Jahon | 19:50 / 13.12.2017
15024
2 daqiqa o‘qiladi

Islom mamlakatlari AQShga nisbatan sanksiyalar mexanizmini ishlab chiqishi mumkin

Foto: Getty Images

Donald Trampning Al-Qudsni Isroil poytaxti deb e'lon qilishga doir qaroridan so‘ng islom mamlakatlari BMT Xavfsizlik Kengashi (XK)ga AQSh ustidan shikoyat qilishi lozim. Tele Liban kanalining xabar berishicha, Livan prezidenti Mishel Aun Istanbuldagi Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ning chorshanba kungi sammitida shunday bayonot bilan chiqqan.

"AQShni bu qaroridan voz kechishga majbur qilish uchun ham  shunday qilish kerak bo‘ladi", - deya ta'kidladi u.

"AQSh BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharq mojarosi bo‘yicha rezolyutsiyasini buzdi, shunday ekan, u mintaqada tinchlik o‘rnatishga harakat qilayotgan buyuk davlat sifatida e'tirof etilishga haqli emas", - deya hisoblaydi Aun.

Livan prezidentining ta'kidlashicha, "IHT tomonidan Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgan har qanday davlatga nisbatan qo‘shma sanksiyalar mexanizmi ishlab chiqilishi  kerak".

Konstitutsiyaga ko‘ra, Livan prezidenti nasroniy bo‘lishi kerakligiga qaramay, Livan IHT a'zosi hisoblanadi. Aun 12 dekabr kuni Al-Qudsning AQSh tomonidan Isroil poytaxti deb tan olinishini "katta xato" deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Al-Quds "uch monoteistik din shahri" bo‘lib qolishi kerak. 

Istanbuldagi sammit IHTda raislik qilayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Unda 48 mamlakat vakili ishtirok etib, ulardan 16 nafari - davlat rahbarlari. Yig‘ilish so‘nggida yakuniy deklaratsiya qabul qilinadi va unda AQShning qaroriga "javob" qarori e'lon qilinadi. 

Mavzuga oid