23:30 / 01.01.2018
23509

«O‘zavtosanoat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus avtotransport vositalarini namoyish etdi

«O‘zavtosanoat» tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus avtotransport vositalari taqdim etildi, deb xabar beradi kompaniya rasmiy sayti.

Foto: Uzdaily.uz

«O‘zavtosanoat» AJda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 dekabrda qabul qilingan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda 2017 yil 10 yanvardagi «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarorlari ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi,  Sog‘liqni saqlash vazirligi, Markaziy bank, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, «O‘zstandart» agentligi, «O‘zavtosanoat» va «Toshshahartransxizmat» AJ vakillari ishtirok etishdi.

Prezident qarori bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

«O‘zavtosanoat» AJ binosida o‘tkazilgan yig‘ilishda kompaniyaning «SamAuto» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan pandusli LE60 rusumli avtobusi hamda «GM Uzbekistan» AJ tomonidan nogironlar uchun mo‘ljallangan maxsus moslamali Spark rusumli avtomobili taqdim etildi.

Yig‘ilganlar ushbu transport vositalarini keng ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ularni nogironligi bo‘lgan shaxslarning foydalanishlari uchun yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

Top