Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ichki ishlar vaziri: «Respublikadagi 22 foiz qotillik qo‘ni-qo‘shnilar orasida yuz berdi»
Hududlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash tizimida bir qator kamchiliklar mavjudligini inkor qilib bo‘lmaydi. Joylarda ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan sektorlarda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal rivojlanishini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qo‘yilayotgan talablarga javob bermaydi. Mahallalarda esa og‘ir va o‘ta og‘ir, ayniqsa, oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning ko‘payishiga hanuz yo‘l qo‘yilayotgani - ushbu hududdagi profilaktika nozirlari, sektor rahbarlari tomonidan tegishli ishlar olib borilmayotganini bildiradi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ma'lum qildi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Bobojonov ushbu holatlar sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarlik holatlarining aniq sababi va shart-sharoitini o‘rganish yuzakilik bilan bajarilayotganini ta'kidlagan.
«Masalan, oila doirasidagi shunday holatlar barvaqt emas, balki jinoyat sodir etilgandan so‘ng muhokama etilmoqda. O‘tgan davrda, respublikamizda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning katta qismi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan. Xususan, qotillik jinoyatlarining 71tasi yoki 14 foizi er-xotin, qaynona va kelin, qaynota va kuyov kabi qarindoshlar orasida kuzatilgan. Shuningdek, 108ta yoki 22 foiz qotillik qo‘ni-qo‘shnilar orasida maishiy kelishmovchiliklar zamirida yuz berdi», deydi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov.
Vazirning ta'kidlashicha, ayrim turlar bo‘yicha muayyan hududlarda jinoyatlar soni ancha oshib ketishiga yo‘l qo‘yilgan. Jinoyatlarni fosh etish bo‘yicha harakatlar yetarlicha amalga oshirilmayotgani tufayli 4600ta yoki jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlarning 11,4 foizi fosh etilmasdan qolmoqda.
«Fosh etilmagan jinoyatlarning aksariyat qismini o‘g‘rilik jinoyati tashkil etadi. O‘g‘rilik jinoyatining sodir etilishi respublika miqyosida 511taga kamaygan bir paytda, ularning sodir etilishi Jizzax viloyatida 35taga, Samarqandda 97taga, Toshkent viloyatida 321taga oshib ketishiga yo‘l qo‘yilgan. Firibgarlik jinoyatlari 108taga kamayganiga qaramasdan, Samarqand viloyatida 54ta, Navoiy viloyatida 61ta, Toshkent viloyati 72ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 82ta hamda Toshkent shahrida 124taga, Buxoro viloyatida esa 174taga ko‘paygan», deb qayd etdi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov.
Mavzuga oid
16:53 / 04.06.2026
Buyuk Britaniyada 18 yoshli talaba o‘limi tufayli namoyish va tartibsizliklar ro‘y berdi
15:10 / 20.05.2026
Qo‘qonda 19 yoshli qiz qotillikka qo‘l urdi
00:04 / 20.05.2026
Ispaniyada Mango do‘konlari asoschisining o‘g‘li otasini o‘ldirishda gumon qilinib ushlandi
17:53 / 11.05.2026