Jamiyat | 01:21 / 20.12.2017
25227
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqaroning elektr ta'minotidagi muammosi bir kunda hal etildi, umid qilamiz, bir kunga emas...

Foto: Kazinform

Kecha, 18 dekabr kuni KUN.UZ saytida viloyatlarda elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammolar tilga olingan “Yana boshlandi...” sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi. Unda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan saytga yuborilgan ayrim murojaatlar keltirib o‘tilgan va mas'ul mutasaddilarning bu ishga e'tibor qaratishlari so‘ralgan edi.

Bugun, 19 dekabr kuni murojaatlar mualliflaridan biri – Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi O‘tkirbek Islamovning elektr ta'minoti bo‘yicha muammosi mutasaddi vakillar tomonidan o‘rganilgan va ijobiy yechim topgan.

O‘tkirbek Islamovning bizga bergan ma'lumotiga ko‘ra, ushbu masala yuzasidan avvaliga tuman elektr ta'minoti korxonasi rahbari, so‘ngra Namangan viloyati elektr ta'minoti korxonasi rahbari J.Rizzayev shaxsan shug‘ullangan. Ular fuqaro bilan samimiy suhbatlashishgan, masala yuzasidan atroflicha tushuntirish ishlari olib borishgan va muammoning amaliy yechim topishida yordam berishgan.

“Bugun kuni bo‘yi uyimizda chiroq bo‘ldi. Bu nafaqat oila a'zolarimizni, balki butun mahallaning quvonchiga sabab bo‘ldi. Rahbarlarning shaxsan o‘zi bu ishga kirishib, muammoni hal etishi kutilmagan yangilik bo‘ldi. Bu yog‘i ham shunday davom etishidan umidvormiz”, deydi O‘tkirbek Islamov biz bilan suhbatda.

O‘tkirbek Islamovning ta'kidlashicha, joylarda elektr ta'minoti bilan bog‘liq uzilishlar, ta'mirlashlar va boshqa muammolar aholiga o‘z vaqtida axborot tariqasida yetkazib turilsa, yuqoridagi kabi tushunmovchiliklar bo‘lmaydi. Bu haqda u elektr ta'minoti korxonasi rahbarlariga ham aytganda, ular biroz hayron qolishgan, har bitta odamning uyiga birma bir aytib yurishning imkoni yo‘q deyishgan. Masala mohiyatini u qadar tushunishmagan.

Biz o‘tgan galgi maqolamizda ham ta'kidlab o‘tgandek: hozir 21-asr. Texnologiya vositalari o‘ta rivojlangan. Bundan samarali foydalanish zarur. Masalan, viloyat elektr ta'minoti korxonasi rahbari o‘z hududidagi biror joyda elektr bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, buni respublikaga ma'lum qilishi, “O‘zbekenergo” AJ esa ushbu xabarni o‘z saytida joylashtirishi kerak. Misol uchun: “Joriy yilning 20 dekabr kuni falon viloyatning falon joyida elektr ta'minotida 4 soat uzilish bo‘ladi. Kelib chiqadigan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”. Tamom, olam guliston. Odamlarimiz to‘g‘ri tushunishadi, mard ketishadi, turli xayollarga borishmaydi.

Mavjud muammoga mas'ul rahbarlarning tezkorlik bilan munosabat bildirishlari quvonarli hol. Qolgan viloyatlardagi mutasaddi vakillar va rahbarlar ham fuqaro muammosi bilan ana shunday ishlashidan va muammolar o‘z vaqtida yechim topishidan barchamiz manfaatdormiz.

Mavzuga oid