Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eng ko‘p ovoz olish – pirovard maqsadimiz
Muhim siyosiy jarayon arafasida turibmiz. 24 dekabr — yakshanba kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bo‘lib o‘tayotgan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov mamlakatimizda izchil rivojlanib, chuqurlashib borayotgan demokratik jarayonlarning yana bir namoyishi bo‘lishi shubhasiz.
Boisi saylov kampaniyasining boshlanish davridan to hozirgi paytgacha bo‘lib o‘tgan barcha jarayonlarda — O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovda ishtirok etishga ijozat olish, deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etish, partiya nomzodlarining saylovoldi tashviqotida ishtirok etish qonunda belgilangan barcha talab va muddatlarga qat'iy amal qilindi.
Bu haqda gapirganda mamlakatimizda saylov jarayoni ochiqligi va shaffofligi ta'minlanayotgani, saylovoldi tashviqotida siyosiy partiyalar ishtiroki uchun teng imkoniyatlar yaratilgani, erkin va demokratik saylovlarni o‘tkazish uchun zarur barcha tashkiliy-huquqiy asoslar mavjudligini alohida ta'kidlash joiz. Saylov kampaniyasini tashkil etishda Asosiy Qonunimizga kiritilgan so‘nggi tuzatishlarga muvofiq konstitutsiyaviy organ maqomini olgan Markaziy saylov komissiyasi muhim rol o‘ynamoqda va u o‘z faoliyatini davlat organlaridan mustaqil tarzda olib bormoqda.
Saylov tizimidagi chuqur demokratik o‘zgarishlar davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini keng miqyosli isloh qilish bilan birga amalga oshirildi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida qabul qilingan qonunlar davlat hokimiyati organlari tizimida Oliy Majlisning roli va ahamiyatini sezilarli darajada kuchaytirdi. Vazirlar Mahkamasi, ijro hokimiyati organlarining parlament oldida, joylardagi davlat boshqaruvi organlarining xalq deputatlari Kengashlari oldidagi mas'uliyati oshirildi.
Jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning o‘rni va roli kuchayib, mamlakatimizda sodir bo‘layotgan demokratik yangilanishlar jarayoniga ularning ta'siri ortib bormoqda. Mazkur jarayonda “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimini yanada rivojlantirish va siyosiy partiyalar faolligini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Siyosiy partiyalarning yetuklik darajasi, fuqarolarimizning huquqiy ongi, siyosiy va huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotgani bu kabi islohotlarni amalga oshirishning hal qiluvchi sharti va kafolatiga aylandi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishidagi ma'ruzasida ta'kidlab o‘tganidek, “Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi”.
Ta'kidlash joiz, 2017 yil 24 dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovning saylovoldi tashviqoti ham mazmunan, ham tashkiliy jihatdan yuksak darajada o‘tmoqda. Boshqa siyosiy partiyalar singari O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va uning deputatlikka nomzodlari taqdim etilgan imkoniyatlardan, xususan, ommaviy axborot vositalarining barcha turlari, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan keng foydalanib, bosma, ko‘rgazmaviy va boshqa tashviqot materiallarini chop etish va tarqatish, deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish orqali saylovoldi tashviqotida faol ishtirok etdi.
Avvalo, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan Toshkent shahar tumanlaridagi barcha 330 ta saylov okrugidan deputatlikka nomzodlar to‘liq ko‘rsatilib, ular saylovoldi tashviqotida to‘liq tarkibda ishtirok etayotganini ta'kidlash joiz. Shu bilan birga, Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov kampaniyasi e'lon qilinganidan so‘ng O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashida markaziy saylov shtabi hamda partiya tuman tashkilotlari saylov shtablari tuzildi. Ular tarkibida deputatlikka nomzodlarning ro‘yxatini shakllantirish, saylovoldi tashviqotini olib borish, saylovchilar bilan uchrashuvlarni tashkil etish, ishonchli, vakolatli vakillar hamda kuzatuvchilar bilan ishlash guruhlari tuzildi. Ayniqsa, partiyadan deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini samarali tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi. Bu borada saylov shtabi tomonidan rivojlangan mamlakatlardagi munitsipial saylovlar tajribasi o‘rganildi. Ulardagi siyosiy texnologiyalar o‘zlashtirilib, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayonida keng qo‘llanildi. Jumladan, deputatlikka nomzodlarni saylovchilar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida flayyer, stiker, plakat va kalendarlardan keng foydalanildi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovida “An'analarimizni ardoqlang!”, “Biz mutolaaga chorlaymiz!”, “Barkamol avlod tarbiyasiga mas'ulmiz!”, “Turizm — ish o‘rinlari uchun maqbul tizim!” kabi yangi shior va chaqiriqlar bilan ishtirok etmoqda. Va bu shiorlar partiya saylovoldi tashviqot materiallarining barchasida aks ettirildi. Partiyamiz saylovoldi tashviqoti jarayonida nafaqat ommaviy axborot vositalariga, balki tashqi ko‘rgazmaviy tashviqotga ham alohida e'tibor qaratdi. Jumladan, Toshkent shahridagi barcha 11 ta tumanning aholi eng gavjum joylariga partiya shiorlari aks ettirilgan, nomzodlarimizga ovoz berishga chaqiradigan 44 ta 3x6 xajmdagi bannerlar joylashtirildi.
Shu kunga qadar “Toshkent” telekanalida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan deputatlikka nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari tashviqotiga bag‘ishlangan, 20 daqiqadan iborat to‘rtta ko‘rsatuv namoyish etildi. Partiyaning 30 soniyalik videoroligi tayyorlanib, “Toshkent” telekanali, metropoliten bekatlari, yirik supermarketlar, partiyaning rasmiy veb sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarda muntazam namoyish etildi.
Saylovoldi tashviqoti jarayonida “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalarida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi uchun ajratilgan bepul sahifa maydonlaridan ham samarali foydalanildi. Ikkala gazetada ham o‘zbek va rus tillarida partiyadan deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘nta maqola e'lon qilindi.
Ushbu davrda partiya matbuot nashri — “Milliy tiklanish” gazetasida partiyamiz saylovoldi Platformasidagi vazifalar mazmun-mohiyati va ahamiyati, nomzodlarning saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashuvlariga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxati, ularning saylovoldi dasturi va tarjimai holi bilan saylovchilarni tanishtirish maqsadida “Milliy tiklanish” gazetasining faqat Toshkent shahar o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan 3 ta maxsus soni chop etildi.
Saylovoldi tashviqoti jarayonida partiyamiz zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, xususan, global internet tarmog‘i imkoniyatidan ham faol foydalanib kelmoqda. Xususan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining rasmiy veb sayti (www.mt.uz)da va boshqa ommabop saytlarda deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari, nomzodlar tomonidan ilgari surilayotgan g‘oyalar keng yoritilmoqda. Eng ko‘p o‘quvchilarga ega bo‘lgan internet saytlarga partiyadan deputatlikka nomzodlarga ovoz berishga chaqiruvchi flesh bannerlar, videoroliklar joylashtirildi.
Bugungi globallashuv davrida poytaxt aholisining internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan ko‘proq foydalanishini hisobga olgan holda, facebook, twitter, instagram ijtimoiy tarmoqlarida keng tashviqot olib borilmoqda. Avvalo, partiyamizdan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga deputatlikka nomzodlarning har biri ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalari ochib, ularning saylovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, Toshkent shahar partiya tashkilotining facebookdagi sahifasida, “Milliy tiklanish nomzodlariga ovoz bering” maxsus sahifasida hamda #ovoz_bering xeshtegi ostida saylovoldi tashviqoti olib borilmoqda. Mazkur sahifalarda, asosan, deputatlikka nomzodlar haqidagi ma'lumotlar, partiya saylovoldi Platformasidagi ustuvor vazifalar, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari, maqsad va vazifalari hamda ularning mahalla, korxona, tashkilot, ta'lim muassasalarida saylovchilar bilan uchrashuvlari foto, audio va video ko‘rinishida yoritilmoqda.
Ayniqsa, deputatlikka nomzodlarning joylarda saylovchilar bilan bevosita uchrashuvlari qizg‘in davom etayotir. Bunday uchrashuvlar jarayoni siyosiy partiyalar g‘oya va dasturlari o‘rtasida raqobat kuchayib, aholining siyosiy pariyalarga ishonchi ortib borayotganini amalda ko‘rsatmoqda. Partiyamizning xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga nomzodlari tomonidan saylovchilar bilan o‘tkazilgan mingdan ortiq uchrashuvlarida fuqarolar o‘z savollari, taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etdi.
Saylovoldi tashviqotiga yakun yasar ekanmiz, bu jarayonda poytaxt saylovchilarning huquqiy ongi, huquqiy madaniyati yuksalgani yaqqol namoyon bo‘layotganini alohida ta'kidlash joiz. Uchrashuvlarda fuqarolar manfaatlariga daxldor dolzarb masalalar, ularni o‘ylantirayotgan muammolar, hududlardagi ayrim kamchiliklar ko‘tarildi. Bu partiyamiz va deputatlikka nomzodlardan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq nuqtai nazar va takliflarga ega bo‘lishni, saylovdan so‘ng saylovoldi va'dalar ijobati, saylovchi ishonchini qozonishga bor imkoniyatimizni safarbar qilishni talab qiladi.
Saylovchilar ishonchini qozonishda partiyamiz saylovoldi Platformasidagi maqsad-vazifalar bevosita aholi manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining asosiy maqsad-vazifalari haqida gapirar ekanmiz, undagi har bir yo‘nalish keng aholi qatlami manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini alohida ta'kidlash joiz. Partiyamiz milliy tiklanish g‘oyasini amalga oshirish, barqaror milliy rivojlanishni ta'minlash, mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, gumanitar hayotining barcha sohalarida milliy manfaatlarni himoyalash va ilgari surish, milliy, madaniy va ma'naviy qadriyatlarni, boy tarixiy merosimiz, O‘zbekiston xalqining urf-odat va an'analarini asrab-avaylash va ko‘paytirish tarafdori.
Partiya siyosiy munosabatlar tizimida milliy g‘oyamiz tamoyilining ustuvorligini ta'minlash, jamiyatimizning axloqiy va ma'naviy asoslarini mustahkamlash tarafdoridir. Partiya milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘ularining mustahkam qaror topishi, O‘zbekiston tarixining keng miqyosda izchil o‘rganilishini ta'minlash, tarixiy o‘tmishga va o‘zbek xalqining hozirgi kundagi hayotiga baho berishda biryoqlama yondashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga hamisha katta e'tibor qaratib kelgan va buni davom ettiradi.
Biz xalqimizning tarixiy, madaniy va ilmiy-intellektual merosini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, boyitish va ularni yanada ko‘paytirishga ko‘maklashish, uning muvaffaqiyatlarini kamol topib kelayotgan yosh avlod o‘rtasida keng miqyosda targ‘ib etish tarafdorimiz. Yoshlarni milliy tiklanish g‘oyasi, milliy madaniyat va qadriyatlarni e'zozlash ruhida tarbiyalash, ularni xalqimizga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta'siridan muhofaza qilish biz uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishga ahd qilgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, milliy sanoatimizni texnik va texnologik modernizatsiya qilish orqali uning samaradorligini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratadi.
Partiya nuqtai nazaricha, turizm iqtisodiyotning yanada rivojlanish jarayonini tezlashtiruvchi omil bo‘lib, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal qiladi, shuningdek, O‘zbekiston xalqining noyob ma'naviy boyligi va tarixiy merosini targ‘ib etish orqali mamlakatimizning xalqaro maydonda ijobiy imidjini shakllantirishning samarali vositasi hisoblanadi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashni yanada kuchaytirish, aholining ovqatlanish xilma-xilligini kengaytirish, uy-joy qurilishi sohasini qo‘llab-quvvatlash, transport xizmati tizimini, xususan, mamlakatimizning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan joylarida yaxshilash, aholining elektorat qismi bandligi, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikni rivojlantirish evaziga ularni ish bilan ta'minlashni kengaytirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga intiladi.
Sog‘liqni saqlash masalasida partiyamiz, boshqa partiyalardan farqli o‘laroq, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va salomatlik madaniyatini ommalashtirish, jismonan sog‘lom yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, bolalar va yoshlarning keng ko‘lamda sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, milliy sport turlarini qayta tiklashni muhim vazifa, deb biladi.
Biz mamlakatda oilalarni mustahkamlash va oilaviy qadriyatlarni ardoqlash, yosh oilalarga g‘amxo‘rlikni oshirish, mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni hal etishda, shuningdek, milliy va ma'naviy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirishda mahalla institutini yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga ko‘maklashish kerak, deb hisoblaymiz.
Partiyamiz o‘z faoliyatida fuqarolarning yuqori darajada axborotga ega bo‘lishini ta'minlash, yagona milliy axborot makonini shakllantirish orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, teleradioeshittirishlar tizimini modernizatsiya qilish, yoshlarning kamolotiga xizmat qiladigan kreativ axborot muhitini yaratish masalalariga e'tibor qaratadi.
Ushbu maqsad-vazifalarning har biri aholiga yaqinligi, uni amalga oshirishda tizimli mexanizm yo‘lga qo‘yilgani bois saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi partiyamiz g‘oyalariga xayrixohlik bildirdi. Poytaxtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot, yangilanish va rivojlanish negizida milliy tiklanish g‘oyasi mujassam ekanini ta'kidlashdi.
Yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishda siyosiy partiyalarga amaldagi qonunlar keng imkoniyat va vakolatlar beradi. Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylanadigan yangi deputatlar korpusi qonun tashabbuskorligi, deputatlik nazorati, ijro hokimiyati organlari mansabdor shaxslari axborotlari eshituvini tashkil qilish, xalq deputatlar tuman Kengashlar sessiyalari kun tartibiga partiya Saylovoldi platformasi ijrosi hamda partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan masalalarni kiritish orqali mazkur vazifalar ijrosida faol ishtirok etadi.
Dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari bizning oldimizga har bir xalqning milliy o‘zligini saqlab qolishi va milliy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha eng dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Chunki millat qadri, g‘ururi va manfaatlari ulug‘ va muqaddasdir. Bizning nazarimizda, faqat o‘zligini anglagan va saqlab qolgan xalq buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.
Partiyamizdan saylangan deputatlar yuqorida ta'kidlangan ezgu niyatlarimizni, maqsad va vazifalarimizni ro‘yobga chiqarishga butun kuch va imkoniyatlarini ishga soladi.
Aziz hamshaharlar, hurmatli saylovchilar!
24 dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovda faol ishtirok eting va O‘ZBeKISTON “MILLIY TIKLANISh” DeMOKRATIK PARTIYaSI NOMZODLARIGA OVOZ BeRING!
MILLIY TIKLANISh MILLIY O‘ZLIKNI ANGLASh DeMAKDIR!
O‘zbekiston «Milliy tiklanish»
demokratik partiyasi
Toshkent shahar kyengashi
Reklama huquqi asosida
Mavzuga oid
16:11 / 16.07.2020
«Virus butun dunyoda tibbiyot imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarmoqda» - «Milliy tiklanish» raisi o‘rinbosari shifokorlarni ayblamaslikka chaqirdi
13:10 / 14.05.2020
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi: Erkin iqtisodiy zonalar uchun alohida agentlik tashkil etish lozim
20:50 / 07.01.2020
Alisher Qodirov: Saylovchilar ongini ham o‘zgartirishimiz kerak
18:00 / 23.12.2019