Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShning bosh yadroviy strategi Uchinchi jahon urushi oqibatlaridan ogohlantirdi
Amerikalik harbiy tahlilchi Daniel Ellsberg o‘zining “Qiyomat kuni mashinasi: yadroviy strategning iqrori” deb nomlangan yangi asarida Uchinchi jahon urushiga olib keluvchi sabablar va bu urushning oqibatlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Mutaxassisning fikricha, katta ko‘lamli ixtilofni elektronikadagi nosozlik, OAVdagi yolg‘on xabar yoki oqibati o‘ylanmagan buyruq keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, Vashington yoki Moskvadagi terakt haqida yolg‘on xabar yadroviy qarama-qarshilik uchun yetarlicha asos bo‘lishi mumkin.
Ellsbergning ta'kidlashicha, yetakchi harbiy davlatlar keragidan ortiqcha qaqshatqich salohiyatga ega. Uning aytishicha, bir necha kun davomidagi katta ko‘lamli yadroviy ixtilof millionlab odamlarning yo‘q bo‘lishi va insoniyatning halok bo‘lishiga olib keladi.
Mutaxassisda, shuningdek, AQSh rahbariyatining ommaviy qirg‘in quroliga munosabati ham xavotir uyg‘otmoqda. “Biz urush go‘yoki ommaviy qirg‘in quroli, atom bombalari hisobiga yutilgan deb hisoblaydigan, bu o‘zini oqlagan deb o‘ylaydigan yagona davlatmiz. Qurolga bunday munosabatda bo‘lish xavflidir”, deb aytmoqda mutaxassis.
Ellsberg asari so‘ngida umumjahon ixtilofining oldini olish bo‘yicha bir necha tavsiyalar berib o‘tgan: AQSh urush keltirib chiqarmasligi va yadro qurolini birinchi bo‘lib qo‘llamasligi, “yadro triadasi”ning yerdagi unsurini bartaraf etishi kerak. Biroq mutaxassis bu yuz berishiga ishonmayapti, ammo bu tashabbusni ilgari surish lozim, deb ta'kidlagan. “Yadro quroli bilan hazillashish yaramaydi. Bu nafaqat uchinchi davlatlarning “aqldan ozgan” yetakchilariga tegishli”, deb aytgan Ellsberg.
Ellsberg 1959 yilda RAND tadqiqot markazida faoliyatini boshlab, bu markazda AQShning yadroviy strategiyasi masalalari bilan shug‘ullangan. U AQSh-Vetnam munosabatlari haqidagi maxfiy ma'ruza ustida ishlagan. U amerikaliklarning Vetnamdagi xatti-harakatlariga avvalboshdan tanqidiy yondashgan holda, bu ma'ruzani 1971 yilda The New York Times nashriga bergan. Unga bu ishi uchun 115 yillik qamoq jazosi xavf solgan, biroq u oxir-oqibat oqlangan. Mutaxassis Julian Assanj va WikiLeaks sayti faoliyatini qo‘llab-quvvatlab keladi.