Jahon | 09:40 / 01.01.2018
20510
3 daqiqa o‘qiladi

«AQSh faqat o‘ziga foydali bo‘lgan holda demokratiya haqida eslab qoladi»

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning fikricha, AQSh demokratiya haqida faqat vaziyat o‘z qo‘lida bo‘lgan vaqtda eslaydi. U Duzjye viloyatidagi chiqishi vaqtida shu haqida gapirgan.

«AQSh BMTga moliyaviy yordam berishni to‘xtatganini ma'lum qilgandi. Bu yerda qani demokratiya? Ko‘rinib turibdiki, AQSh faqat o‘ziga foyda keltirsa demokratiyani eslaydi», - deya qayd etgan Erdo‘g‘an.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aks vaziyatda AQSh demokratiya prinsiplaridan voz kechishga tayyor turadi.

U Turkiya bayrog‘i endi Afrika davlatlarida hilpirayotgani haqida gapirdi. 

«Sudan va Chad yoshlari Turkiya bayroqlarini ko‘tarishmoqda, bu ularning bizning xalqqa bo‘lgan ulkan muhabbatidan darak. Bu shuni anglatadiki, biz Afrika qit'asidagi xalqlarni boshqalardan ajratmaymiz. Taqqoslab ko‘ring, 15 yil muqaddam Turkiyaning Afrika qit'asida qancha elchixonasi bor ediyu, hozirda qancha. Diplomatik missiyalarimiz soni 12tadan 41tagacha ortdi. Turkiya Afrikaning barcha mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatmoqchi», - degan Erdo‘g‘an.

Prezident Quddus maqomiga ham to‘xtalib o‘tgan.

Uning aytishicha, Turkiya Quddus masalasida haq edi va bu o‘z isbotini topdi. 

«Biz Suriya, Iroq va G‘arb bilan munosabatlarda haq bo‘lib chiqdik. Biz Quddus masalasida ham haqmiz va bu isbotlandi», - degan Erdo‘g‘an. 

Prezident jahon davlatlari uning chaqiriqlarini Islom hamkorlik tashkiloti raisi chaqiriqlari sifatida qabul qilishgan.  

«Men barcha islom davlatlari rahbarlari bilan telefon muloqotlari o‘tkazdim. Men Rim Papasi va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ham qo‘ng‘iroq qildim», - degan Erdo‘g‘an. 

Turkiya prezidenti bu masalani Germaniya va Fransiya rahbarlari bilan ham muhokama etishini aytib o‘tgan. 

«Biz Iordaniya qiroli Abdulla II va Falastin prezidenti Maxmud Abbos bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Natijada bizni 128 mamlakat qo‘lladi, faqat 8 mamlakat, jumladan, Isroil AQShning tomonida bo‘ldi», - degan Erdo‘g‘an.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid