Jahon | 08:52
1289
3 daqiqa o‘qiladi

Ruminiyada Moldova bilan birlashish bo‘yicha qonun loyihasi yangi bosqichga o‘tdi

Ruminiya parlamentining Deputatlar palatasi Ruminiya va Moldovani birlashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat «jim qabul qilish» tartibida tasdiqlangan bo‘lib, endi uni mamlakat Senati ko‘rib chiqadi.

Foto: Reuters

Ruminiyaning SOS Romania partiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasi 24 iyun kuni parlamentning quyi palatasi — Deputatlar palatasi tomonidan ma’qullandi.

Ruminiya ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, hujjat «jim qabul qilish» (silent adoption) tartibi asosida tasdiqlangan. Bu tartibga muvofiq, agar qonun loyihasi parlament yalpi majlisida 45 kun ichida muhokama qilinmasa yoki rad etilmasa, u avtomatik ravishda qabul qilingan deb hisoblanadi.

Qonun loyihasida Ruminiya parlamenti mamlakatning Moldova Respublikasi bilan birlashishi to‘g‘risida qaror qabul qilishi, shuningdek, hukumatga Kishinyov rasmiylari bilan birlashish jarayonini rasmiylashtirish bo‘yicha zudlik bilan muzokaralarni boshlash vakolatini berish taklif etilgan.

Endilikda mazkur tashabbus Ruminiya parlamentining yuqori palatasi — Senat muhokamasiga kiritiladi.

Shu yil yanvar oyida Moldova prezidenti Mayya Sandu ham mamlakatning Ruminiya bilan birlashishi g‘oyasini ochiq qo‘llab-quvvatlagan edi. U Britaniyaning The Rest is Politics podkastiga bergan intervyusida, agar bu masala bo‘yicha referendum o‘tkazilsa, birlashishni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishini aytgan.

Sanduning ta’kidlashicha, hozirgi geosiyosiy vaziyatda Moldova kabi kichik davlat uchun mustaqil demokratiya sifatida rivojlanish va tashqi bosimlarga, xususan Rossiya ta’siriga qarshi turish tobora qiyinlashmoqda.

So‘nggi yillarda, ayniqsa Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush fonida, Moldovada Rumyniya bilan birlashish tarafdorlari soni ortgan. 2026 yil mart oyida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, Moldova aholisining taxminan 42 foizi birlashishni qo‘llab-quvvatlaydi, 47 foizi esa bunga qarshi. Ruminiyada esa aholining qariyb 72 foizi ushbu g‘oyani ma’qullaydi.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Moldovaning 2,4 millionga yaqin aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i Ruminiya fuqaroligiga ham ega. Ruminiya bugungi kunda Moldovaning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. Shuningdek, Buxarest Kishinyovga Rossiyaga energetik qaramlikni kamaytirish va Yevropa energetika tarmoqlariga ulanishda ham katta yordam ko‘rsatgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid