O‘zbekiston | 19:20 / 14.12.2017
39126
3 daqiqa o‘qiladi

Elmira Basitxanova: Hech qanday murojaat e'tiborsiz qolmaydi

Biroz muddat avval saytimizda e'lon qilingan «Sog‘liqni saqlash vazirligi 700 kishi imzolagan murojaatni anonim deb topdi» deb nomlangan maqoladan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova KUN.UZ tahririyatiga qo‘ng‘iroq qildi.

«Bizga qilingan murojaatda 700 nafar ijodkor o‘z ism-shariflarini qayerda ishlashlarini qavsda yozib, yordam ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan qizlar Baxtiniso Mahmudova hamda Iroda Umarovaning ism familiyasi va yashayotgan tumanlari — Chiroqchi va Forishdan boshqa hech qanday ma'lumot ko‘rsatishmagan. Ular qaysi ko‘chada, qaysi mahallada turishi noma'lumligicha qolgan. Agar o‘sha 700 ga yaqin insonning ism familiyasidan ko‘ra, o‘sha qizlarning aniq manzili ko‘rsatilganida men o‘zim ularning uyiga borib yordam berardim», — dedi Elmira Basitxanova biz bilan suhbatda.

«Nahotki, odamlarning sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi fikrlari shu qadar salbiy bo‘lsa? «Bir kishi o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilsa e'tiborsiz qoldiriladi-yu, 700 kishilik murojaat qandaydir kuchga ega», deb o‘ylashsa? Biz har qanday murojaatni javobsiz qoldirmaymiz. Shifo istagida yurgan yuzlab, minglab odamlarga vazirligimiz tomonidan yordam qo‘li cho‘zilmoqda. Davlatimiz rahbarining talabi ham shu. Hozirgina ham bir yigitning 1,5 yashar farzandini yuragini zudlik bilan operatsiya qilish masalasini hal qildik, ota xursand bo‘lib qabulimdan chiqib ketdi», — dedi E.Basitxanova.

«Virtual qabulxonaga elektron pochta orqali murojaat yozgan odamga ham qizlarning aniq manzillarini bilish uchun shaxsan o‘zim qo‘ng‘iroq qilib, tusha olmadim. Mavjud bo‘lmagan raqam degan javob oldim. Imkoni bo‘lsa bizga Baxtiniso Mahmudova hamda Iroda Umarovaning aniq manzillarini topishda yordam bersalaringiz», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari.

Tahririyatdan: Ma'lumki, KUN.UZ sayti ham davolanish istagida bo‘lgan va imkoniyatlari chegaralangan bemorlarga xayriya aksiyalari uyushtirib kelmoqda. Tan olish joiz, bizga murojaat qilgan bemorlarga yordam ko‘rsatishda Sog‘liqni saqlash vazirligi ham doimo yordam qo‘lini cho‘zib keladi. Ayni holat bo‘yicha, agar o‘zlari va yaqinlari rozilik bildirishsa, Baxtiniso Mahmudova hamda Iroda Umarovaga ham saytimizda yordam aksiyasini uyushtirib beramiz. Sog‘liqni saqlash vazirligi ham barcha zarur yordamni ko‘rsatishini vazir o‘rinbosari ham shaxsan ta'kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid