O‘zbekiston | 21:00 / 19.12.2017
55344
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan muloqot qildi: Prezident yana AQShga borishi mumkin

Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Ikki davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Amerika hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilishgan.

O‘zbekiston va AQSh rahbarlarining 2017 yil may oyida Ar-Riyoz shahrida va joriy yil sentabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya, moliya, texnologiyalar sohalarida va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik sezilarli darajada faollashishiga xizmat qilmoqda.

Davlat rahbari Prezident Donald Trampga O‘zbekiston delegatsiyasining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish maqsadida AQShga tashrifi chog‘ida uyushtirilgan samimiy qabul, shuningdek, AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan yirik biznes-forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zi va ushbu anjumanni qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

O‘z navbatida AQSh Prezidenti O‘zbekiston xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, uning mehnatkashligi tahsinga loyiq ekanini ta'kidladi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, demokratik va iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi, jumladan, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta'minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan aniq tadbirlarni yana bir bor qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

AQSh Prezidenti O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperatsiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati va faol sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi.

Davlat rahbarlari Afg‘onistonni iqtisodiy tiklashda uni xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdilar. Shu ma'noda Afg‘oniston Prezidentining dekabr oyidagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan muayyan loyihalarni amalga oshirish borasidagi kelishuvlarga yuksak baho berildi.

O‘zbekiston va AQSh Prezidentlari o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga sodiqligini ta'kidladilar.

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli rejalarini birgalikda ko‘rib chiqish maqsadida Prezident Donald Tramp mamlakatimiz rahbariga AQShga rasmiy tashrif bilan borishni taklif etdi.

Suhbat yakunida ikki mamlakat rahbarlari bir-birini kirib kelayotgan 2018 yil bilan tabriklab, eng ezgu tilaklarni izhor qildilar.

Mavzuga oid