Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Foto: Farg‘onadagi qishloqlarga yangi transformatorlar o‘rnatildi
Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani tasarrufidagi Shohimardon va Yordon qishloqlariga (anklav) Qirg‘iziston Respublikasi hududi orqali o‘tiladi. Joriy yilda ushbu qishloqlar aholisining turmush farovonligini oshirish yo‘lida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Har ikki qishloqqa xizmat qiladigan transformatorlar eski va past quvvatga ega bo‘lgani uchun elektr energiyasi ta'minoti bo‘yicha turli muammolar yuzaga kelayotgan edi.
Kuni-kecha Farg‘ona viloyati energetiklari tomonidan hududga yangi 2500 kilovatt quvvatga ega transformatorlar olib chiqib o‘rnatildi.
«Qishlog‘imiz va tuman markazi oralig‘i 17 kilometr bo‘lib, u yerga qo‘shni Respublika hududini bosib o‘tamiz. 6123 kishi istiqomat qiladigan qishloqlarimizni elektr bilan ta'minlovchi transformatorlar 1965 yilda qo‘yilgan bo‘yi almashtirilmagan ekan. Aholi soni ko‘payishi natijasida elektrga bo‘lgan talab oshib, uskunalar tez-tez ishdan chiqa boshladi. Yangi yil arafasida katta quvvatga ega transformatorlar o‘rnatilib, mavjud muammo bartaraf etilgani quvonchli voqea bo‘ldi», deydi Shohimardon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustamjon Tojiboyev.
Viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Dilshodbek Jalilovning ma'lumotiga berishicha, aholiga sifatli va uziliksiz elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida hududdagi 52 dona past kuchlanishli transformatorlar ham to‘liq ta'mirdan chiqarilgan.
KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov