11:40 / 01.01.2018
10183

Iordaniya qiroli o‘z ukalarini iste'foga chiqarishi davlat to‘ntarishi haqidagi taxminlarni keltirib chiqardi

Foto: Sharij.net

Iordaniya hukumati a'zolari va parlament deputatlari yakshanba kuni qirol Abdulloh IIni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi. Al Jazeera telekanali xabariga ko‘ra, ular Milliy majlisga qirol surati tushirilgan liboslarda kelishgan. Shu orqali vazirlar va deputatlar qirol bilan birdam ekanliklarini izhor etishgan. Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, qirol keyingi vaqtlarda Quddus masalasidagi pozitsiyasi tufayli AQSh prezidenti ma'muriyati bosimiga uchramoqda.

Abdulloh II Quddus maqomi saqlab qolinishini yoqlab chiqqan va AQSh prezidenti Donald Trampni bu shaharni Isroil poytaxti sifatida tan olish bo‘yicha fikrini qayta o‘ylab ko‘rishga chaqirgandi. Qirolning pozitsiyasi dekabr oyida mamlakat poytaxti Oman va boshqa shaharlarda o‘tkazilgan ommaviy namoyishlar ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangandi.

Vazirlar va deputatlarning yakshanba kungi aksiyasi shu kunlarda Abdulloh II hokimiyatini ag‘darilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalishi fonida o‘tkazildi. Biroz avvalroq mamlakat qurolli kuchlari tizimidan ishdan bo‘shatilgan shahzodalar Feysal ibn Husayn, Ali ibn Husayn va Talal ibn Muhammad Iordaniyada davlat to‘ntarishi uyushtirishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Al Mayadeen telekanali ma'lumotiga ko‘ra, qirolga uning ukalari Feysal va Ali, shuningdek, amakivachchasi Talal ibn Muhammad (maxsus xizmatlar rahbari) qarshi chiqqan. Xabarda aytilishicha, ularni Abdulloh II Suriya va Yaman nizolariga aralashuvidan norozi bo‘layotgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon gij-gijlagan.

Davlat to‘ntarishi rejasi bo‘lmagan
Omandagi Qirollik ma'muriyati "uch shahzodaning iste'fosi sababi haqidagi to‘qimalar"ni rad etib chiqdi. Petra tarqatgan bayonotga ko‘ra, hukumat "ijtimoiy tarmoqda qirollik xonadoniga oid yolg‘on ma'lumotlar tarqatishi"ni kuzatib boradi.

"Bu yolg‘on milliy birlikka va Hoshimiylar oilasining iordan xalqi bilan shaffof aloqalariga putur yetkaza olmaydi", - deyilgan hujjatda. Unda shuningdek, Abdulloh II qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni sifatida "iste'foga chiqarilgan shahzodalar Feysal ibn Husayn, Ali ibn Husayn va Talal ibn Muhammadga eng yaxshi iordaniyalik zobitlar sifatidagi xizmat uchun minnatdorchilik bildirishi" aytilgan.

Ayni vaqtda 55 yoshda bo‘lgan qirol Abdulloh II - marhum qirol Husayn ibn Talalning 11 farzandining eng kattasi hisoblanadi - u Iordaniyani 1999 yildan buyon boshqarib kelmoqda. U payg‘ambar Muhammad s.a.v.ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodi sanaladi.

Top