10:36 / 19.12.2017
9362

Lisenziyasiz dorifurush va elektromontyorning talabi

Dorishunoslik bo‘yicha biron-bir malakaga, bu borada savdo faoliyatini olib borish uchun litsenziyaga ega bo‘lmay turib, Ko‘kdala markaziy shifoxonasidagi xonada dori-darmon sotayotgan Baxtiyor Shoyimov hech qanday hujjatlarsiz 166 turdagi, jami 6 mln. 463 ming so‘mlik dori vositalarini sotayotgan vaqtida SVOJJDLQK departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining ma'muriy jazo qo‘llash haqidagi qaroriga asosan undan olingan dori vositalari majburiy tarzda yo‘q qilinib, noqonuniy faoliyatdan tushgan pullar davlat hisobiga o‘tkazildi. Shuningdek, Baxtiyor Shoyimov ushbu qilmishiga ko‘ra jarimaga ham tortildi.

Yana bir holat, fuqaro Jamshid Muratov xonadoniga yangi elektr energiyasi hisoblagich o‘rnatdi. Uni rasmiylashtirish uchun Chiroqchi tumani elektr ta'minoti korxonasida montyor vazifasida ishlayotgan Dilbar Tillayevaga uchrashdi.

-  Yuz ming so‘m bersangiz, hisoblagichingizni korxona kompyuteriga “kiritib” beraman, - dedi montyor ayol.

Jamshid noiloj rozi bo‘ldi. Biroq...

Dilbar Tillayeva undan firibgarlik yo‘li bilan 100 ming so‘m olayotgan chog‘ida SVOJJDLQK departamentining Chiroqchi tuman bo‘limi va tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining ajrimiga ko‘ra Dilbar Tillayevaga nisbatan jinoyat ishi yarashuv asosida tugatildi.

Shu tariqa montyor ayolning yuzi shuvut bo‘ldi. Xonadonlarni charog‘on etish uchun mas'ul bo‘lgan bu xodim endi elektr energiyasi iste'molchilari ko‘nglini zimiston qilish oqibati qanday bo‘lishini anglab yetgan bo‘lsa, ajabmas...

Top