17:40 / 04.01.2018
17073

O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Yagona tizim tashkil etilmoqda

Foto: FVV

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son Farmoni talablarini bajarish, tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shuningdek, ularning oqibatlarini monitoring qilish, axborot almashish va prognozlash tizimli olib borilishini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimini (keyingi o‘rinlarda Yagona tizim deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

2. Quyidagilar Yagona tizimning asosiy vazifalari etib belgilandi:

tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarga (keyingi o‘rinlarda favqulodda vaziyat deb ataladi) olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular bo‘yicha tizimli kuzatuv va nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;

favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash ma'lumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelganligi va oqibatlari to‘g‘risida doimiy va avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini ta'minlash;

favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning rivojlanish ehtimoli xususiyati va ko‘lamini oldindan prognozlashtirish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, ularning oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

3. Quyidagilar:

Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimining tashkiliy- funksional tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

4. Yagona tizim tuzilmasiga kiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari uch oy muddatda:

favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning yuzaga kelish xavfi ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda monitoring qilish, axborot almashish va prognozlash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqadilar va O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydilar;

Yagona tizim joriy etilishini hisobga olgan holda “Elektron hukumat” tizimi doirasida shakllantirilgan idoraviy axborot tizimlarining funksiyalarini takomillashtiradilar;

umumiy cheklangan shtatlar soni hamda byudjyetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida boshqaruv apparatlari, hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari tuzilmalariga Yagona tizim doirasida belgilangan vazifalarni bajarishga mas'ul mutaxassislar shtat lavozimlarini joriy etadilar.

5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda:

Yagona tizim tuzilmasiga kiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari orasida alohida himoyalangan axborot almashinuvi kanali tashkil etilishini va uzluksiz ishlashini;

Yagona tizimni “Elektron hukumat” tizimining markaziy ma'lumotlar bazalari va axborot tizimlari komplekslariga integratsiyalashni ta'minlaydi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi aloqador vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri R.M. Djurayev zimmasiga yuklandi.

Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Yagona tizim tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar (keyingi o‘rinlarda favqulodda vaziyatlar deb ataladi) monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash masalalarini hal etishga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining (keyingi o‘rinlarda FVDT deb ataladi) ajralmas qismi hisoblanadi.

Quyidagilar Yagona tizimning asosiy vazifalari hisoblanadi:

tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular bo‘yicha tizimli kuzatuv va nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;

favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash ma'lumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelganligi va oqibatlari to‘g‘risida doimiy va avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini ta'minlash;

favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning rivojlanish ehtimoli xususiyati va ko‘lamini oldindan prognozlashtirish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, ularning oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

Yagona tizimni FVDT doirasida xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash funksiyalarini bajaradigan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy davlat organlari va boshqa tashkilotlarning tuzilmalari (xizmatlar, tashkilotlar, inspeksiyalar, bo‘limlar, laboratoriyalar va boshqalar) majmuasi tashkil etadi. Yagona tizim respublika, mahalliy va obekt darajalariga ega.

Top