08:40 / 24.12.2017
21708

Checheniston parlamenti norozilik sifatida to‘liq tarkibda Instagram’ni tark etdi

Foto: RIA Novosti

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning Instagram’dagi sahifasi to‘sib qo‘yilgandan keyin respublika parlamenti deputatlari to‘liq tarkibda ijtimoiy tarmoqdan chiqib ketishga qaror qilishgan. Qodirovning sahifasi to‘sib qo‘yilgani haqidagi xabardan keyin parlament spikeri Magomed Daudov Instagram’dagi akkauntini yopgan. U Qodirovning sahifasidan taqiqlov olinmaguncha ijtimoiy tarmoqdan foydalanmasligini aytgan. Ma'lum qilinishicha, parlamentning barcha 41 deputati Daudovning bu tashabbusini to‘liq tarkibda qo‘llab-quvvatlab, ijtimoiy tarmoqdan chiqib ketgan.  

Qodirovning ijtimoiy tarmoqdagi akkaunti 23 dekabrda ertalab ishlamay qolgan. Shuningdek, uning Facebook’dagi sahifasi ham ishlamayapti.

Qodirovning aytishicha, uning Instagram’dagi sahifasi AQSh moliya vazirligi unga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandan keyin ishlamay qolgan. Uning fikricha, bunday xatti-harakatlar ijtimoiy tarmoqning Vashingtondan mustaqil ekanligi haqidagi tasdiq “uydirma” ekanligini ko‘rsatadi. Qodirov ijtimoiy tarmoqning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga tushuntirish so‘rab murojaat qilgan, biroq hanuzgacha javob olmagan. Qodirovning aytishicha, uning akkaunti rasmiy statusga ega bo‘lgan, bu esa ijtimoiy tarmoq akkauntning xavfsizligini ta'minlashi kerakligini anglatadi. 

Mavzuga oid
Top