O‘zbekiston | 21:17 / 10.11.2023
9082
7 daqiqa o‘qiladi

Muqobil koridorlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi - IHTdagi faollashuv nega muhim?

9 noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti ilk marta Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Kun.uz O‘zbekistonning bu tashkilot doirasidagi hamkorlikni kuchaytirishga bo‘lgan intilishlari zamiridagi omillar haqida so‘z yuritish uchun siyosatshunoslar Nargiza Umarova va Suxrob Bo‘ronovni “Geosiyosat” dasturiga taklif etdi.

— IHTning o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatishga qanday sabablar to‘siq bo‘lib kelgan?

Nargiza Umarova: — Bu tashkilot dastlab Pokiston, Eron va Turkiya ishtirokida tashkil etilgan. 1992 yil noyabr oyida O‘zbekiston ham qo‘shildi. Lekin yuridik jihatdan o‘tgan yilidan boshlab to‘laqonli ishtirok eta boshladik, ya’ni tashkilotning Izmir shartnomasi 2022 yilda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilindi.

O‘zbekistonning tashkilotdan ikkita maqsadi bor: Markaziy Osiyo davlatlari va qo‘shni mintaqa davlatlari bilan transport koridorlarini yaratish va savdo aylanmasini yuqori darajaga ko‘tarish. Mustaqillik boshida a’zo bo‘lib, lekin faollik ko‘rsatmaganiga sabab – o‘sha vaqtlardagi ichki va tashqi siyosatdagi omillar. Birinchi ma’muriyat davrida nisbatan yopiq siyosat olib borilgan. Shuning uchun bu tashkilotdan ham masofa saqlangan. Masalan, Eron bilan munosabatlar 2018 yildagina jonlandi, qo‘shni respublikalar bilan ham munosabatlar u qadar yaxshi emasdi. Hozirgi O‘zbekiston ancha ochiq, tashabbuskor siyosat olib boryapti.

Tashkilotning O‘zbekiston raisligi davrida ham asosan transport koridorlari va savdo aylanmalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar, tashabbuslar ilgari surdi.

— IHT faoliyati davomida qanday natijalarga erishdi?

Suxrob Bo‘ronov: — Tashkilot doirasidagi davlatlar tarixiy, diniy, mintaqaviy jihatlardan bir-biriga yaqin hisoblanadi. 4 ta strategik mintaqani o‘z ichiga olgan: Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo, O‘rta Sharq, Kaspiy. IHT “avval iqtisod, keyin siyosat” degan tamoyilga amal qiladi.

Ushbu tashkilotning imkoniyatlari juda ham keng. Ma’lum yillar davomida faoliyatida susayish bo‘ldi. Eronga sanksiyalar, Afg‘oniston muammosi, transport koridorlari masalasi. O‘zbekistonning tashkilotga raislik davrida 25 tadan ortiq turli tadbirlar amalga oshirildi.

Savdo-iqtisodiy masalalar. O‘zbekistonning tashqi savdo sheriklari bilan tahlil qilsak, mintaqaviy tashkilotlar doirasida IHT 3-o‘rinda turadi. Birinchi o‘rinda ShHT, ikkinchi – MDH. Shu tomondan olib qaralsa, imkoniyatlar keng ushbu tashkilotda. Tashqi iqtisodiy aloqalar, dengiz portlariga chiqish ayni mana shu a’zo davlatlar bilan bog‘liq va tashkilot biz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.

Nargiza Umarova: — Tashkilot tarkibiga qaraydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Pokiston bor. Ayni mana shu davlatlar bilan o‘sish dinamikasi bor so‘nggi yillarda. Shuning uchun O‘zbekiston bu platformadan maksimal foydalanmoqchi. Turli doiralardagi sammitlar bo‘lib o‘tmoqda, ya’ni muloqot ham muhim bunday jarayonda.

— Transafg‘on va Eron orqali okeanlarga chiquvchi loyihalarga IHT ko‘mak bera oladimi?

Nargiza Umarova: — Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida 2 ta asosiy transport koridori haqida gapirdi. Birinchisi – Transafg‘on. Hozir moliyaviy tomondan muammolar bo‘layotgan bo‘lsa-da, lekin qat’iy maqsad bor bu yo‘lakni ishga tushirish bo‘yicha, Pokiston tarafi ham shuni istayapti. Pokiston rasmiylari bilan uchrashuvlarda ham shu masala ko‘tarildi. Umuman, O‘zbekiston turli sammitlarda, uchrashuvlarda mana shu Transafg‘on koridori masalasini ko‘taryapti, loyiha investorlarga taklif qilinyapti.

Ikkinchi koridor – Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi. Agar shu temiryo‘l ishga tushsa, biz juda katta tranzit imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu temiryo‘lni Transkaspiy va Transafg‘on koridoriga ulash mumkin. Bundan tashqari, Eron orqali Yevropaga chiqish koridori masalasi ham ko‘rildi, bu Transkaspiy koridoriga muqobil bo‘ladi. Transafg‘on koridoriga bog‘lansa, Hind okeaniga chiqish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston esa asosiy bog‘lovchi – tranzit davlat bo‘ladi.

Lekin yagona transport tarifi masalasi bor, prezidentimiz ham, boshqa rasmiylarimiz ham doim shu masalani ko‘tarishadi. Yagona tarif siyosati juda muhim. Har kim o‘z bilganicha tarif belgilasa, yaxshi bo‘lmaydi. Bu borada Turkmaniston va Eron bilan ma’lum kelishuvlarga erishganmiz.

Suxrob Bo‘ronov: — Markaziy Osiyo davlatlarining barchasini qamrab olgan 2 ta tashkilot bor, biri MDH bo‘lsa, ikkinchisi IHT. Turkmaniston ayrim platformalarda yo‘q. Tranzit masalasida Turkmaniston muhim davlat biz uchun, aynan shu tashkilot doirasida ba’zi imkoniyatlarga ega bo‘lishimiz mumkin. Nargiza opa aytgan koridorlarni Turkmaniston orqali o‘tkazish imkoni bor. Real vaziyatda Afg‘oniston tomoni sammitda ishtirok etmayapti, tan olinmagan ham amaldagi hukumat.

Shunday bir beqaror vaziyatda bizga muqobil koridorlar kerak bo‘ladi. Turkmaniston orqali Eron va Turkiya bilan Yevropaga chiqish mumkin. Transport vazirlari uchrashuvida muhim bir bayonot imzolandi. Ya’ni Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya yo‘nalishi to‘g‘risida. Yana bir yo‘nalish ko‘tarilyapti: Tojikiston, O‘zbekiston, Eron, Turkiya yo‘nalishi. Bu ham bir istiqbolli yo‘l bo‘lishi mumkin. Afg‘onistondagi vaziyat beqaror bo‘lgani uchun muqobil variantlar taklif etilishi mumkin.

Transafg‘on yo‘nalishini ko‘pchilik faqat Pokistonga chiqadi deb biladi. Bu loyiha Eronga ham chiqishni nazarda tutadi. Bu loyiha doirasida yangi variantlar ham taklif etilmoqda. Hayraton-Mozori Sharif temiryo‘limizni Hirot bilan bog‘lasak, yaxshi bo‘lardi. Chunki Afg‘oniston va Eron savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantiryapti.

·       To‘liq suhbatni video shaklida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid