Jahon | 14:00 / 01.01.2018
8334
3 daqiqa o‘qiladi

Makron 2018 yilni Yevropa uchun jangda «hal qiluvchi» yil deb atadi

Emmanyuel Makron (Foto: Christophe Ena / AP)

Fransiya Yevropadan ajralgan holda farovonlikka erisha olmaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Emmanyuel Makron xalqqa yangi yil tabrigi vaqtida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra 2018 yil Yevropa kelajagi uchun kurashdagi hal qiluvchi yil bo‘ladi.

«Yevropa uchun 2018 yil hal qiluvchi yildik. Siz bilasizki, men bu jang uchun to‘la tayyorman. Men Yevropaning farovonligi — Fransiya farovonligi uchun muhimligiga, Fransiya kuchli Yevropasiz muvaffaqiyatga erisha olmasligiga ishonaman», — degan Makron.

«2018 yil alohida yil bo‘ladi. Men sizlarning ko‘magingizga muhtojman», — deya Yevropa mamlakatlari fuqarolariga yuzlangan Makron. U Yevroittifoqdagi tarafdorlarini Yevropa loyihasiga yangi yilda yangi impuls berishga chaqirgan. 

U Yevropa Ittifoqining iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy salohiyati Xitoy va AQSh bilan tenglashishga imkon berishini ta'kidlagan.

«Men yevropacha sakrash amalga oshirilishi uchun sizning yordamingizga umid qilaman. Biz birgalikda harakat qilamiz va millatchilarga ham, skeptiklarga ham hech narsani berib qo‘ymaymiz», — degan Makron.

U Fransiya qochqinlarni qabul qilish va ularga yordam berishni davom ettirishini ma'lum qilgan. Shu bilan birga Fransiya barchani qabul qila olmasligi va bu jarayon umumiy qoidalar asosida kechishini qo‘shimcha qilgan. Ichki siyosatda Makron islohotlarni davom ettirmoqchi va shu maqsadda u fuqarolarni birlikka chaqirmoqda.

Makron 2017 yilning mayida o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozonib Fransiya tarixidagi eng yosh prezidentga aylangandi. U qasamyod qabul qilish vaqtida 39 yoshda bo‘lgan. Saylovda uning asosiy raqibi«Milliy front» yetakchisi Marin Le Pen bo‘lgandi, bu siyosatchi yevrointegratsiyaga qarshi bo‘lgandi.

Makron saylovda ishtirok etish va g‘alaba qozonish uchun «Olg‘a, Respublika!» siyosiy harakatini tuzgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid