Zidan qo‘rqoqmi? «El-klasiko»dagi mag‘lubiyat sabablari
Navbatdagi El-Klasikodan bir necha kun o‘tdi hamki, o‘sha uchrashuv haqidagi munozaralar tingani yo‘q. Meni bir tomoni xursand qiladi, balki adashayotgandirman, bilmadim-u, bu safar hakamning qarorlari, futbolchilarning o‘zini tutishi-yu, kiritilgan qarorlardan ko‘ra, o‘yinning taktik jihati haqida ko‘proq gapirilayotgandek. Ya'ni, Zidanning bu o‘yinga yondashuvi, maydonga ko‘pchilik kutganidek, Isko emas, Kovachichning tushirilishi, birinchi bo‘limdagi ustunlikni yanada oshirishga urinish ko‘zga tashlanmayotgani va hokazo. Ya'ni, shunchaki tortishuvlar emas, aslida nima bo‘lganini bilishga urinishlar bordek. Odatdagidek, ikki jamoa muxlislarining o‘zaro haqoratlari o‘rnini, bir jamoa muxlislari orasidagi ikki front egallagandek. Bu yaxshi.
Munozaralar asosan bir savol ustida aylanmoqda: Zidan qo‘rqoqmi?
Sal uzoqdan kelaman, esingizda bo‘lsa, ikki hafta oldin «Old Trafford»da Manchester derbisi bo‘lib o‘tdi. Turnir nuqtai nazaridan o‘sha holat bugungini yodga solib yuborgani uchun ham, aytyapman. O‘yindan bir kun oldin Manchesterda noqulay ob-havo kuzatildi va hatto o‘yinning boshqa kunga ko‘chirilishi mumkinligi haqida xabarlar chiqdi. Angliyadagi tig‘iz taqvimni nazarda tutsak, «boshqa kun» kamidi 2-3 oydan keyin kelishi ham mumkin edi.
O‘shanda «Manchester Yunayted» muxlisi sifatida o‘yinning bo‘lmasligini istadim va bu haqida ijtimoiy tarmoqda ham yozgandim. Negadir o‘shandagi jamoalar orasidagi 8 ochkolik farq juda qaltis tuyulgandi.
Farq yanada kichikroq bo‘lsa, o‘yin yanada qiziqroq o‘tardi. «Manchester Yunayted» o‘zaro o‘ynamasdan turib, kichik jamoalardan barqaror ochko yiqqan holda, balki farqni qisqartirar, ana o‘shanda derbi boshqacha bo‘lar deb o‘yladim. Aytaylik, raqibidan 2-4 ochko ortda borayotgan jamoa o‘z maydonidagi o‘yinni imkoniyat sifatida biladi va nima qilib bo‘lsa ham, g‘alaba qozonishga harakat qiladi.
Yoki aksincha, farq kattaroq bo‘lsa ham mayli. U holda, turnir jadvali o‘yinga ta'sirini o‘tkazmaydi, ta'qibchi jamoa hammasini unutib, hayot-mamotdek maydonga tushishi, hech bo‘lmasa, bir o‘yinda peshqadamdan ustunligini ko‘rsatib qo‘yishga urinadi.
8 ochko esa juda qaltis. Ta'qibchi uchun. G‘alaba deyarli hech narsa bermaydi, mag‘lubiyat esa, go‘yoki, barcha imkoniyatni ko‘madi. Menimcha.
Gap faqat APL yoki La Ligada ham emas. Agar shunday holat mavsum oxirida ro‘y berganida ham, yondashuv boshqacharoq bo‘lardi, bunga ishonaman. Mavsum yarmiga yetmay, asosiy maqsaddan bu qadar uzoqlashish shunchalik xavfliki, bu jamoani izdan chiqaradi, boshqa turnirlarga ham ta'sir o‘tkazadi, futbolchilarni ruhlantirish borasida murabbiyga katta muammo tug‘diradi. Ligadagi har bir o‘yinda turnir motivatsiyasining yetarli bo‘lmasligi fevralda YeChL o‘yinlariga jamoaning yuqori sport formasida yetib borishiga ham salbiy ta'sir o‘tkazadi.
