20:50 / 02.01.2018
8348

Samarqanddagi tug‘ruq majmuasida yangi bo‘lim foydalanishga topshirildi

Samarqanddagi 3-son tug‘ruq majmuasida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi ginekologiya bo‘limi foydalanishga topshirildi. Birgina qayta ta'mirlashning o‘ziga 1 milliard so‘m sarflandi, deyiladi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmatining KUN.UZ’ga bergan ma'lumotlarida.

Foto: Kun.uz

3-son tug‘ruq majmuasining yangilangan bo‘limining ochilish marosimida shahar tibbiyot muassasalarining rahbarlari, tug‘ruq majmuasi joylashgan G‘afur G‘ulom mahallasi faollari ishtirok etishadi. Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov tibbiyot muassasasi xodimlarini ham tibbiyot personali ishlashi uchun, ham bo‘lajak onalar uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan yangi yilga yangi sovg‘a bilan tabrikladi.

«Quruvchilarimiz qisqa muddat ichida ginekologiya bo‘limini sifatli qayta tiklab berishdi. Biz endi zamonaviy asbob-uskunalarga ega mutlaqo yangi binoga ega bo‘ldik. Yangi istish tizimi, zamonaviy montajli elektr tarmog‘i o‘rnatildi, yangi eshik va romlar xonalarning shinam va issiq bo‘lishini ta'minlamoqda», — dedi shahar hokimi.

Foto: Kun.uz

3-son tug‘ruq majmuasi bosh vrachi Lola Hamrayeva bunday yuksak e'tibor uchun davlatimiz rahbariyatiga tashakkur bildirdi. Bo‘limning qayta tiklash va ta'mirlash ishlari amalga oshirilgani juda muhim voqea bo‘lganini qayd etib o‘tdi. U yilning sovuq fasllarida istilishi qiyin bo‘lgan palatalarda bo‘lajak onalarga sifatli yordam ko‘rsatish mushkul bo‘lib kelganini aytdi. Bu dargohga 15 yildan buyon tabiiy gaz kelmayotgan edi. Kuz-qish mavsumida bu muammo barchani qiynardi: palatalar sovib ketar, qahratonli kunlarda hattoki tug‘ruqxonani yopib qo‘yishga majbur bo‘lardik, dedi u.

Foto: Kun.uz

2017 yilda shahar sog‘liqni saqlash sohasi ehtiyojlariga avvalgi yilga nisbatan 5,4 foizga ko‘proq mablag‘ ajratilgan. Yangi obektlar qurish, mavjud poliklinikalarni kapital rekonstruksiyadan chiqarish, ularni zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan ta'minlash ishlari kelgusida ham davom ettiriladi. Bular haqida so‘zlar ekan, shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Olmos Elboboyev shahardagi So‘lim (sobiq Xishrav) shaharchasida 10-sonli oilaviy poliklinikaning yangi binosi qurilishi 2018 yilgi investitsiya dasturiga kiritilganini qayd etib o‘tdi. Farhod va Kimyogarlar shaharchasidagi oilaviy poliklinikalar filiallarini qurishni esa 2019 yilgi investitsiya dasturiga kiritish mo‘ljallanmoqda.

 

Toshpo‘lat Rahmatullayev fotosuratlari.

Top