Jahon | 11:10 / 04.01.2018
5735
2 daqiqa o‘qiladi

Venetsiyada hind zeb-ziynatlari ko‘rgazmasidan qimmatbaho buyumlar o‘g‘irlandi

Foto: Reuters

Noma'lum kimsalar Venetsiyaning Dojlar saroyida tashkil etilgan hind zeb-ziynatlari ko‘rgazmasidan bir nechta qimmatbaho buyumni o‘g‘irlab ketishdi. O‘g‘irlangan buyumlar qiymati bir necha million yevroni tashkil qilishi mumkin.

O‘g‘irlik 3 yanvarda ertalab yuz bergan. Kuzatuv kameralari ikki jinoyatchi vitrinalardan birini ochib, signalizatsiya ishlaganiga qaramasdan voqea joyidan yashirina olganlarini qayd qilgan.

O‘g‘rilik ko‘rgazmaning oxirgi kuni amalga oshirilgan. Ko‘rgazmada Buyuk Mo‘g‘ullar davriga mansub, shayx al-Soniy kolleksiyasida saqlanuvchi 270 ta zeb-ziynat taqdim qilingandi.

Repubblica nashrining ma'lum qilishicha, o‘g‘rilar to‘g‘nag‘ich va ikkita zirak o‘g‘irlashgan. Bu buyumlarning deklaratsiya qilingan narxi 30 ming yevroni tashkil qiladi, biroq asl narxi bir necha million dollarga yetishi mumkin.

Venetsiya politsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘g‘rilik unda shubha tug‘dirayotganini aytgan. U zeb-ziynatlar saqlangan vitrina bunchalik oson ochilgani va trevoga signali kechikish bilan yangraganini aniqlamoqchi.

O‘g‘rilikning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun Rimdan mutaxassislar chaqirtirilgan. Shuningdek, o‘z navbatida ko‘rgazma tashkilotchilari o‘g‘irlangan buyumlarning aniq narxini bilish maqsadida ularning suratlarini Londonga jo‘natishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid