08:29 / 22.12.2017
20920

Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlari qachon olib chiqilishi aytildi

Foto: RIA Novosti/Risto Bozovic

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Afg‘onistonga e'lon qilinmagan tashrif bilan keldi va ushbu mamlakat rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda Oq uyga yaqin jurnalistlar xabar berdi, ular Pensga safarda hamrohlik qilmoqda.

Pens prezident Ashraf G‘ani va bosh vazir Abdulla Abdulla bilan uchrashgan, deya aniqlik kiritishdi jurnalistlar.

AQSh vitse-prezidenti Afg‘onistondagi Bagrom bazasiga payshanba kuni uchib kelgan. U bu yerga Germaniya orqali S-17 harbiy-transport samolyotida keldi.

Mayk Pensning ma'lum qilishicha, amerikalik harbiylar Afg‘onistonda terrorizm xavfi yo‘q qilinmagunga qadar qolishadi. 

"Prezident Donald Tramp davrida AQSh qurolli kuchlari Afg‘onistonda qoladi. Bu biz o‘zimizning davlatga nisbatan terrorchilik xavfini butunlay yo‘q qilmagunimizga qadar ro‘y beradi", - deya aytib o‘tgan Pens amerikalik harbiylar oldida chiqish qilib.

Uning ishontirishicha, AQSh "bu kurashda eng oxirigacha turadi".

Tramp avgust oyida Afg‘onistondagi harakatlar bo‘yicha Amerikaning yangi strategiyasini e'lon qildi. U strategiyadagi harbiy jihatlar haqida gapirishdan bosh tortdi, biroq Afg‘onistondan qo‘shinlarning tezda olib chiqilishi ro‘y bermasligiga ishora qildi. Trampning qaroriga ko‘ra, Afg‘onistondagi Amerika kontingenti 3 ming harbiy xizmatchiga oshiriladi, ularning umumiy soni esa 14 ming kishiga yetadi.

Top