otasi tengi odam ekanligini biladi. Biroq, hech qanday istiholaga bormay, ko‘zi olazarak bo‘lib, ayollarni izlaydi. Ammo mezbon Shahriyor aytganidek, kutib olmaydi. Suhbat jarayonida Abror undan ismini so‘raganida, Sarvar “Filip” deb javob beradi.

Sarvar bu “mehmondorchilik”ni unutib ham yuborgandi. Fojia sodir bo‘lgan kuni u o‘rtoqlari bilan tumandagi pedagogika kolleji hovlisida ulfatchilik qilib, aroq ichib o‘tirgandi. Shu payt unga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Go‘shakdan erkak kishining “Filip bormi?” degan ovozi eshitiladi. Sarvar avvaliga “boshqa birovga tushib qoldingiz”, degan javobni aytadi. Biroq, haligi odam qayta-qayta “Filip”ni so‘rayvergach, Abrorga o‘zini shunday deb tanishtirgani yodiga tushadi va “Men Filipman, nima ishingiz bor?” deya so‘raydi.

- Poliklinikaning oldiga kela olasanmi? – Abror gapni uzoqdan boshlaydi. Shunda Sarvar yana avvalgidek aldasa kerak, degan xayolda ishi borligini bahona qiladi. – Bir kelib ket, afsus qilmaysan. Zo‘ri bilan tanishtirib qo‘yaman.

Haligina ichib o‘tirgan arog‘i ta'sirida Sarvarning niyati buziladi. Shaytoniy nafsi ustun kelib, kap-katta odam aldamasa kerak, degan xayolda o‘rnidan qo‘zg‘aladi. O‘rtog‘i Og‘abekka qarab, “yur bir joyga o‘tib kelamiz”, deya uni ham o‘ziga sherik qiladi.

Chindan ham Abror ularni poliklinika oldida kutib turardi. Keyin yigitlarni ichkariga boshlab, xonalardan biriga olib kiradi. Dasturxon yozib, ularni mehmon qiladi. Tabiiyki, mehmondorchilik aroqsiz o‘tmaydi. Sarvar va Abror bitta shishani bo‘shatgach, shirakayf bo‘lib qolishdi. O‘zaro gurung yana ayollarga borib taqaldi. Sarvar unga ikki safardan beri aldayotganini aytib gina qildi. Bu gapdan so‘ng ikkisining ham ko‘ngli sust ketdi. Og‘abekni xonada qoldirib, tashqariga chiqib ketishdi.

Oradan yarim soatlar o‘tib, ular qaytib kelishdi. Bu vaqtda Sarvarning kayfi anchagina oshib qolgandi. Ular bir-birlariga ma'noli qarab, Og‘abekning yoniga o‘tirishdi. Birgalikda mehmondorchilikni davom ettirishga qaror qilishdi. Ammo yonlarida pullari kam qolganligi bois o‘rtada mojaro chiqdi.

- Abror aka, mehmondorchilikka chaqirdingizmi, oxirigacha mard bo‘ling. Pul bering, men ul-bul olib kelaman, - dedi Sarvar Abrorga ko‘zi suzilib.

- Uka, pulim qolmadi.

- Unda telefoningizni bering. “Zalokka” qo‘yib, narsa olib kelaman.

Abror bu gapga unamay tashqariga chiqdi. Bundan jahli chiqqan Sarvar dasturxon ustida turgan bo‘sh shishani qo‘liga olib, uning ortidan ergashdi.

- Telefonni bermaysizmi, mana sizga! – Sarvar kutilmaganda qo‘lidagi shisha bilan ulfatining yuziga tushirdi.

Abror bunday bo‘lishini kutmagandi. O‘zini himoya qilish uchun ko‘chaga qarab qocha boshladi. Butun vujudini qahr va g‘azab egallab olgan yigit esa uning ortidan quvib ketdi. Tezda yetib olib, oyog‘idan chalib, yerga ag‘anatdi. Keyin shisha bilan duch kelgan joyiga urib, tepkilay boshladi. Bir fojia yuz berishini bilib, Og‘abek ularni ajratishga urindi. Sarvar shundan so‘ng ham tinchimasdan Abrorning kiyimini titib, cho‘ntagidagi telefonini va kalitlar shodasini olib, Og‘abekka uzatdi. Shu payt qulog‘iga ayollarning baqirig‘i eshitilib, hushi joyiga keldi. Qo‘lidagi qonni ko‘rib qo‘rqib ketdi. Birov tanib qolmasligi uchun u Og‘abek bilan shu zahoti bu yerni tark etdi...

Sarvar Og‘abek bilan gapni bir joyga qo‘yib, javobgarlikdan qutulish uchun rosa urindi. Qilmishini tan olmay, o‘zini begunohdek ko‘rsatdi. Biroq to‘plangan dalillar, guvohlarning ko‘rsatmalari bilan jinoyat fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyati sudida ushbu ish atroflicha ko‘rib chiqilib, Sarvar Sadirovga 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud Og‘abek Mavlonovga jinoyatni yashirganligi va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsga yordam ko‘rsatmaganligi uchun 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. 

Bir inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ikki navqiron yigit umrining oltin davri panjara ortida o‘tadigan bo‘ldi. Insoniy fazilatu go‘zal xislatlar sarchashmasi oiladir. Endi o‘ylab ko‘raylik, ana shu chashma beg‘ubor bo‘lishi, farzandlarimiz undan bahramand bo‘lishi uchun nima qilishimiz lozim? Javobi bitta. Oilada imon-e'tiqod, ma'naviyat mustahkam bo‘lishi kerak. Ana shunda farzandlarimiz yaxshi tarbiya ko‘rib, voyaga yetadi, ular tufayli boshimiz xam bo‘lmaydi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid