Light | 14:12 / 02.01.2018
51351
3 daqiqa o‘qiladi

Nega samolyotning uchish va qo‘nishida illyuminator pardasini ko‘tarib qo‘yishni so‘rashadi?

Foto: Depositphotos

Pardalarning ochilishi samolyot kabinasining avariyaviy vaziyatlarga tayyorlashning uzoq davom etuvchi jarayonining bir qismi hisoblanadi. Avariya holati ro‘y berganida ekipajda barcha yo‘lovchilarni qutqarishga 90 soniya vaqt bor xolos.

Samolyotning o‘lchami va yo‘lovchilarning sonidan qat'i nazar, qutqaruv vaqtiga bir xil vaqt ajratilgan. Shu sababli 90 soniyada ulgurish uchun jamoa samolyotni oldindan tayyorlay boshlaydi.

Bundan tashqari, avariyaviy chiqish yo‘laklari oldidagi joylar muhim ahamiyatga ega — u yerga faqat yoshi kattalar o‘tqaziladi. Favqulodda holat yuz berganda ular ekipajga yordam berishga tayyor bo‘lishlari uchun ularga xavfsizlik yo‘riqnomasi bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi.

Illyuminator pardasi uchish va qo‘nish chog‘ida ko‘tarilib qo‘yilishiga sabab — parvozning bu bosqichlari eng xavflisi hisoblanadi. Ma'lumki, eng ko‘p halokatlar aynan uchish va qo‘nish chog‘ida yuz beradi, shu sababli yo‘lovchilardan pardalarni ko‘tarib, o‘rindiqlarni tik holatga keltirish, kamarlarni bog‘lab olish va hokazolar talab etiladi. Agar biror kor-hol ro‘y bergudek bo‘lsa jamoa tezroq ishga kirishishi uchun.

Bulardan tashqari, quyidagilarni ham hisobga olish kerak:

  • Yo‘lovchilar qiziquvchan bo‘lishadi. Bu esa uchish-qo‘nish jarayonini kuzatishda biror g‘alati holat yuz berganini sezishsa, zudlik bilan xabar beruvchi yana 100–300 kishi degani.
  • Avariyaviy holatda har bir soniya hisobda turadi. Pardalar ko‘tarilganda jamoa bort tashqarisida nimalar ro‘y berayotganini osongina kuzata oladi va qutqaruv bo‘yicha maksimal darajada to‘g‘ri qaror qabul qilishadi.
  • Avariya yuz berganda insonlar tayyor bo‘lishi shart. Shu sababli kunduz kuni ochiq ko‘tarilgan pardalar insonlarni aynan shu yorug‘likka moslashishiga sabab bo‘ladi. Avariya ro‘y bergan holatda yo‘lovchilar kabinadagi yorug‘lik sharoitlarining keskin o‘zgarishi tufayli yuzaga keladigan vaqtinchalik shokdan xalos bo‘lishadi. Tungi vaqtlardagi parvozlarda ham shunga amal qilinadi: pardalar ochilgan, kabinadagi yorug‘lik xiralashtirilgan. Bu esa tashqaridagi qutqaruvchilarga ichkarida nimalar bo‘layotganini ko‘rish imkonini taqdim etadi.
  • Ushbu qoidalar turli aviakompaniyalarga qarab farqlanishi ham mumkin, lekin aksariyat hollarda yo‘riqnomaga ko‘ra, parda ko‘tarilgan bo‘lishi talab etiladi.
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid