Moliya vaziri: Sog‘liqni saqlash vazirligi dori-darmon uchun ajratilgan 47 milliard so‘mni ishlatmagan
20 dekabr kuni ish boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XIII yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bir nechta vazirlik va idoralar davlat byudjyetdan reja asosida ajratilgan mablag‘larni to‘liq o‘zlashtirmaganini ma'lum qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.
«Joriy yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi — 60 milliard so‘m; Xalq ta'limi vazirligi — 40 milliard so‘m; Madaniyat vazirligi 8 milliard so‘m mablag‘ni ishlatolmay qolgan. Bunga turli darajadagi moliya tizimi mutasaddilari, qolaversa, mablag‘ni o‘zlashtirishi zarur bo‘lgan vazirlik vakillari tomonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sabab bo‘ldi», deb ta'kidlagan Jamshid Qo‘chqorov.
Ma'lum qilinishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan mablag‘larning 47 milliard so‘m qiymatidagi pullar dori-darmon vositalarini sotib olishga ajratilgandi. Nega Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat byudjyetida ko‘rsatilgan mablag‘ni o‘z vaqtida o‘zlashtira olmadi?
Mazkur savolga javob bergan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning aytishicha, vazirlik dori-darmonlarni qimmatligi uchun sotib olmagani, tekshiruvlar o‘tkazilganida, dori-darmonlarning o‘rtacha narxi 4 barobardan 8 barobargacha oshirilgani oshkor bo‘lgan.
«Ayrim dorilar 4ta davlat orqali 8ta dallolning qo‘lidan o‘tib, ularning narxlari oshirilgani ma'lum bo‘lmoqda. Shu tufayli, tuzilgan shartnomalarni to‘xtatishga qaror qildik. Tez orada dori-darmon va asbob-uskunalarni optimal narxlarda sotib olish ishlari oxiriga yetkazilib, xarid qilingan dorilar o‘z egalariga topshiriladi», deydi vazir.
Shu o‘rinda Moliya vaziri «byudjyetdan ajratilgan mablag‘lar yil yakunida «kuyib» ketmasligini oldini olish maqsadida, dori-darmon uchun ajratilgan 47 milliard so‘m dekabr oyining oxirgi kunlarida maxsus hisob raqamga, vazirlik nomiga o‘tkazib berilishini bildirdi.
Mavzuga oid
13:25 / 19.10.2024
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi” unvoni berildi
08:50 / 12.10.2024
«2025 yilda energotariflar islohotining asosiy bosqichi yakunlanadi» - bosh vazir o‘rinbosari
22:19 / 11.10.2024
O‘zbekiston 2027-2028 yillarda elektr va gaz ulgurji bozoriga o‘tishni yakunlaydi – Jamshid Qo‘chqorov
18:53 / 30.07.2024