Qahramon prokuror. O‘zbekistonda poraxo‘rlikka qarshi kurash uchun rumincha namuna
Poraxo‘rlikka qarshi qanday kurashish lozim? Agar bu ishni uddalash savolga javob berishdan ko‘ra qiyin ekaniga ishonsangiz, quyida ruminiyalik oddiy prokuror ayolning faoliyatiga nazar tashlang. Axir, Laura Koveshi uni prokurorlikka tayinlagan Mircha Beseskuga nisbatan jinoiy ishi qo‘zg‘atib, mamlakat prezidenti Trayan Beseskuning akasi bo‘lgan bu amaldorni poraxo‘rlikda aybdor, deb topgan.
Transparency International tashkiloti e'lon qilgan ma'lumotga ko‘ra, 2016 yilgi korrupsiyadan xoli mamlakatlar ro‘yxatida Ruminiya 57-o‘rinda qayd etilgan. O‘zbekiston esa Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmanistondan keyin, 156-o‘rinda ko‘rsatilgan. Demak, korrupsiyaning muammosi Ruminiyadan ko‘ra, O‘zbekiston jamiyatida juda og‘ir edi.
Laura Kodrutsa Koveshi Ruminiya tarixidagi eng yosh va uzoq muddat prokurorlik lavozimida ishlab qolgan yagona kadr hisoblanadi. 2013 yil Ruminiya hukumati Yevropa Ittifoqi bosimi bilan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi Direktoratni tashkil etishga majbur bo‘lgandi. O‘sha paytda hech kim Koveshidan bunchalik samaradorlikni kutmagani tayin. Negaki, u amalda bo‘lgan bosh vazirning korrupsiyaga oid jinoyatini fosh etadi.
The Guardian nashriga intervyu bergan prokuror xonim 5 nafar parlament a'zosi, 2 nafar (ayni paytda sobiq) vazir hamda sobiq bosh vazirga nisbatan ish ochgani haqida gapirib o‘tgan. Raqamlar shundan dalolat beradiki, Laura Koveshi qisqa muddatli faoliyati davomida 3 nafar vazir, 6 nafar senator, 11 nafar deputat, 47 nafar shahar meri, 21ta yirik kompaniya rahbarlarini poraxo‘rlik, davlat mulkini noqonuniy o‘zlashtirgani uchun sud oldida javob berishga majbur qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish Direktorati tarqatgan rasmiy xabarga ko‘ra, o‘tgan 3,5 yil ichida 1,4 ming kishining korrupsiyaga aloqadorligi aniqlangan. Ulardan 100 nafarga yaqini sud va prokuratura tizimida ishlagan sobiq amaldorlar bo‘lib, ayblanganlarning 20 foizi haqiqiy jazoga tortilgan.
Hokimiyat tepasida turgan elitaga prokuror xonimning faoliyati yoqmadi. Oqibatda, parlament 48 ming AQSh dollaridan kam miqdordagi poraxo‘rlik ishiga aralashib qolgan amaldorni jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi. 2017 yil fevral oyida esa Buxarest markaziga to‘plangan 250 mingdan ortiq kishilar Koveshi faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, yirik namoyishlarni boshlab yubordi. Natijada qonun bekor qilindi. Shu bilan ruminiyaliklar korrupsiyadan qutulishga harakat qilmoqda, avvalo amaldorlarning ushbu vaziyatdagi ishtiroki katta munozaraga sabab bo‘ladi.
O‘zbekistonda vaziyat qanday?
2017 yil 4 yanvardan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yil davomida qilingan eng katta amaliy qadam bo‘ldi. Bir oy o‘tib, ya'ni 2 fevralda Prezident «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatida ma'lum qilinishicha, o‘tgan bir yilda 1 ming 300 dan ziyod korrupsiya va iqtisodiyot asoslariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar aniqlangan. Tabiiyki, korrupsiyaga oid jinoyatlar qancha, uning darajasi va kimlar tomonidan sodir etilganiga oydinlik kiritilmagan. Keltirilgan raqamlar esa poraxo‘rlikdan tashqari, tovlamachilik, firibgarlik, valyuta qoidasini buzish, qalbaki pul yasash, talon-tarojlik hamda boshqa turdagi holatlarni ham o‘z ichiga oladi. Vaholanki, ayni paytda Ruminiyada 120 nafar prokuror yordamchilari 6000ta korrupsiyaga aloqador bo‘lishi nazarda tutilgan ish ustida ish olib bormoqda.
Demak, bizga Laura Koveshi kabi yakka shaxs yoki ishini sidqidildan bajaradigan qahramonlar zarur. Bu vaziyatga befarq bo‘lmaslik uchun korrupsiyaga qarshi kurashda barcha ogoh bo‘lishi, hech bo‘lmaganda alohida poraxo‘rlikni tugatish talab etiladi.
Mavzuga oid
19:45 / 05.11.2024
Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari 1 mln dollar bilan ushlandi
23:05 / 19.10.2024
Havo makonining buzilishi: Ruminiya qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi
22:29 / 03.10.2024
Janubiy Koreya prezidenti rafiqasidan poraxo‘rlik ayblovi olib tashlandi
23:30 / 17.09.2024