O‘shanda Mourino o‘ta ehtiyotkorlik qilib yubordi va mag‘lubiyatga uchradi. Ko‘pchilik uni qo‘rqoqlikda aybladi. O‘shanda men bu ayblovlarning asosiy sababi, Mourinoning hammaga ma'lum bo‘lgan uslubi, himoyaviy o‘ynashni yaxshi ko‘rishi deb o‘ylagandim.
El-Klassikodan keyin esa, ikki narsani tushundim. Birinchisi, uslub jihatidan Mourinoga u qadar o‘xshamaydigan Zidan ham, yaxshiroq ijrochilarga ega bo‘lib turib, ehtiyotkor taktikani tanladi. Demak, dedim men, bunday vaziyatda ehtiyot bo‘lish faqat Mourinoga xos emas ekan, natija e'tibori bilan qaltis vaziyatda boshqa murabbiylar ham xuddi shunday yo‘l tutishar ekan. Balki Gvardiola ham.
Ikkinchisi, Mourino tanqid qilinganining sababi, uning avvalgi reputatsiyasi emas, ana, hatto Zidan ham g‘alaba zarur bo‘lgan paytda ehtiyotkorlik qilsa, qo‘rqoqlikda ayblanaverar ekan.
Zidan nima qilishi kerak edi?
Bilasizmi, ilgariyam ko‘p bor aytilgan, murabbiyning qarorlari to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Bir murabbiy mana bu qarorni qilib xato qildi, deb aytish juda mushkul. Murabbiy qarorlari va uning oqibatlari bo‘ladi – o‘sha oqibat, ya'ni yakuniy natijaga qarab, belgilangan reja ish berdi yoki bermadi, deyish mumkin xolos.
Zidan aytaylik, Kovachichni emas, Iskoni tushirishi va yakunda baribir mag‘lubiyatga uchrashi mumkin edi. O‘shanda ko‘pchilik, Zidanning o‘ziga ishonib yuborgani, balki Messiga yetarli qarshilik qila oladigan reja tuzmagani haqida ayblanardi, bu shubhasiz.
Yoki kechagi tarkib bilan ham, «Real» g‘alaba qozonishi va ko‘pchilik uchun kutilmaganda, Iskoni emas, Kovachichni tushirib, «Barselona»ning hujumlarini kesib qo‘ygan (1-bo‘limdagi kabi) taktik daho Zinedin Zidan haqida ajoyib madhlar o‘qib o‘tirgan bo‘lardik, bu ham shubhasiz.
Ya'ni gap Kovachich yoki Iskoda emas, o‘yinning ssenariysida, konkret vaziyatlarning oqibatlarida, Suaresning goli aniq chiqishi-yu, Ronaldu to‘pni tepa olmay qolishida... Buni na Zidan, na Valverde nazoratga olishi mumkin edi.
Yo‘q, men barchasini vaziyatlarga to‘nkab, murabbiylarning xizmatlarini kamaytirmoqchi emasman. Zidan «Real»ga bir o‘yin uchun murabbiy bo‘lmagan, uning vazifasi — jamoaning hujumini, himoyachini shakllantirish, tarkibdagi futbolchilar orasidagi bog‘lamlarni yaxshilab borish, ijobiy muhit shakllantirish va hokazo. U bu ishlarni imkon qadar bajarib kelmoqda. Zidanda «Barselona»ga qarshi o‘ynash uchun bir necha variant bo‘lgan – murabbiyning shuncha yillik mehnatining samarasi shu – ya'ni «Barselona» kabi jamoalarga qarshi o‘ynash uchun bir necha variantlar bo‘lishini ta'minlaydigan jamoani tuzish. (Masalan, «Xetafe»da «Barselona»ga qarshi birgina variant bor)
Shunchaki, Zidan o‘sha to‘g‘ri variantlardan birini tanladi. Shunchaki, mana shu variant oqibatda ijobiy natijani olib kela olmadi xolos. Oqibat bunday bo‘lib chiqishini o‘yin tugamasdan turib bila olmasdik.
Zidanga g‘alaba juda zarur edi. Ammo mag‘lubiyatga uchrab, dekabrdayoq balki mavsumni tugatib qo‘yish xavfi yanada kattaroq bo‘lgan. Zidan qo‘rqoq emas, u – murabbiy. U o‘sha o‘yin natijasiga mas'ul bo‘lgan yagona shaxs edi.
Mas'uliyatning otini qo‘rqoq qo‘ymang...
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
12:52 / 27.10.2024